O‘zbekiston | 19:47 / 31.08.2021
7140
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston uchun global inqirozning og‘ir damlari ortda qoldi - Shavkat Mirziyoyev

Aholining real yalpi daromadi 2016 yilga nisbatan 28 foizga o‘sgan.

Foto: Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi

Prezident Shavkat Mirziyoyev mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlangan bayramdagi nutqida O‘zbekiston uchun global inqirozning og‘ir damlari ortda qolganini aytib o‘tdi.

«Yaqinda tadbirkorlar bilan yangi formatdagi uchrashuv o‘tkazdik. Unda mamlakatimiz bo‘yicha 10 mingdan ziyod ishbilarmonlar qatnashdi.

Ochiq muloqotga tayyorgarlik doirasida 15 mingdan ortiq taklif va tashabbuslar atroflicha o‘rganilib, tadbirkorlar ko‘targan masalalar bo‘yicha amaliy choralar belgilandi. 

Biz milliy iqtisodiyotimizda haqiqiy bozor munosabatlarini joriy etish, shu asosda mamlakatimizni taraqqiy ettirish uchun tadbirkorlarga bundan buyon ham barcha sharoitlarni yaratib beramiz.

Nega deganda, tadbirkor – iqtisodiyotning, islohotlarimizning asosiy tayanchi va lokomotividir. Mana shu haqiqatni hech kim unutmasligi kerak», dedi davlat rahbari.

Bugungi kunda zamonaviy iqtisodiyotning eng istiqbolli sohasi bo‘lgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mamlakatda keng joriy etilayotganiga e'tibor qaratilgan.

«Shu maqsadda o‘nlab Ay-Ti parklar, kichik sanoat zonalari, soha uchun mutaxassislar tayyorlanad́igan o‘quv maskanlari, iqtidorli kompyuter dasturchilari uchun maxsus loyihalar tashkil etilmoqda.

Aholimizning katta qismi yashaydigan qishloq joylarini rivojlantirish va obod qilish, agrar sohaning samaradorligi va raqobatdoshligini oshirish, tarmoqda yangi ish o‘rinlari yaratish masalasi doimiy e'tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda.

Biz qishloq xo‘jaligida narxlar shakllanishiga davlat aralashuv́ini bekor qildik, paxta va g‘alla yetishtirishda davlat buyurtmasi tugatildi. 122 ta paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyati yo‘lga qo‘yilib, yuqori hosil olishga erishildi. Qishloq xo‘jaligini moliyalash tizimi qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Biz hududlarni tarmoqlar bilan birga kompleks rivojlantirish bo‘yicha yangi tizimni joriy etdik. Buning natijasida hududlarning moliyaviy imkoniyatlari kengayib, 2021 yilning o‘zida mahalliy dasturlar uchun qo‘shimcha 3 trillion so‘m mablag‘ shakllantirish imkoniyati paydo bo‘ldi», deydi prezident.

Davlat rahbari bundan buyon ham aholining daromadi va turmush darajasini muntazam yaxshilab borishga jiddiy ahamiyat qaratilishini ma'lum qildi.

«Bugun ishonch bilan ayta olamizki, O‘zbekiston uchun global inqirozning og‘ir damlari ortda qoldi. Iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanish sur'atini aholining real yalpi daromadi 2016 yilga nisbatan 28 foizga o‘sganida ham ko‘rish mumkin.

Hozirgi kunda nominal hisoblangan o‘rtacha oylik ish haqi 2,7 million so‘mni tashkil qilib, 2016 yilga nisbatan 2,1 barobarga oshirildi. Mana, yaqinda qabul qilingan farmonga binoan, mamlakatimizda 1 sentyabrdan ish haqi, pensiyalar, stipendiya va nafaqalar miqdorini yana oshirdik.

Biz bundan buyon ham aholimizning daromadi va turmush darajasini muntazam yaxshilab borishga jiddiy ahamiyat qaratamiz.

Yurtimizda ijtimoiy muammolarni hal etishning o‘ziga xos yangi tizimi yaratilganidan barchangiz yaxshi xabardorsiz. «Temir daftar», «ayollar daftari», «yoshlar daftari», «mehr daftari», «mahallabay» ishlash usullari aynan shu maqsadda joriy etilmoqda.

Islohotlar doirasida qabul qilingan yirik dasturlar jamiyatimizda ijtimoiy muhitni yaxshilash va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Birgina «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini oladigan bo‘lsak, joriy yilning o‘zida jami 8 mingga yaqin qishloq va mahallada umumiy qiymati 20 trillion so‘mlik qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilayotgani, o‘ylaymanki, ko‘p narsadan dalolat beradi.

Bu ishlarning barchasi «Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik» degan ezgu da'vat asosida amalga oshirilmoqda», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid