Sport | 10:57 / 25.09.2021
9575
16 daqiqa o‘qiladi

Gvardiola Tuxelga qarshi mag‘lubiyatli seriyasiga chek qo‘yishga urinib ko‘radi, APLda shimoliy London, A Seriyada Rim derbisi. Hafta o‘yinlari anonsi

Rim derbisi, Germaniyada ikki «Borussiya» to‘qnashuvi, Angliyada mavsumning markaziy o‘yini – Yevropa ushbu haftada ham bir qator qiziqarli uchrashuvlarni tayyorlab qo‘ygan. Quyida e'tiboringizga eng sara olti o‘yin anonsini havola qilamiz.

CheLSI – MANCheSTeR SITI (25 sentabr, 16:30)

Yevropada futbol kunlari Angliyaning nafaqat tur, balki yilning markaziy uchrashuvlaridan biri bilan boshlanadi. Chempionlik uchun asosiy da'vogar bo‘lgan ikki jamoa, Tuxel va Gvardiolaning navbatdagi bahsi futbol marafonini boshlab olish uchun ayni muddao.

Bundesligadagi duellarni hisobga olmasak, fevral oyida Angliyaga kelgan Tomas Tuxel uch marta yengib, Gvardiolani ikki sovrindan mosuvo qilib ulgurdi. Dastlab, Angliya kubogi yarimfinalida Ziyoshning goli uchrashuv taqdirini xal qilgan bo‘lsa, YeChL finalida Kay Havers «Siti»ning asosiy maqsadini kamida bir yilga kechiktirgandi. Orada esa, hech narsani hal qilmaydigan APL o‘yinida ham «Chelsi» 2:1 hisobida ustun kelgandi. Ya'ni, uch o‘yindirki, Gvardiola Tuxelning «Chelsi»siga bas kela olmayapti.

«Chelsi» o‘tgan 5 turda atigi bir gol o‘tkazib yubordi va u ham «Liverpul»ga qarshi o‘yinda penaltidan. «Manchester Siti»ning himoyadagi natijasi ham shunday, faqat, «Chelsi»dan farqli ravishda, «shaharliklar» 5 ochko yo‘qotib ulgurdilar. Agar bu o‘yinda mezbonlar g‘alaba qozonadigan bo‘lishsa, o‘rtadagi farq 6 ochkoga yetadi. Qaysidir yili, masalan, o‘tgan mavsumda «Manchester Siti» uchun olti ochkolik farq hech narsamasdir, ammo bu mavsum boshqacha boshlandi – peshqadamlar yaxshigina kuchayishdi va o‘rtamiyona jamoalarga qarshi ochko yo‘qotishlar nisbatan kam bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

O‘yin oldidan «Manchester Siti» tarkib jihatidan u qadar yaxshi holatda emas. De Bryuyne, Foden kabi futbolchilarning yetarli sport formasiga qaytmaganliklaridan tashqari, jarohatlar ham ko‘p: Gundo‘g‘an, Laport, Stounz, Rodri, Zinchenko kabi futbolchilarning muhim o‘yinga tayyor ekanliklari shubha ostida. «Chelsi»dan esa, Pulishichning qaytishiga ikki hafta bor, Maunt va Vernerda ham kichik jarohatlar bo‘lishi mumkin. Shuningdek, jamoalar hafta o‘rtasida Angliya Liga kubogida ham maydonga tushganligini e'tiborga olsak, manchesterliklarning ustunligi bor. Birinchidan, «Siti» o‘z uchrashuvini bir kun oldin o‘tkazdi, ikkinchidan esa, ularning raqibi ham quyi liga vakili «Uikomb» edi. «Chelsi» esa «Aston Villa» bilan qiyin o‘yinda bahslashishga to‘g‘ri keldi.

Yana bir jihat, umuman olganda, Gvardiola uchun sinov haftasi shu uchrashuvdan boshlanadi. Zero uch kun o‘tib, jamoa Chempionlar Ligasida Parijga safar qilsa, kelasi haftada «Liverpul”ga qarshi safar o‘yini ham kutib turibdi.  

MANCheSTeR YuNAYTeD – ASTON VILLA (25 sentabr, 16:30)

Bir qaraganda, «Yunayted» uchun «Old Trafford»dagi navbatdagi oddiy o‘yin bo‘lishi mumkin, ammo «Aston Villa»ning so‘nggi o‘yinlardagi salohiyati va umuman «MYu»ning har qanday uchrashuvda o‘ziga muammo yaratib olishga usta ekani bu o‘yinga ham e'tibor qaratishga bizni majbur qiladi.

Birminhemliklar «Chelsi» bilan ikki o‘yinda ham yaxshi harakat qildilar, «Everton» esa har jabhada yer tishlatildi.  Grilishning yo‘qligiga asta-sekin o‘rganib borayotgan jamoa har qanday raqib uchun qiyin sinovga aylanib borishyapti. Shuningdek, «Aston Villa» 2009 yildan beri «Yunayted» ustidan g‘alaba qozona olmayapti. Ronaldu «Real»ga ketganidan keyin bu jamoalarning ilk to‘qnashuvida, «Old Trafford»da «Villa» g‘alaba qozongandi. Mana, Ronaldu qaytib kelgandan keyingi ilk o‘yin, yana «Old Trafford».  Oradagi 18 o‘yinning 14 tasida «MYu»ning ustunligi qayd etilgan.

Ronalduning «Aston Villa» bilan ham o‘ziga xos tarixi bor. Krishtianu Angliyada eng ko‘p gol urgan uch jamoa – «Nyukasl», «Vest Hem» va «Aston Villa» hisoblanardi. Qizig‘i, uning APL ga qaytganidan keyingi taqvim aynan shu jamoalarni «MYu»ga ro‘baro‘ qildi. Ronaldu dastlabki ikki jamoaga gol urishni uddaladi, endi navbat «Villa»gami?

Sulsherning aytishicha, «MYu»da jarohatlanganlar yo‘q, aksincha, Kavani mashg‘ulotlarga qaytgan va hatto Ronaldu bilan tandem hosil qilishi ham mumkin. Faqatgina Markus Reshfordning qaytishi kutilmoqda va bu voqea katta ehtimol bilan milliy jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan keyin ro‘y beradi. Mehmonlarda esa, muammolar yetarli. Ayniqsa, o‘tgan turda «Everton» darvozasiga chiroyli gol urgan Leon Beyli aynan o‘sha uchrashuvda jarohat olib, maydonni erta tark etgandi. Shuningdek, Trezege ham bir necha oyga safdan chiqqan. Aksel Tuanzebe ijara shartnomasiga muvofiq o‘z jamoasiga qarshi maydonga tusha olmaydi.

INTeR – ATALANTA (25 sentabr, 21:00)

Kontening ketishi, Lukakuning sotilishi go‘yoki «Inter»ning chempionlikdan keyin hovuridan tushganiga dalolat qilgandek bo‘lsa-da, jamoaning shashti bu mavsumda ham balandligi ko‘rinib turibdi. Milanliklar 5 turdan keyin 4 g‘alaba bilan faqat «Napoli»dan ortda qolishmoqda va ayniqsa, Edin Jyekoning yangi jamoaga tez kirishib ketgani va to‘purarlar bahsiga qo‘shilib olgani e'tiborga molik. Nikolo Barella esa, 4 golli uzatma bilan chempionatda yetakchi, xullas «Inter» hozirda A Seriyada eng ko‘p gol urgan jamoa bo‘lib turibdi.

Bunday o‘yin aslida «Atalanta»dan kutilishi kerak edi, ammo bergamoliklar biroz o‘zlariga o‘xshamayapti. To‘g‘ri, jamoada atigi 1 mag‘lubiyat xolos, bir g‘alaba bilan ochkolar sonini «Inter»ga yetkazib olish mumkin, lekin 5 o‘yindan jamoa atigi 6 gol urgani biroz kutilmagan holat bo‘lib turibdi. «Atalanta» bu hafta «Inter», keyingi turda «Milan»ga qarshi o‘ynaydi, mana shu uchrashuvlar jamoaning keyingi ambitsiyalarini belgilab bersa kerak. Bu o‘yinlar orasida esa, muhimligi jihatdan kam bo‘lmagan YeChL uchrashuvi bor. Gasperini jamoasi o‘z maydonida «Yang Boyz»ni qabul qiladi.

Arturo Vidal, Xoakin Korrea, Stefano Sensi – «Inter» safida sheriklariga yordam bera olmaydigan futbolchilar. Mehmonlardan esa, Hans Hatebur va Luis Muriyel kelasi oyda safga qaytishadi.

O‘tgan mavsumda Milanda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Shkrinyarning goli o‘yin taqdirini hal qilgandi. Bergamodagi o‘yinda esa, Lautaroning goliga Aleksey Miranchuk javob berib, tomonlar murosa ko‘chasini tanlashgan.  

ReAL – VILYaReAL (25 sentabr, 23:55)

Messi va Ronaldu yo‘q ekanidan tashvishlanmang, Karim Benzema ishtirokidagi shoular hech ham kam bo‘lmayapti. Mavsumni ancha nursiz boshlagan «Real» Benzemaning ortidan yura boshladi va endi hatto Asensiolar ham het-trik qilib tashlayapti. Benzemaning natijalari esa, umuman dahshat – 6 o‘yinda 8 gol va 7 assist. Yevropada eng yaxshi ko‘rsatkich.

Bu safargi raqib esa, anoyi emas. Yevropa Ligasi g‘olibligi orqali YeChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan «Vilyareal» bu safar La Ligada ham kuchli to‘rtlikka kirishni niyat qilgani shubhasiz. Emeri shogirdlari 5 turdan keyin hali mag‘lubiyatga uchramagan 5 jamoadan biri bo‘lib turibdi. To‘g‘ri, duranglar haddan tashqari ko‘p (jamoa mavsumni 4 durang bilan boshladi va o‘tgan turdagina ilk g‘alabasiga erishdi), lekin jamoa hozircha atigi 3 gol qo‘yib yuborganini ham ta'kidlash kerak. Faqat «Sevilya» kamroq gol o‘tkazgan xolos.

Ayniqsa, «Real»ga qarshi o‘yinlarda «sariqlar» juda munosib qarshilik ko‘rsata oladilar. O‘tgan mavsumdagi so‘nggi tur ham esingizda bo‘lsa kerak, chempionlik uchun kurashayotgan va faqat g‘alaba qoniqtiradigan «Real» o‘yin oxirigacha 0:1 hisobida ortda borgan va 5 daqiqada ikki gol urib, irodali uch ochkoni qo‘lga kiritgandi. 2018 yilda esa, «Vilyareal» «Bernabeu»dan uch ochko olib ketishga muvaffaq ham bo‘lgan.

Mezbonlar tarkibida Karvaxal, Mendi va Beyl kelasi oygacha jamoaga yordam bera olishmaydi. Marselo shu kunlarda mashg‘ulotlarga qaytishi aytilgandi, lekin bu o‘yinga tayyor bo‘lishiga ishonish qiyin. Mehmonlarda mavsumni boshlagan barcha futbolchilar o‘z o‘rnida. May oyida jarohat olgan Samu Chukvuyeze tiklanib boryapti, lekin u ham Marselo kabi bu turda maydonga qaytishi imkonsiz.  

ARSeNAL – TOTTeNHEM (26 sentabr, 20:30)

Shimoliy Londonning ikki ashaddiy raqibi yangi mavsumni simmetrik boshlashdi va bir nuqtaga deyarli kelib qoldilar. «Tottenhem» dastlabki uch turda birorta ham gol o‘tkazmay, uch g‘alabaga erishdi va 9 ochko bilan peshqadamga aylanib olgandi. «Arsenal» esa, birorta ham gol ura olmay, uch mag‘lubiyatga uchradi va turnir jadvali tubiga tushib ketdi. Oxirgi turlar esa, teskari harakatni ko‘rdik – «Tottenhem» 2 o‘yinda birorta ham gol urmay, ikki mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, «Arsenal» gol o‘tkazmasdan ikki g‘alabaga erishdi. Agar bu o‘yinda mezbonlar g‘alaba qozonadigan bo‘lishsa, raqiblar turnir jadvalida ham yon qo‘shniga aylanishadi.

Ammo tan olish kerak, tanganing boshqa tomoni og‘irroq. «Tottenhem» garchi mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, «Chelsi» bilan ayniqsa birinchi taymni ajoyib o‘tkazdi va bir qator mutaxassislar ham buni e'tirof etishdi. Nunu o‘yinga tayyorgarlik borasida Tuxelni yenggandi, faqat tanaffusdagi o‘zgarishlar hisobiga «Chelsi» o‘yinga qaytdi. Avvalgi mag‘lubiyatda esa, «Kristal Pelas»ga qarshi o‘yinda «Tottenhem» bir o‘yinchi kam qolgandi. «Arsenal» g‘alaba qozongan ikki raqib esa, «Byornli» va «Norvich» – turnir jadvalidagi so‘nggi jamoalar. Ya'ni oxirgi natijalar aldab qo‘ymasligi kerak, jamoalarning haqiqiy kuchi mana shu o‘zaro o‘yinda yaxshiroq namoyon bo‘ladi.

O‘tgan mavsumdagi har ikki o‘yinda mezbon jamoaning qo‘li baland kelgan. «Tottenhem Stedium»da Son Hyon Min va Keynning gollari o‘yin taqdirini hal qilgan bo‘lsa, «Emireyts»da Edegor va Lyakazetning gollariga Erik Lamela javob bergandi. Jamoalar shu avgust oyida ham, mavsum oldidan o‘rtoqlik uchrashuvida kuch sinashishganda, Son yagona gol muallifi bo‘ldi.

Darvoqe, Harri Keyn ushbu mavsum APLda hali gol ura olmayapti. Konferensiyalar ligasi va uch kun oldin Liga kubogida hujumchi gollar hisobini ochishga muvaffaq bo‘ldi, balkim, o‘zi gol urishni yaxshi ko‘radigan «Arsenal» darvozasiga APL mavsumidagi ilk golini urar?  

LATsIO – ROMA (26 sentabr, 21:00)

Rim derbisi har doim, har qanday holatda qiziq, ammo agar ikkisi ham mavsumni ajoyib boshlab, chiroyli g‘alabalarga erishib, keyin kutilmagan muvaffaqiyatsizlik tufayli, endi o‘zini qayta isbotlashga ehtiyoj sezib tursa, yanada ko‘prog‘ini kutishga haqlimiz. Nafaqat g‘alaba, raqibdan har tomonlama kuchli ekanini isbotlash istagi Rim derbilarining o‘ziga xos xususiyatlaridan biridir.

«Milan»dan mag‘lubiyatni tushunsa bo‘ladi, ammo keyingi ikki turda «Latsio» «Kalyari» va «Torino» bilan o‘yinlarda durang o‘ynab, qimmatli ochkolarni yo‘qotdi. «Roma» esa, 1-taymni g‘alaba bilan yakunlagan bo‘lsa-da, «Verona»ga qarshi bahsda yutqazib qo‘ydi. Keyingi turda «Udineze» kichik hisobda mag‘lub etilgani yetarli emas, «Roma» shu turlarda imkon qadar ochko yo‘qotmasligi kerak. Oktyabr oyida Mourino jamoasini «Yuventus», «Napoli» va «Milan»ga qarshi uchrashuvlar kutib turibdi. Bu o‘yinlarga imkon qadar ko‘proq ochko va ishonch bilan borish kerak.

So‘nggi uch mavsumda jamoalar o‘zaro o‘yinlarida tenglik kuzatilyapti. O‘tgan yili va uch yil oldin har ikki o‘yinda ham mezbon jamoa ishonchli g‘alabaga erishgan bo‘lsa, ikki yil oldin har ikki o‘yin 1:1 hisobida yakunlangandi.

«Roma» uchun eng katta yo‘qotish albatta, Lorenso Pellegrinining diskvalifikatsiyasi bo‘ladi. Futbolchi «Udineze»ga qarshi o‘yinning 89-daqiqasida maydondan chetlatilgandi. Bu mavsum barcha musobaqalarda 6 gol va 2 assist bilan jamoaning eng yaxshi futbolchisi bo‘lib turgan Pellegrinining o‘rni muhim o‘yinda bilinishi shubhasiz.

Tabiiyki, Eldor Shomurodov faktori ham bu o‘yinga bo‘lgan qiziqishimizni oshiradi. Joze Mourino «Verona»ga qarshi o‘yinda mavsumda ilk marotaba maydonga ham Eldorni, ham Abrahamni tushirib ko‘rdi va ilk tajriba muvaffaqiyatli chiqmadi. Keyingi turdanoq eski sxemasiga qaytgan ehtiyotkor Joze muhim derbida ham yagona hujumchini tanlashi va u Abraham bo‘lishi ehtimoli katta. Shunday bo‘lsa-da, o‘yin davomida Shomurodov maydonga tushishini va chempionatdagi ilk golini urishini tilab qolamiz. 

BOShQA O‘YINLAR 

25 sentabr. Spetsiya – MILAN (18:00), LeSTeR – Byornli (19:00), VALeNSIYa – Atletik (19:15), Brentford – LIVeRPUL (21:30), SeVILYa – Espanol (21:30), Borussiya M – BORUSSIYa D (21:30)

26 sentabr. YuVeNTUS – Sampdoriya (15:30), BARSeLONA – Levante (19:15), NAPOLI – Kalyari (23:45), PSJ – Monpele (23:55)

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid