15 fevral kuni IIV Jazoni ijro etish departamentining Olmaliq shahridagi 14-sonli jazoni ijro etish koloniyasidan 21 yoshli mahkum Muhammadqodir Po‘latovning jasadi chiqdi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha «Ezgulik» jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov Facebook sahifasida ma’lum qildi.
«Gazeta.uz» mazkur holat bo‘yicha marhumning onasi Nigora Qambarova bilan suhbatlashgan.
Nigora Qambarovaning aytishicha, to‘rt qizdan keyin tug‘ilgan yagona o‘g‘il farzandi Muhammadqodir Po‘latov 2024 yilning avgust oyida Farg‘ona shahridagi savdo do‘konlarining birida bezorilik holatiga aralashib qolgan. Tergov jarayonlari to‘rt oy davom etgach, dekabr boshida o‘g‘li uch yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
«Do‘konga yetkazilgan barcha zararni qopladik. Do‘kon egasi va voqea guvohlari da’voim yo‘q, degan bo‘lsa-da, lekin davlat da’vogar bo‘ldi va o‘g‘lim uch yilga qamaldi. Dekabr boshida Toshkentga olib ketishdi. 10–15 kunlik karantindan so‘ng Olmaliqdagi 14–sonli koloniyaga joylashdi. Shu yilning 26 yanvar kuni o‘g‘limning tug‘ilgani kunini birga nishonladik. 24–26 yanvar kunlari uzoq muddatli uchrashuvda bo‘ldik, uch kun farzandim bilan birga koloniya hududidagi mehmonxonada juda chiroyli yashadik. O‘sha vaqtda o‘g‘lim sog‘lig‘idan umuman shikoyat qilgani yo‘q. 9 yoshidan beri sport bilan shug‘ullangani uchun har doim sog‘lom yurardi, kasal bo‘lganini umuman eslolmayman. „Yoz oxirlarida ozodlikka chiqsam, to‘yim bo‘ladi. Ungacha kelin topib turing, hammasi yaxshi bo‘ladi“, degan edi. Bu o‘g‘lim bilan so‘nggi uchrashuv va suhbatimiz bo‘ldi. O‘shandan beri qo‘ng‘iroq orqali ham gaplashganimiz yo‘q», — deydi marhumning onasi.
Onaning so‘zlariga ko‘ra, Muhammadqodir Po‘latov vafoti haqidagi xabar oila a’zolariga 15 fevral kuni ertalab soat 07:00 larda telefon orqali ma’lum qilingan.
«O‘g‘lim 14 fevral kuni kasal bo‘lgan ekan. Juma kuni kechasi joni uzilgan, deyishdi. Ertalab o‘rnidan turganida ko‘ngli aynib, qusgan va uni reanimatsiyaga olib borishgan ekan. Nahotki farzandim jonlantirish stoliga yotqizilgan paytda biz, yaqinlariga xabar berish mumkin bo‘lmasa? Ekspertizaga olib borib, jasadini yorib, hamma joyini choklab, morgga topshirishganidan so‘ng bizni xabardor qilishdi. Shu holatning o‘ziyoq menda shubha uyg‘otyapti», — deya qo‘shimcha qildi u.
«Farg‘onadan to‘g‘ri Toshkentdagi morgga bordik. O‘g‘limning jasadini tayyor qilib, o‘rab qo‘yishgan ekan. O‘sha yerda bir ichki ishlar xodimini ko‘rdim. U o‘zini koloniya rahbarining o‘rinbosari Bahrom deb tanishtirdi. Aytishicha, farzandim ertalab o‘rnidan turib qusgan, keyin shifoxonaga olib borishgan. „Shaxsiy mashinamda shifoxonaga olib bordim, dori-darmonlarini qilib berdim, qo‘limdan kelgan hamma narsani qildim. Lekin tungi soat 12 larda o‘g‘lingizni joni uzildi“, deb baribir o‘zini oqladi ichki ishlar xodimi», — deydi Nigora Qambarova.







