Jahon | 15:07 / 08.09.2021
81135
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya favqulodda vaziyatlar vaziri o‘quv mashg‘uloti vaqtida halok bo‘ldi

Rossiya Fuqarolik mudofaasi, favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish ishlari vazirligi rahbari Yevgeniy Zinichev mashg‘ulot vaqtida halok bo‘ldi. Bu Rossiya federal hukumatining amaldagi vaziri o‘limi bilan bog‘liq ilk holatdir.

Foto: Rossiya FVV

Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari Yevgeniy Zinichev vafot etdi. Bu 7 sentabr kuni Rossiya shimolidagi Norilsk shahrida boshlangan o‘quv mashg‘ulot vaqtida ro‘y berdi. «Afsus bilan xabar qilamizki, FVV boshlig‘i Yevgeniy Zinichev Norilskda Arktika zonasini favqulodda vaziyatlardan himoya qilish bo‘yicha idoralararo mashg‘ulotlardagi ishtiroki vaqtida xizmat vazifasini bajara turib fojiali tarzda halok bo‘ldi», — deyiladi muassasa matbuot xizmati xabarida. Zinichev 55 yoshda edi.

RBK manbasi aniqlik kiritishicha, u vazirlikning o‘quv filmi uchun s'yomka jarayonida halok bo‘lgan. Suratga olish guruhi a'zolaridan biri, operator Aleksandr Melnik jarlik chetida sirg‘alib ketgan va Zinichev uni ushlab qolishga harakat qilgan. RT bosh muharriri Margarita Simonyanning ma'lumotiga ko‘ra, Zinichev va videooperator qoya chetida turishgan, ammo operator toyib ketib suvga qulagan. «Guvohlar yetarlicha ko‘p bo‘lgan — hech kim nima bo‘layotganini anglashga ulgurmasidan, Zinichev o‘zini suvga otgan va toshga urilgan», — deya yozdi Simonyan. Operator ham halok bo‘lgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin vazir vafoti munosabati bilan ta'ziya izhor etdi. «Prezident Putin Yevgeniy Zinichevning fojiali o‘limidan chuqur qayg‘uga tushdi. Ular ko‘p yillar mobaynida birgalikda ishlashgandi, bu katta yo‘qotish. Prezident vazirning oila a'zolari va yaqinlariga hamdardlik telegrammasi yo‘lladi», — deya xabar qildi prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Zinichev FVVga 2018 yil mayidan buyon rahbarlik qilib kelayotgandi. Zinichev 1987 yildan 1991 yilgacha SSSR KGBda xizmat qilgan, keyin Rossiya xavfsizlik xizmati organlarida ishlagan. U qariyb 10 yil davomida — 2006 yildan 2015 yilgacha Vladimir Putinning xavfsizlik xizmatida ishlagan, unga ko‘plab safarlarda hamrohlik qilgan. 2014 yilda Rossiya Federal Xavfsizlik Xizmati terrorizmga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari etib tayinlangan, 2015 yilda FXXning Kaliningrad oblasti bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. 2016 yil yozida u ikki oyga Kaliningrad oblastini boshqargan, ammo o‘z ixtiyoriga ko‘ra lavozimni tark etgan: Putin Zinichev oilaviy sabab tufayli o‘zini Moskvaga qaytarishni so‘raganini aytgandi, ammo OAVda unda «jamoatchilik bilan ishlashda muammolar borligi» haqida yozgandi, bunday amaldor esa regionni boshqara olmasdi. Shundan so‘ng Zinichev Favqulodda vaziyatlar vaziri etib tayinlangunicha FXX (FSB) rahbariga o‘rinbosarlik qilgan. 2018 yil mayida Zinichev RF Xavfsizlik kengashiga ham a'zo bo‘lib kirgan.

FVVga Aleksandr Chupriyan vaqtincha yangi rahbar etib tayinlangan. Ayni vaqtda 63 yoshda bo‘lgan Chupriyan vazirlik tizimida 2002 yildan buyon ishlab keladi. 2006 yildan 2018 yilga qadar u vazir o‘rinbosari lavozimida ishlagan — dastlab Sergey Shoygu davrida, keyin Vladimir Puchkovga o‘rinbosarlik qilgan. 2018 yil iyunida, Zinichev vazirlikka tayinlanishidan ko‘p o‘tmay Chupriyan uning birinchi o‘rinbosari lavozimini egallagan.