Jahon | 23:38 / 15.08.2021
105924
10 daqiqa o‘qiladi

Dunyo davlatlari «Tolibon»ning Afg‘onistondagi g‘alabasiga qanday munosabatda bo‘lmoqda?

Qator davlatlar fuqarolarini va diplomatik missiyalari xodimlarini evakuatsiya qilmoqda, aviakompaniyalar Afg‘oniston hududini aylanib o‘tib ucha boshladi, Rossiya o‘tish davri hukumati bilan hamkorlik qiladi.

Foto: Wakil Kohar / AFP / Scanpix / LETA

15 avgust kuniga kelib «Tolibon» harakati Afg‘oniston hududlarini to‘liq egalladi va amalda hokimiyatni qo‘lga oldi. Bu AQSh o‘z qo‘shinlarini ushbu mamlakatdan olib chiqishidan bir necha hafta o‘tib ro‘y berdi (ular bu yerda 20 yil davomida bo‘lishdi). Amerika hukumati Kobuldan diplomatlarini evakuatsiya qilmoqda — G‘arbning boshqa ko‘plab davlatlari qatori; Rossiya esa elchixonasini yopmasligi va o‘tish davri hukumati bilan hamkorlik qilmoqchiligini ma'lum qildi, garchi «Tolibon» RFda terrorchi tashkilot sifatida tan olingan bo‘lsa ham. «Meduza» Afg‘onistonda yakshanba kuni ro‘y bergan voqealarga dunyo mamlakatlari qanday reaksiya qilganini ko‘rib chiqdi.

Toliblarning Qandahordagi patruli, 15 avgust. EPA / Scanpix / LETA

Afg‘oniston
2014 yildan buyon mamlakatni boshqarib kelgan prezident Ashraf G‘ani prezidentlik saroyini tark etib, Tojikistonga uchgan.

Ungacha mamlakatning avvalgi prezidenti Hamid Karzay o‘z oilasi bilan Kobulda qolishini ma'lum qilgandi. U ziddiyatni tinch yo‘l bilan hal etishga chaqirgan. «Kobulning hurmatli fuqarolari! Men siz bilan shu yerda qolmoqchiman, oilam, qizlarim, bolalarim ham shu yerda qoladi. Umid qilamanki, mamlakatimiz va poytaxtimiz taqdiri tinch yo‘l bilan, muzokaralar orqali hal etiladi», deya yozgan u feysbukdagi sahifasida. «Biz afg‘on muammosi „Tolibon“ bilan muzokaralar, birodarlik va vatanparvarlik asosida hal etilishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz», deya qo‘shimcha qilgan u.

Afg‘oniston mudofaa vaziri, general Bismilla Muhammadiy Kobul aholisini ular xavfsizlikda ekaniga ishontirishga uringan: «Men barchangizni Kobul xavfsizligi ta'minlanishiga ishontiraman», degan u yakshanba kungi chiqishida. «Xalqaro kuchlar afg‘on xavfsizlik kuchlari va mudofaa kuchlari bilan hamkorlik qilishga tayyor», deya qo‘shimcha qilgan u.

AQSh
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken toliblarning yurishi «kutilganidan tezroq kechgani» haqida gapirgan. Ammo, uning fikricha, AQShning Afg‘onistondan olib chiqilishi qarori o‘zini oqlagan: «U yerda kuchlarimizni qoldirib ham status-kvoni  (urushgacha bo‘lgan holat) saqlab qolish mumkinligi haqidagi g‘oya shunchaki yanglish fikr», degan Blinken CNN korrespondentiga. U AQShning endigi asosiy maqsadi — barcha amerikaliklarni mamlakatdan xavfsiz sharoitda olib chiqish ekanini qo‘shimcha qilgan. «Biz toliblardan hech narsa so‘ramadik [evakuatsiya uchun]. Biz agar ular bu jarayonga aralashsa, bizning tomonimizdan tezkor va qat'iy javob bo‘lishini aytdik».

AQShning Kobuldagi ishonchli vakili Ross Uilson Yashil hududdagi Amerika elchixonasini tark etib, shahar aeroportiga kelgan. Aeroportga elchixona binosidan yechib olingan AQSh bayrog‘i ham keltirilgan, uni AQShga olib qaytishadi.

Avvalroq AQSh prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod AQSh fuqarolari to‘liq evakuatsiya qilinmaguncha, «Tolibon» jangarilari Kobulga kirmasligini talab qilgandi. CNN manbasi xabariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar elchixonasining barcha xodimlari olib chiqilishi 17 avgust kuni tongda yakunlanishi rejalashtirilgan.

Pokiston
Pokiston TIV 15 avgust kuni murojaat bilan chiqdi, unda mamlakat «Afg‘onistondagi voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib borayotgani» ma'lum qilingan. «Biz umid qilamizki, Afg‘onistondagi barcha tomonlar bu ichki siyosiy inqirozni hal qilish uchun birgalikda ish olib borishadi», degan Pokiston TIV matbuot kotibi Zohid Hafiz Chaudri. «Pokistonning Kobuldagi elchixonasi pokistonliklarga, Afg‘oniston fuqarolariga, diplomatik va xalqaro jamoatchilikka konsullik ishi va Pakistan International Airlines parvozlari koordinatsiyasi bo‘yicha zarur yordamni ko‘rsatmoqda», deyilgan xabarda.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda Pokiston hukumati vakillari Afg‘onistonda hukumat almashinuvidan xursand ekanliklarini yashira olmayotgani aks etgan videolar tarqalgan.

Germaniya
Germaniya Kobuldagi elchixonasi xodimlarini Hamid Karzay nomidagi aeroportga ko‘chirgan. «Elchixona personali allaqachon aeroportga yetib keldi va ishga kirishmoqda», degan mamlakat tashqi ishlar vaziri Hayko Maas.

«Bugun xavf ostida qolgan xodimlar va boshqalarning xavfsizligini ta'minlash va Afg‘onistondan olib chiqish uchun tezkor choralar ko‘rish maqsadida Germaniya federal hukumati xavfsizlik xizmati xodimlari yig‘ilishini chaqirdim», deya qo‘shimcha qilgan u.

Germaniya elchixonadagilarni evakuatsiya qilishni dushanba kuni ham davom ettiradi.

Buyuk Britaniya
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligi hukumat fuqarolarga Afg‘onistonni tark etishda yordam ko‘rsatishini ma'lum qilgan. Xabarga ko‘ra, shu vaqtgacha xodimlar va ularning oila a'zolaridan iborat bo‘lgan 3300 kishi olib chiqilgan.

Bundan tashqari, vakillar palatasi yetakchisi Jyeykob Ris-Moggning CNN bilan suhbatda ma'lum qilishicha, britan parlamenti ta'tildan shoshilinch qaytadi — 18 avgust kuni Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilish uchun.

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Afg‘onistondagi vaziyat munosabati bilan hukumatning favqulodda yig‘ilishini chaqirgan.

Maxsus qo‘mita yig‘ilishida vazirlar, davlat xizmatlari departamentlari rahbarlari, politsiya vakillari, maxsus xizmatlar, razvedka xizmatlari va bosh vazir qatnashishi zarur deb bilgan boshqalar hozir bo‘ladi.

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi 15 avgust kuni Kobulga britan fuqarolari evakuatsiyasi uchun 600 nafar harbiy jo‘natdi. Suratda Kobulga yetib kelgan 16-havo-desant brigadasi harbiylari.
Leading Hand Ben Shread / Ministry of Defence / AP / Scanpix / LETA

Kanada
Kanada xavfsizlik nuqtayi nazaridan Kobuldagi elchixonasi faoliyatini to‘xtatgan. Tashqi ishlar vaziri, immigratsiya ishlar vaziri va mudofaa vaziri Kanada dipmissiyasi xodimlari hayoti birinchi o‘ringa qo‘yilishini bildirgan va xodimlar «Kanadaga sog‘-salomat qaytajagi»ni qo‘shimcha qilgan.

«Biz bugun afg‘on xalqi boshiga tushgan vaziyatdan g‘amga botdik», degan Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo. «Bu ayniqsa Afg‘oniston kelajagiga ishongan va ishonishda davom etayotgan kanadaliklarning qurbonliklarini hisobga olsak, yanada ahamiyatli. Biz ittifoqchilarimiz va xalqaro hamjamiyat bilan bu sa'y-harakatlarimiz behuda ketmasligi uchun hamkorlikni davom ettiramiz».

Fransiya
Fransiya hukumati ham elchixonasini Kobul aeroportiga ko‘chirib o‘tkazishga qaror qildi. «Fransiya afg‘on fuqarolik jamiyati, huquq himoyachilari, xavf ostida qolgan rassomlar va jurnalistlar himoyasi uchun barcha ishni qiladi. Ayni vaqtda Kobul aeroportidan viza berish imkoniyatini saqlab qolish ustida ishlanmoqda. Fransiya ozodlikni himoya qilganlar bilan birdamligini bildiradi», deyilgan Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Iva Le Drianning bayonotida.

Respublika mudofaa vazirligi bayonot berishicha, Fransiya yaqin vaqtlar ichida Afg‘onistondan fransuz fuqarolarini evakuatsiya qilish uchun Birlashgan Arab Amirliklariga ikki harbiy transport samolyoti yuboradi.

Rossiya
RF TIV xabariga ko‘ra, Rossiya diplomatlarini Kobuldan evakuatsiya qilmoqchi emas. Qayd etilishicha, Rossiya elchixonasi odatiy rejimda faoliyatini davom ettirmoqda, «Tolibon» boshqa davlatlar diplomatlari bilan bo‘lgani kabi, rossiyalik diplomatlarning ham xavfsizligini kafolatlagan. Shuningdek, Rossiyaning Kobuldagi elchixonasi shahardagi vaziyat keskinligicha qolayotgani, lekin shaharda janglar bo‘lmayotganini va dipmissiyaga tahdid yo‘qligini bildirgan. Keyinroq TASS agentligi Kobuldagi elchixonaga asoslangan holda, Rossiya Afg‘onistonning o‘tish hukumati bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ma'lum qildi.

Kreml saytida Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilish uchun qo‘ng‘iroqlashgani haqida xabar berildi.

Moskva hozircha toliblarni Afg‘onistonning qonuniy hukumati sifatida tan olmagan. «Barchasi o‘z vaqti bilan», deya izohlagan Rossiya TIVdagilar.

«Interfaks»ning yozishicha, Rossiya TIV Dohada «Tolibon» siyosiy ofisi rahbari mulla Abdulg‘ani Barodar bilan aloqa o‘rnatishni rejalashtirmoqda. 

16 avgust kuni Nyu-York vaqti bilan soat 10:00da (Toshkent vaqti bilan 19:00) BMT Xavfsizlik kengashi Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha shoshilinch yig‘ilish o‘tkazadi. Bu yig‘ilish Norvegiya va Estoniya tashabbusi bilan chaqirilmoqda.

Kobul aeroportidan xalqaro aviakompaniyalarning barcha yo‘lovchi reyslari vaqtincha bekor qilingan, bu haqda NATO vakili ma'lum qildi. Alyans kuchlari aeroport xavfsizligini ta'minlamoqda.

Hozirda aeroportdan faqat harbiy samolyotlar uchishiga ruxsat berilgan.

Britaniyaning British Airways aviakompaniyasi Afg‘oniston osmonidan uchib o‘tishni vaqtincha to‘xtatgan. Irlandiyaning KLM kompaniyasi rahbariyati ham shunday ko‘rsatma bergan, Bangkok va Singapur yo‘nalishida uchuvchi yo‘lovchilar Afg‘onistonni aylanib o‘tish zarurati tufayli parvoz vaqti uzayishidan ogohlantirilmoqda.

Mavzuga oid