Biz qishloq xo‘jaligida suvning isrofi tufayli butun bir dengizdan mahrum bo‘lgan xalqmiz. Afsuski, sobiq ittifoq paytida bebiliska ishlatilgan suv o‘tgan asrning oxirlarida bizga ayanchli qismatni taqdim etdi – Orol dengizining qurishi oqibatida O‘zbekistonning katta qismi cho‘llashishga mahkum bo‘ldi. Bu jarayon hanuz davom etayotgani haqida takror va takror bong uryapmiz, biroq amalda obi hayotni tejash, undan samarali va oqilona foydalanish bobida oqsayapmiz.

Suv sarfi ko‘lami, ayniqsa behuda oqib ketayotgan suv ko‘lami shunchalar kattaki, uni kichik raqamlarda ifodalash imkonsiz. Million, milliardlab kub suv shunchaki oqizib yuboriladi. Saytimiz orqali bu daf'a shahardagi sug‘orish tizimi kamchiliklariga to‘xtalamiz. Bu – biz har kuni ko‘rib, bilib, indamay o‘tib ketayotgan muammo. Negadir bunga deyarli hech kim e'tibor qaratmayapti.

Birgina poytaxt misolida oladigan bo‘lsak, yashil hududlarni sug‘orish uchun ma'nan eskirgan texnologiyalardan foydalanilishi oqibatida bir mavsumda salkam 26 million kub suv ishlatilar ekan. Bu – Toshkent shahar obodonlashtirish boshqarmasi taqdim etgan raqamlar. Bu raqamlar qanchalik aniqligini bilmadik, ammo taxminimizcha, suv sarfi bundan-da ko‘proq bo‘lsa kerak. Negaki, aholi ishlatayotgan suv manbalari, o‘zboshimchalik bilan qazib olingan quduqlar bu statistikaga kirmagan.

Shahar bo‘ylab harakatlanar ekansiz, taxminan aprel oyidan boshlab to oktyabrgacha ko‘chalarda suv oqib yotganini ko‘rasiz. Ayrim joylarda suv daryo bo‘lib oqayotgani uning kolossal sarfidan tashqari aholiga noqulaylik tug‘dirishi ham bor gap. Mana shunaqa ko‘lmak va “daryo”larni kechib o‘tishga qiynalayotgan odamlar-u suvni sachratib o‘tayotgan avtomobillar dilingizni xira qiladi.

Yarim soatgina sug‘orish mumkin bo‘lgan joylarda 5-6 soatlab ochib qo‘yiladigan sug‘orish tizimiga javobgar shaxslarning mas'uliyatsizligidan kuyunamiz. Buning tartibi bormi? Bor bo‘lsa u qanday? Biz ko‘rsatuvimizda mana shu savollarga javob olish uchun Obodonlashtirish boshqarmasi mas'ullari va Davlat geologiya qo‘mitasi mutasaddisi bilan suhbatlashdik. Suhbatdan anglashiladiki, yerosti suvlari sarfini optimallashtirishga muhtojmiz. Va buni zudlik bilan amalga oshirish zarur.