Sport | 11:55 / 09.08.2021
13078
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyalik sportchi olimpiada marafoni vaqtida suv solingan idishlarni ataylab ag‘darib ketdi (video)

Fransiyalik marafonchi Murxad Amduniy Tokio olimpiadasi marafoni vaqtida ishtirokchilar uchun qator qilib taxlab qo‘yilgan suv solingan butilkalarni ataylab ag‘darib ketdi. Taxminlarga ko‘ra, u orqasidan kelayotgan boshqa yuguruvchilar butilkalarni ololmasligi uchun shunday qilgan.

Biroq Amduniy ushbu ishidan keyin o‘zi uchun qator oxiridagi oxirgi butilkani olishdan uyalmadi.

Sportchining bu qilmishi ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘ldi.

Ta'kidlanishicha, voqea marafon masofasining 28-kilometridagi suv tarqatish joylaridan birida yuz bergan.

Yaponiyada 30 daraja harorat va 80 foizdan yuqori namlikdagi og‘ir sharoitlarda marafon ishtirokchilarining 25 foizdan ko‘prog‘i belgilangan masofadan barvaqt chiqib ketishga majbur bo‘ldi.

Shu sababli har bir sportchi uchun organizmda gidratatsiya – suv miqdorini tegishli darajada ushlab turish hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan.

Amduniy natijada marafonni 17-o‘rinda yakunlagan. G‘alabaga esa keniyalik Eliud Kipchoge erishdi. U 42 kilometrlik masofani 2 soat 8 daqiqa 38 soniyada yugurib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. 2-o‘rinni Niderlandiya vakili Abdi Nageyye (2:09:58), 3-o‘rinni belgiyalik Bashir Abdi (2:10:00) egalladi.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid