O‘zbekiston | 20:45 / 31.08.2021
17628
4 daqiqa o‘qiladi

Quriyotgan Orol sohilidagi kelajak: Ustyurtning gaz zaxirasi qancha?

«O‘zbekneftgaz» AJ tashabbusi bilan Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi faoliyati va Ustyurt hududida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil qilindi.

Ustyurt O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan. Mintaqa o‘z ichiga Ustyurt platosi va Orol dengizini qamrab oladi. Bu hududda asosan gazkondensat sanoat-mahsuldorlik qatlamlari yura davri cho‘kmalari, ayrim hollarda paleozoy davri cho‘kmalariga to‘g‘ri keladi.

1960 yilda Ustyurtdagi Terenquduq va Bayterek hududlarida qatlam parametri va gazsiz tarkibini o‘rganish maqsadida birinchi chuqur quduqlar qazilgan. 1964 yilda Shaxpaxti hududida birinchi gazkondensat koni va oradan uch yil o‘tgach Quanish koni ochilgan.

Ustyurtning umumiy maydoni 110 ming kvadrat kilometr, tabiiy gaz va neft bo‘yicha istiqbolli maydoni 108 ming kvadrat kilometrni tashkil qiladi.

Hududda 1995-2021 yillar davomida tabiiy gaz va gaz kondensati 11 ta kondan qazib olinmoqda. Bular Urga, Sharqiy Berdaq, Shimoliy Berdaq, Dali, Surgil, Quyi Sharqiy Berdaq, Arslon, Inom, Beskala, Quyi Surgil, G‘arbiy Quyi Surgil konlaridir. 

Biz bu maskanda 2017 yilda ishga tushirilgan «Sharqiy Berdaq» siquv kompressor stansiyasi faoliyati bilan tanishdik. Stansiya mutaxassisi qurilmalar faoliyati haqida to‘xtalib o‘tdi. «Sharqiy Berdaq» siquv kompressor stansiyasi boshlig‘i Bayron Abdurahmonovning aytishicha, siquv kompressor stansiyasining asosiy vazifasi qazib olingan past bosimli gazni iste'molchilarga yuqori bosimda yetkazib berishdan iborat.

Press-tur davomida OAV vakillari stansiya boshqaruv markazi bilan ham tanishishdi. Markaz qanday ishlashi haqida qisqacha ma'lumot berildi. Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasining bosh muhandisi Zafar Rajabov stansiya boshqaruv markazi to‘liq raqamlashtirilgani, operatorlar to‘liq ravishda boshqaruvni kompyuter orqali amalga oshirishini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, stansiya o‘ziga ketadigan elektr energiyani o‘zi ishlab chiqaradi. Tashqaridan hech qanday elektr energiyasi sarflanmaydi.

Kunning ikkinchi yarmida Quyi Sharqiy Berdaq konida bo‘ldik. Bu yerda «O‘zbekneftgaz» AJ o‘z mablag‘lari hisobidan geologiya-qidiruv burg‘ilash ishlari bajarilmoqda. Quduqda burg‘ilash ishlari jadal suratlarda olib borilmoqda. Unda hozirda 4200 metr burg‘ilash ishlari bajarilgan. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, jarayon 4500 metrgacha yetishi rejalashtirilgan. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, jarayon 4500 metrgacha yetishi rejalashtirilgan. «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev esa bu regionda 7 ming metr chuqurlikkacha qazish ishlarini olib borish bo‘yicha topshiriqlar bergan.

Jarayonlar bilan tanishar ekanmiz, yer qaridan gaz qazib chiqaruvchilarning o‘ziga xos iqlim sharoitida ishlayotganiga guvoh bo‘ldik. Ular yozning jazirama, qish izg‘iriniga qaramasdan bu yerda yashab, halol mehnat qilishmoqda. Ishchi-xodimlar uchun yaratilgan qulay sharoitni ko‘rib, ko‘nglimiz taskin topdi.

Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasida 7 kondagi 162 quduqdan gaz qazib chiqarilmoqda.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, hozirda kuniga 11 mln kub metr gaz qazib olinyapti. Joriy yil oxiriga kelib 3 mlrd 600 ming kub metr gaz qazib olish rejalashtirilgan. Kelajakda esa Ustyurt regioni mamlakatdagi eng ko‘p tabiiy gaz qazib olinadigan maydonga aylanishi shubhasiz. 

Shuhrat Saidahmadov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid