O‘zbekiston | 08:15 / 31.08.2021
23634
3 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar organlarining eng yaxshi xodimlari ustama oladigan bo‘ldi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Ichki ishlar organlarida eng yaxshi xodimlarni aniqlash bo‘yicha respublika tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Hujjat Prezidentning "Jamoat xavfsizligini ta'minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2021 yil 26 martdagi PF-6196-son farmoniga muvofiq qabul qilingan.

Prezidentning 26.03.2021 yildagi PF-6196-son farmoni bilan "Eng yaxshi hududiy ichki ishlar organi boshlig‘i", "Eng yaxshi profilaktika inspektori", "Eng yaxshi tergovchi", "Eng yaxshi tezkor xodim" nominatsiyalari bo‘yicha har yili respublika tanlovini o‘tkazish tartibi belgilangan. Eng yaxshi xodimlarni e'lon qilish 25 oktabr - Ichki ishlar organlari xodimlari kunini nishonlash chog‘ida e'lon qilinadi.

Nizom quyidagilarni nazarda tutadi:

tegishli nominatsiyalar bo‘yicha ichki ishlar organlarida eng yaxshi xodimlarni adolatlilik, xolislik, oshkoralik va kollegiallik prinsiplari asosida aniqlash;

tanlovning hududiy saralash va respublika final bosqichlarini o‘tkazish hamda g‘olib va sovrindorlarni aniqlash tartibi;

sinov natijalari asosida tashkiliy qo‘mitaning qarori bilan tegishli nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash tartibi hamda ularga beriladigan imtiyozlar.

Tanlovda ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi, tergov va tezkor-qidiruv faoliyati sohalarida kamida bir yil ish tajribasiga ega ichki ishlar organlarining xodimlari ishtirok etishi mumkin.

"Eng yaxshi hududiy ichki ishlar organi boshlig‘i" nominatsiyasi bo‘yicha hududiy ichki ishlar organi rahbarlik lavozimlarida kamida 2 yil amaliy ish tajribasiga ega ichki ishlar organlarining xodimlari ishtirok etishi mumkin.

Tanlovning respublika bosqichi g‘oliblari bir oylik pul ta'minotining 50 foizi miqdorida, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan xodimlar - tegishlicha bir oylik pul ta'minotining 20 foizi va 10 foizi miqdorida bir yil davomida moddiy rag‘batlantiriladi.

Ichki ishlar organlarida eng yaxshi xodimlarni aniqlash bo‘yicha respublika tanlovining tashkiliy qo‘mitasi tarkibi tasdiqlandi.

Tashkiliy qo‘mitaga tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarga vazirliklar va idoralar, boshqa davlat tashkilotlari vakillarini, OAV hamda keng jamoatchilikni jalb etish, xodimlarning tanlovga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish huquqi berildi.

IIVning Ma'naviy-ma'rifiy ishlar va kadrlar bilan ta'minlash departamenti tashkiliy qo‘mitaning ishchi organi hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid