O‘zbekiston | 15:00 / 16.09.2021
10104
5 daqiqa o‘qiladi

Maqsuda Vorisova: Ichki ishlar vazirligi rahbariyati qachon xulosa qiladi?

Ichki ishlar xodimi qonun bo‘yicha jamoat tartibini, fuqarolarning huquq va erkinliklarini qo‘riqlaydigan davlat xizmatchisi. Huquq, himoya uchun xizmat qilish o‘zini bilgan odamga katta sharafdir.

Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda biz huquqni muhofaza qiluvchi  idoralar xodimlarining arzimagan bahona-yu sabablar bilan fuqaroning og‘zini qonga botirayotgan, ayrim holatlarda o‘limiga olib kelgan kaltaklashlariga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Vaziyatga izoh berar ekan, Ichki ishlar vazirligi «holatni tekshiryapmiz, o‘rganyapmiz»  qabilidagi bayonotlar bilan cheklanyapti. Mana, kuni-kecha ijtimoiy tarmoqda Andijon viloyatida og‘zi burni qonga botgan, ichki ishlar xodimlari kaltaklagani aytilgan yigitning videolavhalari tarqaldi. Ammo haligacha rasmiy bayonot yo‘q. Bunday holatlar tez-tez takrorlanyapti. Aftidan, ishlar «yopti-yopti»  bo‘lib ketyapti shekilli. Vazirlik esa qat'iy choralar ko‘rayotganiga jamoatchilikni ishontira olgani yo‘q.

Ilgari «bo‘lajak» ma'muriy huquqbuzarga nisbatan ichki ishlar xodimlariga «beg‘araz yordam beruvchi» kimsalarga ariza yozdirilar edi: falonchi meni haqoratladi yoki tegajoqlik qildi, degan mazmunda. Shuning o‘zi falonchini «ichkariga» olib kirishi uchun yetib ortardi. Bunday uslub ancha eskirdi. Hozir IIB xodimlarining o‘zlari eplashyapti. Qanday? Oddiy va oson: «falonchi qonuniy talablarimizga bo‘ysunmadi», deya oyog‘ini yerga tekkizmay olib ketishyapti. Ya'niki, jabrlanuvchi ham, guvoh ham, «fosh etuvchi» ham o‘zlari: «o‘rtada begona yo‘q»! Ma'muriy sudning «tushungan» sudyalari omon bo‘lsin: go‘yoki ichki ishlar xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmagan sho‘rliklarga oid «delo»larni ko‘pam titkilab o‘tirmaydi...

Ichki ishlar tizimidagi ayrim xodimlar fuqarolar bilan muloqot jarayonlarida odob-axloq qoidalariga qat'iy rioya qilishni unutib qo‘yishdi. Eslay olmasa ham kerak.

Inson manfaatlari, huquqlari va erkinliklari bilan bog‘liq masalalarni kechiktirmasdan hal qilish lozim bo‘lgan bugungi kunda davlat xizmatchilarining eskicha fikrlashi, ishni eski «qolip» lar asosida tashkil qilishi, o‘z burchini elga xizmat tamoyiliga asoslanib emas, balki shaxsiy manfaatlardan kelib chiqqan holda bajarish kabi amaliyotlar davom etmoqda.

Agar dunyoning rivojlangan mamlakatlaridan birida fuqaro politsiya tomonidan kaltaklansa, huquq va erkinliklari toptalsa, Ichki ishlar vaziri yoki mansabdor shaxs shu zahoti iste'fo beradi. Yanayam xalqimiz bag‘rikeng, sabr-qanoatli.

Ichki ishlar tizimi katta islohotlarga muhtoj ekanini o‘zi tushunadigan vaqt keldi. Xodimlar, xizmatchilarning odob-axloqi ustida ishlash, ular xalqning himoyachisi ekanligini, xalqqa sadoqat bilan xizmat qilishga ont ichganini kerak bo‘lsa har kuni eslatish lozim. Davlat xalqqa xizmat qilishga, har bir inson haqida g‘amxo‘rlik qilishga majbur. Davlat xizmatchisining esa fuqarolarga tazyiq o‘tkazish va tahdid solishga haqqi yo‘q.

IIVning fuqarolarga oid munosabatini keskin tanqidiy tahlil qilish kerak. Kerak bo‘lsa, masalani Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga olib chiqib, vazirlik rahbariyatidan hisob, izoh so‘rash, vazirlikning hududiy boshqarmalari rahbariyati faoliyatiga professional xulosa berilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Aks holda, quyi bo‘g‘indagi ichki ishlar idoralarning tazyiq va ayrim zo‘ravonliklari to‘xtamayapti. Ba'zida ular o‘zlarini «ko‘cha odamlari» dek tutishyapti. Shunday ekan, IIVning faoliyatiga tizimli va jiddiy baho berish vaqti keldi.

Bundan keyin davlat xizmatchisining fuqaroni tahqirlashiga yo‘l qo‘yib, toqat qilib bo‘lmaydi.

Telegram 👉 t.me/uzxdpmk
Facebook 👉 facebook.com/xdp.uz
Youtube 👉 youtube.com/c/UzXDP
Twitter 👉 twitter.com/XDP_UZ
Instagram 👉 instagram.com/uzxdp_mk
TikTok 👉 tiktok.com/@uzxdp

Maqsuda Vorisova,
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan
Prezidentlikka nomzod Ⓣ

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid