1 avgustdan boshlab, O‘zbekiston telekanallarida xorijiy seriallar o‘rniga faqat milliy seriallarni namoyish etish tartibi kuchga kirdi. Bu haqdagi qaror Hukumat komissiyasining 2021 yil 28 yanvardagi yig‘ilishiga oid 135-son bayonida aks etgan.

Xo‘sh, axborot siyosatidagi taqiqlar zanjiriga kelib qo‘shilgan bu yangi cheklov qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin? Nima uchun aynan bu masalada ham taqiqlash yo‘lidan borilmoqda? Bunday holat dunyo mamlakatlari tajribasida uchraydimi o‘zi? Umuman, Konstitutsiya va sohaga oid qonunchilikka bu qay darajada mos?

Kinoshunos Otabek Tillayev Kun.uz'ga taqdim etgan maqolasida shu mavzuda atroflicha so‘z yuritadi.

Nega taqiqlarga yopishib olyapmiz?

Texnika-texnologiya yuqori cho‘qqiga ko‘tarilgan bir davrda yashayapmiz. Shunday sharoitda ziyolilar qatlami televideniye orqali namoyish etiladigan teleseriallarning jamiyatga ta'siri masalasida fikr-mulohaza bildirishi, o‘zaro bahsga kirishishi tabiiy bir hol.

Aslida, xorijiy seriallarning muayyan millatga ta'siri masalasi u qadar yangi mavzu emas. Xalqaro miqyosda tarqatiladigan teledasturlarning, ayniqsa, dramatik asarlar va seriallarning tomoshabinlar milliy madaniyatiga ta'siri masalasi 1960 yillardan e'tiboran muhokama mavzusiga aylana boshlagan. 90 yillarning oxiriga kelib esa xalqaro aloqalar sohasida bu masalaga bag‘ishlangan qator tadqiqotlar paydo bo‘ldi.

Umumiy nuqtayi nazardan, ushbu tadqiqotlarda dasturiy sanoat rivojlangan G‘arb mamlakatlaridan, xususan, AQShdan «rivojlanayotgan» yoki «kam rivojlangan» mamlakatlarga bir yo‘nalishda intensiv dastur oqimining ta'siri «modernizatsiya» va «qaramlik» (1960-yillar), «madaniy imperializm» (1970-yillar), «o‘zaro globallashuv» (1980-yillar) va «madaniy homogenizatsiya» va «amerikalashtirish» (1990-yillar) tushunchalari bilan bog‘liq holda ko‘rib chiqiladi.

UNESCO soyaboni ostida tashkil etilgan «Yangi dunyo axborot va kommunikatsiya tartibi»ni yaratishdan ko‘zlangan maqsad ham madaniy tijoratda G‘arb gegemonligining oldini olish va shu tariqa rivojlanayotgan mamlakatlarning milliy o‘ziga xosligini saqlab qolish edi.

Xuddi shunday, O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng davlat va xususiy telekanallar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi, efir soati tarkibiy xilma-xilligini ta'minlash va auditoriyaning talab-ehtiyojlariga e'tibor qaratilishi ortidan xorijiy seriallarning efir hajmi sezilarli darajada oshib bordi.