Sport | 02:46 / 19.08.2021
38432
3 daqiqa o‘qiladi

«Shomurodovni tanimay bo‘ladimi» – Srechko Katanets O‘zbekistonga keldi va aeroportdayoq intervyu berdi

Foto: Hasan Pirmuhammedov

O‘zbekiston milliy jamoasi yangi bosh murabbiyi Srechko Katanets O‘zbekistonga yetib keldi. Istanbul – Toshkent yo‘nalishi bilan uchgan sloveniyalik murabbiy soat 01:30 da Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportga yetib keldi.

Aeroportdan chiqishda murabbiyni OAV vakillari, milliy jamoa fan-klubi, O‘FA rahbariyati va muxlislar kutib oldi. Murabbiy aeroportning o‘zida OAV vakillariga qisqacha intervyu berishga ulgurdi.

«Jahon chempionatiga chiqa olamizmi? Ungacha qiladigan ishlar ko‘p, kunlar, oylar ishlagach, nimadir deyish mumkin. Jahon chempionati juda yuqori natija. Asosiysi, sizda yaxshi futbolchilar bor.

Shomurodovni taniymanmi? Uni tanimay bo‘ladimi, u haqda tez-tez o‘qib turaman. «Roma»dek top jamoada o‘ynashi milliy jamoa va shaxsan men uchun ham yaxshi, albatta. Umid qilaman, Shomurodov Mourinoning jamoasida ko‘proq vaqt o‘yin amaliyotiga ega bo‘ladi.

Boshqa futbolchilarni ham e'tibordan chetga qoldirmaslik kerak. Men O‘zbekiston milliy jamoasini bilaman, bu yerda yaxshi futbolchilar bor.

Hujumkor o‘yin ko‘rsatamanmi? Menimcha, natija ko‘rsatadigan o‘yin qilish kerak. Mana, Italiya Yevropa chempionatida natija uchun o‘ynab, chempion bo‘ldi. Barchangizga rahmat, hali ko‘p gaplashamiz deb o‘ylayman», deb Katanetsning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lumot uchun, 58 yoshli Katanetsning oxirgi ish joyi Iroq milliy jamoasi bo‘lgan. U 2018 yil Iroq bilan Kuper boshchiligidagi O‘zbekistonni Toshkentdagi o‘rtoqlik o‘yinida mag‘lub etgan edi.

Katanets murabbiylik faoliyati davomida Sloveniya, BAA va Makedoniya milliy jamoasini ham boshqargan. Aynan uning murabbiyligida Sloveniya milliy jamoasi 2000 yil ilk marta Yevropa chempionatiga, 2002 yil ilk marta jahon chempionatiga chiqqan.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid