O‘zbekiston | 18:45 / 21.09.2021
7056
3 daqiqa o‘qiladi

«Tadbirkorlarni tekshirish uch barobar ko‘paygan, yangi tartib bilan tekshirishlar soni kamayadi» - Biznes-ombudsman

Tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirishni kamaytirish uchun qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritildi. Nimalar o‘zgaradi? Biznes-ombudsman vakili izoh berdi.

Biznes-ombudsman mas'ul xodimi Jamshid Hasanov 21 sentyabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida asossiz tekshirishlar, tadbirkorlar faoliyatini tekshirishda yangi tartib va u qanday ishlashi borasida gapirdi.

“Tadbirkorlarni tekshirish 3 barobarga ko‘paydi”

Hozirgacha 50 mingga yaqin tekshirishlar o‘tkazilgan. Shulardan 0,7 foizi Biznes-ombudsman bilan kelishilgan holda o‘tkazilgan. Har yili tekshirishlar soni ortib bormoqda. O‘tgan yilga nisbatan tekshirishlar soni 3 barobarga ko‘paydi.

Eslatma: Biznes-ombudsmanning 2021 yil 1 iyuldagi ma'lumotlariga ko‘ra, tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirish hamda noqonuniy tekshirishlar bilan aloqador holatlarga eng ko‘p agroinspeksiya tomonidan yo‘l qo‘yilgan – 4092 holat.

Bundan tashqari:

  • Soliq idoralari – 3434;
  • O‘simliklar karantini inspeksiyasi – 3073;
  • Sanitariya-epidemiologiya xizmati – 877;
  • Bandlik va mehnat vazirligi – 602;
  • Transport vazirligi – 363 ta qonunbuzilishlar aniqlangan.

“Tadbirkorlarni tekshirishning yangi tartibi o‘rnatildi, bu orqali tekshirishlar kamayadi”

Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish uchun asossiz tekshirishlar va umuman tekshirishlar soni ortib borishining oldini olish maqsadida mezonlar belgilandi. Endi xabardor tartibida o‘tkaziladigan tekshirishlar faqat inson hayoti va sog‘lig‘i, atrof-muhitga zarar yetkazish xavfi, favqulodda vaziyatlar holatlaridagina xabardor qilish tartibida o‘tkaziladi.

Bunday tartib nima uchun kerak? Tadbirkorlik sub'yektlarini tekshirishda 2ta tartib bor:

  • Biznes-ombudsman bilan kelishilgan holda;
  • xabardor qilgan holda.

Biznes vakil bilan kelishilgan holda Biznes-ombudsmanga tadbirkorlar to‘g‘risida tegishli ma'lumotlar xavfni tahlil qilish dasturi asosida taqdim etiladi. Agarda u asosli deb topilsa, tekshirishga ruxsat beriladi. Endi Biznes-ombudsman ishtirokisiz (shunchaki xabardor qilgan holda) tadbirkorni tekshirish holatlari aniq belgilab qo‘yildi, hisob-kitobimizga ko‘ra ularning soni 40tadan 12taga kamaytirildi.

Bu tadbirkorlarni tekshirish holatlari kamayishiga olib keladi.

Shuningdek, matbuot anjumanida Adliya vazirligi va Biznes-ombudsman hamkorligida Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqilayotgani ma'lum qilindi. Shuningdek, tekshirishlarni masofadan amalga oshirish borasida normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilayotgani aytildi.

Мадина Очилова
Tayyorlagan Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid