O‘zbekiston | 16:41 / 20.08.2021
8355
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Tadbirkorlar kuni belgilanib, ular uchun davlat mukofotlari ta'sis etiladi

Tadbirkorlar bilan muloqot qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev 6 soatdan ortiq davom etgan tadbir yakunida mazkur sana – 20 avgustni O‘zbekistonda Tadbirkorlar kuni deb e'lon qilishni taklif etdi.

“Joriy yildan boshlab, ish o‘rni yaratishda, innovatsiyalarni joriy qilishda, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lashda, eksport qilishda, yetuk mutaxassislar tayyorlashda barchamizga namuna bo‘ladigan biznes vakillari haqida har yili “Yilning ilg‘or tadbirkorlari” kitobi chop etib boriladi.

Bunday tadbirkorlarimizni munosib taqdirlash va rag‘batlantirish uchun alohida davlat mukofotlarini ham ta'sis etamiz. Bundan buyon tadbirkorlarning o‘z orden va medallari ham bo‘ladi.

Bugungi tajribamizdan kelib chiqib, ushbu uchrashuvlarni har yili tashkil etsak, buni yaxshi bir an'anaga aylantirsak, sizlarga ma'qulmi?

Shu munosabat bilan, bugungi sanani, ya'ni 20 avgustni mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” deb e'lon qilib, uni har yili yurtimizda keng nishonlasak, bu tashabbusga nima deysizlar?” – so‘radi prezident.

Bu taklif qarsaklar bilan kutib olingach, prezident so‘zlarini yakunladi:

“Qo‘llab-quvvatlaganlaringiz uchun, Sizlarga katta rahmat!

Endi, har yili aynan shu kuni, Prezidentning biznes vakillari bilan ochiq muloqoti o‘tkaziladi.

Barchamiz ana shu talab asosida ishlasak, mehnat qilsak, albatta mamlakatimizda tadbirkorlik mutlaqo yangi pog‘onaga ko‘tariladi.

Men bunga ishonaman va barchalaringizni mana shu yo‘lda o‘zaro birlashishga chaqiraman.

Aziz yurtdoshlarim!

Fursatdan foydalanib, Mustaqilligimizning 30 yillik qutlug‘ bayrami arafasida, barchangizga sihat-salomatlik va oilaviy baxt tilayman.

Yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lidagi ezgu va xayrli ishlaringizda, Sizlarga hamisha omad va zafarlar yor bo‘lsin. Barchalaringizga katta rahmat!”

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid