Pokiston xavfsizlik kuchlari yakshanba kuni Pokiston-Afg‘oniston chegarasi bo‘ylab quruqlik va havo operatsiyalarini o‘tkazdi. Tadbirda kamida 29 nafar jangarini yo‘q qilingani aytilmoqda.

Pokiston axborot vaziri Attaulla Tarar dushanba tongida quruqlikdagi hujumlarda «Jamoat-ul-Ahrar» guruhiga aloqador to‘rt nafar jangari o‘ldirilganini bildirdi. Ushbu guruh Pokiston Tolibonining qanoti (fraksiyasi) hisoblanadi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Paktiya, Paktika va Kunar viloyatlaridagi uchta nishonga berilgan havo zarbalari natijasida 25 nafar jangari yo‘q qilingan. Shuningdek, «ko‘p miqdorda qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar» yo‘q qilingan.

Tarar o‘z postida Pokiston «so‘nggi paytlarda sodir etilgan bir qancha terroristik hodisalar»ga javob qaytarganini ta’kidladi.

Pokiston harbiylarining shanba kungi bayonotiga ko‘ra, «Jamoat-ul-Ahrar» guruhining Karachidagi «Sind Reyndjyers» obektiga uyushtirgan bomba va o‘qotar qurollardan iborat hujumi oqibatida uch nafar harbiylashtirilgan askar halok bo‘lgan va to‘rt kishi jarohatlangan.

«Tolibon» tinch aholi qurbon bo‘lganini aytdi

Afg‘onistonning «Tolibon» hukumati matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid ushbu «qo‘rqoqona harakat»ni qoralab, uni «jinoyat va vahshiylik» deb atadi.

«Hujumlar oqibatida o‘nlab tinch aholi, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘ldi va jarohatlandi. Biz ushbu qo‘rqoqona tajovuzkorlik harakatini keskin qoralaymiz hamda buni jinoyat va shafqatsizlik deb hisoblaymiz», dedi Zabihulloh.

2026-06-29 13.44.18
Foto: Reuters

«Tolibon» rasmiylari BBC'ga kamida 100 kishi halok bo‘lgani yoki yaralanganini ma’lum qildi. So‘nggi hujumlarda Pokiston va Tolibon hukumatlari tomonidan da’vo qilingan qurbonlar sonini mustaqil ravishda tasdiqlash imkonsiz.

Pokicton-Afg‘oniston mojarosi

Pokiston uzoq vaqtdan beri Afg‘onistonni o‘z hududida hujumlar uyushtiradigan terrorchilarga boshpana berishda ayblab keladi, «Tolibon» hukumati esa bu da’voni rad etadi.