Jahon | 19:05 / 03.09.2021
63136
15 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonning behisob boyliklari. Toliblar davrida mis, oltin va litiy kimga nasib etadi?

Afg‘oniston zamini tabiiy resurslarga boy bo‘lib, bu butun dunyodagi investorlarning ishtahasini qo‘zg‘aydi - oltin va boshqa qimmatbaho toshlardan mis va defitsit bo‘lgan litiygacha. Mamlakatda hokimiyat o‘zgargach, qiymati kamida 1 trillion dollardan oshiqni tashkil etuvchi yer osti boyliklariga kim ega chiqadi?

Foto: AFP

20 yil mobaynida Afg‘onistonda harbiylarini saqlab turgan amerikaliklar ketishga qaror qilgach, toliblar hokimiyatni egalladi. O‘n yillab davom etgan urushlar oqibatida vayronaga aylangan mamlakatda rejim o‘zgarishi yangi hukumat tabiiy boyliklar, inson kapitali va sayyoraning eng ko‘p aholi yashaydigan davlatlari o‘rtasidagi savdo yo‘llari chorrahasidagi geografik joylashuvdan qanchalar omilkorlik bilan foydalanishi haqida savolni o‘rtaga chiqardi.

Sovetlar va Amerika geologlari Afg‘onistondagi ko‘knori plantatsiyalari hamda piyodalarga qarshi minalar bilan qoplangan tog‘lari va daralari bag‘rida o‘n millionlab tonna mis va boksit (alyuminiy rudasi), milliardlab tonna temir rudalari, shuningdek, oltin, marmar va boshqa qimmatbaho mineral boyliklar yashirin ekani haqida xulosa qilishgan.

Ammo shu vaqtgacha Afg‘onistonda bu mo‘l-ko‘l boyliklarni qazib olish va sotishga, bu orqali aholi turmush tarzini oshirishga, tibbiyot, ta'lim va fanni rivojlantirishga, yoki hech bo‘lmaganda davlatni boyitishga muvaffaq bo‘linmagan.

Hindistonlik, britaniyalik, kanadalik va xitoylik investorlar kelishuvlar imzolashgan, ammo ularning hech biri mamlakatda foydali qazilma konlari faoliyatini boshlay olmagan, chunki mamlakat hatto NATO nayzalari ostida ham «fantastik darajada korrupsiyaga botgan» davlat bo‘lib qolavergan (besh yil muqaddam Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron qirolicha Yelizaveta II ga bergan hisobotida Afg‘onistonga shunday ta'rif bergandi).

Jahon banki mamlakatlarda biznes yuritish uchun yaratilgan sharoitlar baholanadigan Doing Business reytingida Afg‘onistonni 190 mamlakat orasida 173-o‘ringa joylashtirgan. Transparency International korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro nodavlat tashkiloti reytingida esa bu mamlakat 180dan 165-o‘rinni egallagan.

Afg‘onistondagi yo‘llar va infratuzilma xomashyolar oqimiga tayyor emas. Hatto amerikaliklar davrida ham buning uchun pul topilmagandi

«Xususiy biznes taraqqiyotiga xavfsizlik va xususiy mulk himoyasi borasidagi muammolar, siyosiy beqarorlik, kuchsiz davlat institutlari, infratuzilmalar yetarli darajada emasligi va korrupsiya gullab-yashnagani to‘siq bo‘lib keladi. Mamlakatdagi ishlab chiqarish, eksport va bandlikning katta ulushi soyadagi iqtisodiyotga to‘g‘ri keladi: giyohvandlik moddalari savdosi, kontrabanda va foydali qazilmalar noqonuniy yo‘l bilan qazib olinishi», deyiladi Jahon bankining afg‘on investitsiya iqlimi bo‘yicha xulosasida.

Amerikaliklar ketishi va toliblarning hokimiyatga qaytishi Afg‘onistonning bunday muammolarini hal qilishi dargumon.

Investorlar pulga sotiladigan amaldorlar bilan ishlay olishgan va hatto ba'zida shuni afzal ko‘rishgan, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida terrorchi tashkilot sifatida tan olingan harbiylashgan guruh bilan ishlash esa murakkabroq, ayniqsa gap dastlabki daromad bir necha yil, ba'zida o‘n yilgacha kutiladigan, ko‘p muddat davomida xarajat qilish talab etiladigan loyihalar haqida ketganda.

Yangi hukumat xorij kapitalisiz uzoqqa bora olmaydi. 90-yillardagi toliblarning tog‘ rudalarini o‘zlashtirishdagi yutuqlari mahalliy konchilar ishtirokida qimmatbaho toshlarni qo‘lbola usullarda qazib olish bilan cheklangandi. Agar hozir hokimiyatga kelgan toliblar xalqaro biznes vakillarini o‘z kafolatlari ostida milliardlab mablag‘larni sarflash uchun tavakkal qilishga ishontira olmasa, Afg‘onistonning yer osti boyliklari bundan keyin ham shundayligicha tegilmagan holda qolib ketadi.

Xaritalar bor, shaxtalar yo‘q
Qayerlarni qazish kerakligi allaqachon ma'lum bo‘lgan edi.

Foydali qazilmalarning joylashuvi bo‘yicha ilk xaritalar 1960-yillardayoq sovet geologlari tomonidan tuzilgan. Bu xaritalar yarim asr davomida chang ostida qoldi, bu vaqtda afg‘onlar avvaliga o‘zaro, keyin SSSR armiyasiga qarshi va keyin yana o‘zaro janglar olib borishdi. So‘nggi yigirma yillik esa AQSh va uning ittifoqchilariga qarshi kurash bilan kechdi.

Amerikalik harbiylar va geologlar butun Afg‘onistonni kezib chiqib, barcha resurslarni xaritalarda aks ettirgan. Lekin havodan turib ularni qazib olib bo‘lmaydi.

Ish shaxtalar va kombinatlar qurilishigacha yetib kelmagan. Mis va temir rudalari ayrim joylarda yer yuzasiga ham chiqib qolgan, bu esa tog‘larda qizil va yashil rang aralash chiroyli peyzaj hosil qiladi.

Faqat lojuvard (lazurit), zumrad va yoqut xonaki usullarda qazib olinadi, oltinli qumlar qo‘lda yuviladi. Bunday ishlar asosan hukumat nazorati sust bo‘lgan hududlarda toliblar tomonidan amalga oshirilgan va qazilma boyliklar kontrabanda orqali Pokistonga olib ketilgan.

O‘tgan yillarda Afg‘oniston iqtisodiyotining asosiy tayanchi mineral resurslar emas, opium (afyun) xomashyosi bo‘lgan.

BMT baholariga ko‘ra, mamlakatdagi iqtisodiy faollikning 10 foizlik qismi opiumchilarga to‘g‘ri keladi, ularning ishlab chiqarish, eksport qilish va iste'mol hajmi Afg‘onistondagi boshqa barcha mahsulotlar rasmiy eksporti hajmidan ikki barobar ko‘proqdir.

Natijada mamlakat tabiiy resurslarga boy bo‘lsa ham, jahon bozoriga mis yoki litiy yetkazib berishda hech qanday o‘ringa ega emas, ammo jahon bo‘ylab iste'mol qilinadigan giyohvandlik moddalarining 85 foizini yetkazib beradi.

Amerikaliklar 20 yillik okkupatsiya davrida tog‘-ruda sanoatini rivojlantirish uchun sharoit yaratishga urindi. Ular sovetlar davridagi xaritalarni ochishdi va ularning asosida o‘zlari yangi xaritalarni tuzishga kirishdi.

O‘n yil davomida AQSh Geologiya xizmati (USGS) 40 terabayt hajmdagi ma'lumotlarni to‘pladi va afg‘onlarni ular bilan ishlashga o‘rgatdi. Afg‘oniston hududi gipersektral tasvir yordamida deyarli 100 foiz zondlangan dunyodagi ilk mamlakat bo‘ldi, uning natijalariga ko‘ra amerikaliklar 60ta super zamonaviy xarita chiqargan. Qaziydigan odam esa topilmagan.

Shu bilan birga, xaritalar faqat resurslarni baholaydi, ammo foydali qazilmalarning tijoriy zaxirasini aniq ko‘rsatib bera olmaydi. Buning uchun, kreditga olingan pullar bilan chinakam o‘rganish va qazish ishlari olib borilishi, qazilmalar xavfsiz yo‘llar orqali tashilishi va jahon bozorida sotilishi kerak. Potensial daromadni hisoblash uchun tonnalab qazilmalar London metall birjasida dollarga chaqilishi kerak bo‘ladi.

Tog‘-konchilik ishining amaliy tomoni ko‘proq bankirlar va biznesmenlarni qiziqtiradi. Geologlar, ayniqsa harbiylar yer osti boyliklariga dron uchish balandligidan gipersektral s'yomkalar orqali qarashadi.

Ular yuqoridan qarab Afg‘oniston ertaknamo tarzda boy deb aytishadi. 2010 yilda USGS va Pentagon shunday e'lon qilishgandi: Afg‘oniston zamini qariyb 1 trillion dollarlik mineral resurslarni o‘zida saqlamoqda.

Ko‘proq bo‘lishi ham mumkin, chunki baholash ishlari o‘sha vaqtdagi bozor narxlari bo‘yicha berilgan, u vaqtda jahonda moliyaviy inqiroz hukm surayotgan, qolaversa, bunda neft, gaz va elektromobillar batareyalari uchun noyob metall hisoblangan va bugungi kunda bozorda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan litiy hisobga olinmagan.

O‘sha yillarda litiyga qiziqish endigina paydo bo‘lgandi va amerikaliklar hisobot uchun Afg‘onistondagi litiyning aniq zaxiralarini hisoblashga ulgurishmagan. Ammo o‘shandayoq amerikaliklar dastlabki hisob-kitoblarning o‘zi bu mamlakatda sanoat miqyosida litiy qazib olish istiqbollari yuqori ekanini ko‘rsatayotganini aytishgan.

AQSh Mudofaa vazirligining hujjatlaridan birida Afg‘onistonni «Litiyning Saudiya Arabistoni» deb ham atashgan - Saudiya Arabistoni neft zaxiralariga qanchalar boy bo‘lsa, Afg‘onistonda litiy shuncha ko‘pligiga urg‘u berilgan.

Hindlar va xitoyliklarning muvaffaqiyatsizligi

Litiy zaxiralari va boshqa nodir metallar ham hisobga olinsa, Afg‘onistondagi mineral xomashyo zaxiralari bahosi 3 trln dollargacha yetadi. Lekin aniqlangan zaxiralarni qazib olish va sotish uchun pul, texnologiya, infratuzilma va xavfsizlik kerak.

Bularning bari afg‘onlar uchun qiyin ish.

Afg‘onistonda xomashyoni qayta ishlash an'anasi qadimdan mavjud. Suratda Mozori Sharifda ohaktoshni qayta ishlash jarayoni.

Amerika okkupatsiyasi davrida vositalar paydo bo‘ldi - mamlakat xalqaro donorlar tomonidan faol ravishda qo‘llab-quvvatlana boshladi. Ammo ular pullarni asosan davlat qurish, mamlakatdagi infratuzilmalar tiklanishi, yo‘llar, energetika irrigatsiya tarmoqlari qurilishi, shuningdek, zamonaviy iqtisodiyotdagi eng qadrlisi bo‘lgan inson kapitalini rivojlantirish uchun yo‘naltirildi.

Masalan, Jahon banki sog‘liqni saqlash, ta'lim va ijtimoiy tenglikni rivojlantirish, xususiy investorlar va tadbirkorlarni rag‘batlantirish uchun 5 mlrd dollardan ortiq mablag‘ ajratgan.

Afg‘on hukumati yer osti boyliklari bilan ishlash uchun kerakli mablag‘larni yoki xazinadan olishi yoki yirik xorijiy investorlarni jalb etishi kerak edi. Ayrimlarni jalb etishga ham muvaffaq bo‘linadi. Ularning barchasi qudratli qo‘shnilar edi.

Xitoy va Hindiston iqtisodiydan ko‘ra siyosiy sabablarga ko‘ra sarmoya kiritishga shoshiladi.

Hindiston 11 milliard dollarlik investitsiya va'da qilingan kelishuvlarni imzolagan, shundan uch milliard dollar sarflangan - endi esa azaliy raqibi, toliblar homiysi Pokistonni xursand qilgan holda mamlakatdan hech narsasiz chiqib ketdi.

Steel Authority of India (SAIL) boshchiligidagi hind konsorsiumi metallurgiya kombinati qurmoqchi edi. Avvaliga temir rudasi sifati borasida, keyin esa xavfsizlik borasida muammolar yuzaga keldi. Endi esa hokimiyat Hindiston rahbariyati kelishishi imkonsiz bo‘lgan kuchlar qo‘liga o‘tib ketdi.

Xitoyning toliblar bilan mafkuraviy jihatdan tafovutlari kamroq, ammo Xitoy biznesi fuqarolar urushi sharoitlarida tavakkalchilik qilib milliardlarni sarflashga tayyor emas.

Toliblar qadimiy budda ibodatxonalari xarobalariga teginmagan. Bu ibodatxona hamon «Mes Aynak» mis konlari ustida turibdi.

2008 yildayoq Xitoy davlat kompaniyalaridan biri Kobuldan uzoq bo‘lmagan hududda, dunyodagi eng yirik mis konlari joylashgan «Mes Aynak»da o‘zlashtirish ishlarini olib borish uchun konsessiya (kondan foydalanish bo‘yicha davlat va kapitalist firma o‘rtasida tuziladigan shartnoma) oladi. Bu hududda Afg‘oniston mis zaxiralarining uchdan bir qismi - 11 mln tonna mis YuNeSKO tomonidan Umumjahon merosi obektlari ro‘yxatiga kiritilgan budda yodgorliklari ostida joylashgan.

Ammo 12 yil o‘tdi, budda haykallari joyida, rudalar yer ostida qolmoqda. Xitoyliklarning o‘tgan vaqt ichida toliblar bilan munosabati faqat ikki epizod bilan cheklangan.

2016 yilda toliblar bo‘lajak shaxtani o‘z himoyalari ostiga olishlarini e'lon qilishdi (Kobuldagi amerikaparast hukumat buni radikal kuchlarning rebrendingi doirasidagi valdirash deb atadi). Ikki yil oldin toliblar ochiq konning boshlanish qismidagi obektlarga hujum qilib, xitoyliklar tomonidan yollangan sakkiz ishchini o‘ldirishdi.

Amerikaliklar ketishi ortidan Xitoydagi Global Times tabloidi (hukumatparast nashr) ushbu mamlakatdagi investitsiyalarga mas'ul bo‘lgan amaldorga tayangan holda xitoyliklarning Afg‘onistondagi shu va boshqa loyihalari «ijtimoiy beqarorlik!» tufayli hamon to‘xtab turgani haqida yozdi.

Xitoy milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC) esa Amudaryo havzasida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyihani butunlay to‘xtatgan, Reuters agentligi Xitoy kompaniyasi vakiliga asoslanib yozishicha, bunga nafaqat Turkmanistonda qazib olingan neftni qayta ishlash bo‘yicha kelishuvga erishilmagani, balki konlarga bir necha qurolli hujumlar uyushtirilgani ham sabab bo‘lgan.

Quyoshli Afg‘oniston iqtisodiyoti asosi - opium xomashyosi va giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi.

Xitoyliklar qaytishdan umid uzishmagan, shu bilan birga rejim o‘zgarishini xursandchilik qilishga ham shoshilishmaydi.

Jiangxi Copper Company bilan birga «Mes Aynak» konlaridan foydalanish bo‘yicha konsessiyani qo‘lga kiritgan China Metallurgical Group kompaniyasi qazish ishlarini tiklash haqida o‘ylamoqda. Faqat ikki shart bilan.

«Biz vaziyat barqarorlashib, toliblar rejimi xalqaro miqyosda, shu jumladan Xitoy hukumati tomonidan tan olinganidan keyin ishni tiklash imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyormiz», deya xabar bergan Xitoy davlat nashri davlat kompaniyasidagi manbadan iqtibos keltirgan holda.

Qabriston sukunati
«Imperiyalar qabristoni» deb ham ataladigan Afg‘onistonda behisob miqdorda tabiiy boyliklar ko‘milgan. Mamlakatda beqarorlik saqlanib qolar ekan, ularga hech kim daxl qilmaydi. So‘nggi o‘n yilliklarda bu yerda ma'dan emas, faqat imperiyalar uchun yangi go‘rlar qazilgan.

Adoqsiz urushlar Afg‘onistonni nafaqat foydali qazilmalar keltiradigan farovonlikdan (balki tavqi la'natdan) bebahra qilgan, balki tranzit davlat sifatidagi ulushlardan ham mahrum etgan - bu mamlakat ko‘p vaqtlardan buyon Kaspiy havzasida qazib olingan neft va gazni Osiyo janubi-sharqiga yetkazishda tranzit yo‘lagi sifatida ko‘rib kelinadi, ammo xavfsizlik bo‘yicha muammolar tufayli rejalar qog‘ozda qolib ketgan.

Afg‘oniston iqtisodiyotida istiqbolli deb ko‘rilgan boshqa sohalar ham - turizmdan qishloq xo‘jaligigacha, quyosh energetikasidan savdogacha - barchasi urush olovida qovrildi.

Tabiat Afg‘onistonning iqtisodiy ko‘tarilishi uchun barcha sharoitlarni muhayyo etgan. Ammo bu yerda turizm va mayning rivojlanmagan. Kobul yaqinidagi tog‘-chang‘i kurorti shunday ko‘rinishda.

So‘nggi yigirma yillikda Afg‘oniston asosan donorlar hisobiga, toliblar esa narkotik moddalar va xomashyo savdosi, shuningdek, ma'lum miqdordagi donorlik mablag‘lari evaziga yashadi.

Afg‘onistonda hukm surgan rejimlarning hech biri shu vaqtgacha foydali qazilma boyliklarini o‘zlashtirishga yirik investitsiyalarni jalb etish uchun talab etiladigan barqaror va jozibali muhit yarata olmadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid