«Baliq boshidan sasiydi» deya sarlavha qo‘yilgan postda yuqori idoralardan bu hodisa bo‘yicha to‘liq hisobot berilishi so‘ralgan, buyruq berganlarning ism-sharifi, lavozimi ochiqlanishi va ularga qat'iy jazo chorasi qo‘llash kerakligi, eng birinchi bo‘lib topshiriq bergan odamni tizimdan butunlay, bir umrga haydash kerakligi ta'kidlangan.
«Toshkent» telekanalidagi lavhani ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Olmaliq shahrida 01 584 AAA raqamli qora «Malibu»ni YPX inspektori to‘xtatadi. Kamar taqmagani uchun jarima yoza boshlaydi va ishonchnoma hamda tonirovka ruxsatnomasini so‘raydi. Shu payt ratsiya orqali kimdir kimgadir aloqaga chiqib, «xodimni ushlab turishgan ekan, rahbarlardan, shundoq aloqaga chiqing, qo‘yvorishsin» deb topshiriq berdi. Topshiriqni olgan «101» esa inspektorga aloqaga chiqib, «Ko‘p gapirmasdan, yaxshi yetib oling deb qo‘yib yubor» dedi.
E'tibor bering, topshiriq berganlarning birortasi nima qoida buzgan, deb so‘ramadi. «Qo‘yvor» dedi bo‘ldi. U mastmi, chakvoganmi, odam urganmi, hujjati joyidami, farqi yo‘q. Telefon bo‘ldimi, qo‘yib yuborish kerak, tamom.
Inspektor bechoraning ham oilasi, bola-chaqasi bor, boz ustiga harbiylashgan tizimlarda yuqoridan berilgan topshiriq muhokama qilinmaydi, «tushundim sizni» dedi-yu, qo‘yib yubordi. Ammo jurnalistlarga qarab alam bilan «chiqarasizlarmi buni?» deb so‘radi.
Nega alam bilan? Chunki inspektorlar ham qoidabuzarlarning yonini oladigan hojatbaror rahbarlarning noqonuniy topshiriqlaridan to‘yib ketgani aniq. Axir hammamiz yaxshi bilamizku, GAIga tushib qolsa, bitta telefon bilan chiqib ketish O‘zbekistonda «moda»ga aylangan. Va bu faxrlanadigan ish. Choyxonalarda o‘rtoqlariga maqtanib aytib beriladigan voqea bu. Qolganlar ham uning tanishlari naqadar kuchli ekanligini eshitib, havas qiladi. Menda ham shunaqa tanish bo‘lsa-yu, bitta telefon bilan istalgan muammomni hal qilsam, deb orzu qiladi.
Xo‘sh, O‘zbekiston qachongacha tanish-bilishlar davlati bo‘ladi? Tanishi bo‘lsa telefon qilgani ham mayli, ammo YPX xizmatidagi rahbarlar nega bunaqa qoidabuzarlarning oldiga tushadi?
O‘sha rahbarlarni gapirtirsa, xalq YPX inspektorilarini yomon ko‘radi, bizga ishonmaydi, bizga hurmatsizlik qiladi, deb nolishni biladi. Lekin buni avvalo o‘zlari boshlab berishadi.
Tepadagi qo‘ng‘iroqlardan o‘lgudek qo‘rqadigan rahbarlar, qani aytinglarchi, sizlar kechayu kunduz issiqda xalq xizmatida bo‘lib turgan o‘z xodimlaringizni mana shunday botqoqqa botirishga, ularni qaysidir «krutoy»larning oldida sharmanda qilishga uyalmaysizlarmi? Vijdoningiz qiynalmaydimi?» deya savollar qo‘yadi bloger.

















