Kecha saytimizda «3 xorijlik tadbirkor 1 o‘zbek tadbirkorini ayblamoqda. Kim haq?» sarlavhali surishtiruv e'lon qilindi. Unda Buyuk Britaniya, Xitoy va Eron fuqarolari bo‘lgan uch investor O‘zbekistonda huquqlari poymol bo‘layotgani, hech bir mutasaddi idora ularning shikoyatlarini ko‘rib chiqmayotgani, o‘zbekistonlik hamkor tadbirkor reyderlik yo‘li bilan ularning biznesini egallab olishga uringani, olgan pullarini qaytarmayotgani, shartnoma shartlariga rioya qilmayotgani aytilgandi.

Xo‘sh, ularning iddaolari qanchalik haqiqat? Birinchi lavha so‘nggida xulosa qilishga shoshmaslikni so‘rab, surishtiruvimizning ikkinchi qismida ikkinchi tomon keltirgan dalillar, qolaversa, Kun.uz aniqlashga muvaffaq bo‘lgan ma'lumotlarni taqdim etishimiz aytilgandi.

Alohida ta'kidlashni istardikki, Kun.uz tahririyatiga birinchi bo‘lib xorijlik tadbirkorlarning advokati keldi, muammo nimaligini aytib, hujjatlarni taqdim etdi. Shu bilan jurnalistik o‘rganishimiz boshlandi. So‘ngra, tadbirkorlarning o‘zlari kelib intervyu berishdi. Ularning so‘zlaridan so‘ng, Ulug‘bek Rasulovni kimdir qo‘llab-quvvatlamoqda, degan xulosaga kelgan edik.

Ammo, xolis bo‘lish qoidasini saqlagan holda biz ikkinchi tomon bilan bog‘landik. Ular ham masalani xolisona o‘rganish zarurligini, ularni ham hech kim eshitmayotganini ta'kidlashdi hamda uchala tadbirkorning ham da'volarini rad etadigan dalillar mavjudligini aytishdi.

Bugun uch tadbirkor ayblagan tomon, ya'ni «Orient Ceramic» MChJ dalillari, shuningdek, Kun.uz ixtiyoriga kelib tushgan boshqa ayrim ma'lumotlar taqdim etilmoqda. Bundan tashqari, 3 xorijiy investor taqdim etgan hujjatlardagi raqamlar yuzasidan Kun.uz aniqlagan ma'lumotlar keltiriladi.

Dastlab, «Orient Ceramic» MChJ vakillariga so‘z beramiz. Korxona advokatlaridan biri Sherzod Abduraimov voqealar rivoji haqida so‘zlar ekan, «Stroyservis» MChJ qo‘shma korxonasi (21 foiz ulush Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tegishli – tahr.) «Orient Ceramic» MChJ bilan o‘z ulushini sotish bo‘yicha dastlabki kelishuvga 2020 yil 15 iyunda erishganini bildirdi.

Sherzod Abduraimov