Kun.uz saytiga O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi uch xorijiy investordan murojaat kelib tushdi. To‘g‘risi, bu holat dastlab bizni anchagina shoshirib qo‘ygani ham rost.

Murojaat qiluvchilarning biri Buyuk Britaniya fuqarosi bo‘lib, Toshkentning Sergeli tumanida yirik g‘isht zavodiga egalik qiladi. Xitoylik investor esa O‘zbekistonda bir nechta korxona faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Eron Islom Respublikasidan kelgan sarmoyador kafel ishlab chiqarish zavodining asosiy ulushdori hisoblanadi.

Masalaning eng ajablantiradigan jihati shundaki, tadbirkorlarning uchalasi ham aynan bir o‘zbekistonlik tadbirkor ustidan shikoyat qilishmoqda.

Iddaolarning umumiy mazmuni quyidagicha: reyderlik usulida egallab olishga urinish, sarmoyaga tikilgan pulni qaytarib bermaslik va o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlarda binolar qurish.

Maqolamizning birinchi qismida xorijlik tadbirkorlar so‘zlariga quloq tutamiz.

Investorlar nimadan norozi?

Intervyu, Van Sin Min, tadbirkor (XXR)

 «Mening ismim Van Sin Min. Xinjiang Baoyi xalqaro savdo kompaniyasi vakiliman. 2016 yilda biz sopol plitalar ishlab chiqaruvchi Toshkent qurilish materiallari kombinatiga sarmoya kiritganmiz», – deb so‘z boshladi Van Sin Min.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha vaqtda korxona bankrotlik yoqasiga kelib qolgan hamda juda yomon ahvolda bo‘lgan.

«Ishchilar ishsiz edi. 2016 yil yanvarida investitsiya kelishuvi imzolangach, zavodni ta'mirlab, texnik jihatdan yangiladik. Ikkinchidan, biz zavodda ishni boshqarish va xizmat ko‘rsatish uchun 30 kishilik jamoani yo‘naltirdik. Yana Xitoydan 1 mln AQSh dollariga teng uskunalar va xomashyo jo‘natdik», – deydi tadbirkor.

Xitoylik tadbirkorning aytishicha, 3 oylik ishlardan so‘ng, 2016 yil may oyida korxona ishlab chiqarishni boshlagan. Har kuni bu yerda qiymati 20 ming AQSh dollari bo‘lgan 7 ming m2 mahsulot ishlab chiqilgan. Bir yarim yil mobaynida shu tarzda ishlab chiqarish davom etgan va jami ishlab chiqarilgan mahsulotlar qiymati 10 mln AQSh dollaridan ortiqni tashkil etgan.