O‘zbekiston | 08:42 / 27.07.2021
7076
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiyadan qaytmoqchi bo‘lganlarda virusga testi natijasi musbat chiqayotganlar soni keskin oshib bormoqda

Foto: KUN.UZ

Bosh konsulxonaga murojaat qilayotgan fuqarolar orasida Turkiyaga sayyoh bo‘lib kelib, ma'lum bir muddatdan so‘ng O‘zbekistonga qaytmoqchi bo‘lganlarning COVID-19 testlari natijalari musbat chiqayotganlar soni keskin oshib bormoqda. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar qildi.

Konsulxona xabariga ko‘ra, Turkiyaning tegishli vazirlik va idoralari bayonnomalariga muvofiq, COVID-19 kasalligidan sug‘urtalangan chet el fuqarolari tibbiyot muassasalarida bepul davolanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Virusning yengil shakli bilan kasallangan sayyohlar 10-14 kun davomida mehmonxonalarning maxsus xonalarida saqlanadi va xarajatlar sug‘urta hisobiga qoplanadi.

Sug‘urtaga ega bo‘lmagan sayyohlar mehmonxonada turar joy uchun to‘lovni o‘z hisobidan qoplaydi yoki hududlardagi maxsus bepul karantin markazi (asosan talabalar yotoqxonalari)ga yuboriladi. Misol uchun, Istanbul shahrida Maltepa tumanida joylashgan “Mimar Sinan” nomidagi yotoqxona karantin markazi sifatida xizmat qiladi. 

COVID-19’ga chalingan sayyohlarning bepul karantin markaziga joylashtirish masalasi viloyat gubernatorligi tomonidan belgilanadi. O‘z o‘rnida, Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, yangi o‘quv mavsumi boshlanishiga tayyorgarlik munosabati bilan yaqin davrda ushbu markazlar yopilishi kutilyapti.

COVID-19'ga chalingan shaxslar 10-14 kundan so‘ng PZR testini qayta topshirishi va test natijasi manfiy chiqqan taqdirda uchib ketishi mumkin bo‘ladi. Virusni yuqtirgan davrdan to to‘liq tiklanishgacha bo‘lgan jarayon Turkiyaning “Hayat Eve Sığar” (HES-kod) dasturi orqali nazorat qilinadi.
 
“Yuqoridagilarni inobatga olib, Bosh konsulxona yana bir bor Turkiyaga kelishni rejalashtirgan fuqarolarimizga tibbiy sug‘urta rasmiylashtirishni tavsiya qiladi hamda sug‘urta agentlaridan koronavirus yuqtirish holatlarida aniq harakatlar tartibini o‘rganishga chaqiradi”, deyiladi konsulxona ma'lumotida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid