Jahon | 13:47 / 09.08.2021
6987
3 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonning BMTdagi elchisi toliblarni IShID va «Al-Qoida» bilan aloqada aybladi 

«Tolibon» harakati «bitta o‘zi harakat qilmayapti». Bu haqda Afg‘onistonning BMTdagi elchisi G‘ulom Isoqzoy juma kuni BMT Xavfsizlik kengashining Afg‘onistondagi vaziyatga bag‘ishlangan maxsus yig‘ilishida ma'lum qildi.

U kengashga mamlakatda «Al-Qoida» va IShID kabi 20ta turli xil guruh vakillari bo‘lgan o‘n mingdan ortiq xorijiy jangarilar borligi to‘g‘risida xabar berdi.

«IShIDga qasamyod qilgan turli harakatlar Faryob, Juzjon, Tahor va Badaxshon viloyatlarida «Tolibon» bilan birga jang qilgani bo‘yicha dalillar tobora ortib bormoqda. Ular hozirda oilalari bilan «Tolibon» nazorati ostidadir», dedi Isoqzoy. 

«Tolibon» va bu transmilliy terrorchi guruhlar o‘rtasidagi aloqa bugungi kunda avvalgidan ham kuchliroq darajada bo‘lib turibdi», deya ma'lum qildi u. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, toliblarning harakatlari nafaqat Afg‘onistonga, balki butun mintaqadagi vaziyatga ham tahdid soladi.

«Afg‘onistonda bo‘layotgan voqealar - bu fuqarolar urushi emas, balki jinoyat urushi, uyushgan jinoyatning afg‘on xalqiga qarshi urushi», deya ma'lum qildi Isoqzoy.

U, shuningdek, Afg‘oniston rasmiylari Pokiston «Tolibon» harakatini qo‘llab-quvvatlayotgani haqidagi dalillarni BMT Xavfsizlik kengashiga taqdim etishga tayyorligini bildirdi. Ta'kidlanishicha, toliblar Pokistondan yordam olyapti, u yerdagi shifoxonalarda davolanyapti, harbiy amaliyotlarga tayyorgarlik ko‘ryapti, dafn marosimlarini o‘tkazyapti va pul yig‘yapti.

O‘z navbatida, BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishidan keyingi matbuot anjumanida chiqish qilgan Pokistonning BMTdagi doimiy vakili Munir Akrom Pokiston «Tolibon» harakatiga o‘z hududidan Afg‘onistonga hujum qilish imkoniyatini yaratib bermayotgani haqida ma'lum qildi.

«Biz buni butunlay rad etamiz. Pokiston o‘z hududida terrorchi guruhlarni yo‘q qildi. Pokistonda ular uchun boshpana yo‘q. Bizning Afg‘oniston bilan chegaramiz 97 foiziga panjara o‘rnatilgan va bu odamlarning nazoratsiz harakatlanishiga yo‘l qo‘ymaydi», dedi Akrom.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid