Sport | 14:08 / 02.10.2021
10541
17 daqiqa o‘qiladi

«Siti» «Liverpul»ni ham to‘xtata oladimi? APLda peshqadamlar to‘qnashuvi, La Ligada Suares «Barsa»ga qarshi

Foto: Getty Images

Kelasi haftadan klublar futboli yana tanaffusga chiqadi va futbolchilar o‘z milliy jamoalarida jahon chempionati saralash o‘yinlarida ishtirok etadilar. Tanaffus oldidan esa bizni Turin derbisidan tortib, Angliya va Ispaniyadagi markaziy o‘yinlargacha qator qiziqarli to‘qnashuvlar kutib turibdi. Futbol marafoniga biroz o‘tib, «Old Trafford»da start beriladi.

APL. 7-tur. 2 oktabr (shanba)
MANCheSTeR YuNAYTeD – EVeRTON
O‘yin boshlanish vaqti: 16:30

TV-translatsiya: Futbol TV

Kim bilan o‘ynashidan qat'i nazar, hozirgi kunlarda «Yunayted» o‘yinini o‘tkazib yubormaslik kerak. «Aston Villa», «Vest Hem», «Vilyareal» – har bir o‘yinning so‘nggi daqiqalari intrigalarga boy bo‘ldi. «Everton» bilan o‘yinlar ham o‘ziga xos e'tibor talab etadi, shunchaki, o‘tgan mavsumdagi «Old Trafford» o‘yinini eslash ham kifoya qiladi. Esingizda bo‘lsa, Dominik Kalvert-Levin hakam tomonidan qo‘shib berilgan 90+5-daqiqada gol urib, hisobni 3:3 ga aylantirgandi. Jamoalar joriy mavsum oldidan ham ushbu stadionda o‘rtoqlik o‘yinida to‘qnash keldilar va o‘yin mezbonlarning yirik (4:0) g‘alabasi bilan yakunlandi.

Yuqorida aytilgandek, «MYu» qil ustida yuribdi. Bunday o‘yin bilan o‘tgan yili jamoa turnir jadvalida quyi pog‘onalarga tushib ketgandi. Bu safar aksincha, omad kelmoqda. Ronalduning gollari va David De Xea nihoyat o‘zining eng yaxshi davrlariga qayta boshlagani buning asosiy sabablari bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lgandayam, tig‘iz oktabr oldidan «MYu» ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q. Terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan so‘ng, Sulsher shogirdlari qatorasiga «Lester», «Atalanta», «Liverpul», «Tottenhem» va «Manchester Siti»ga qarshi maydonga tushadilar.

Ayni pallada «Everton» ham, «Yunayted» ham bir xil – 13 tadan ochko to‘plab, turnir jadvalida qo‘shni bo‘lib turibdi. Uchrashuv 7-turning ilk o‘yini ekanini hisobga olsak, bu o‘yin g‘olibi vaqtincha bo‘lsa-da, turnir jadvali peshqadamiga aylanib oladi.

Tarkiblarga to‘xtalsak, «MYu» safida Harri Maguayr maydonga tusha olmaydi. U kabi «Aston Villa»ga qarshi o‘yinda jarohat olgan Lyuk Shou umumiy guruhda shug‘ullana boshladi, lekin qay darajada tayyor ekani ma'lum emas. Chempionlar Ligasi uchrashuvida ishonchsiz harakat qilgan Dalot va oxirgi daqiqalargacha o‘yinni davom ettira olmagan Telles tufayli Sulsher Shouga ishonishga majbur bo‘lishi mumkin. Darvoqe, Markus Reshford ham umumiy guruhda shug‘ullanishni boshladi. Ammo uning qaytishi katta ehtimol bilan terma jamoalar o‘yinlaridan keyin sodir bo‘ladi.

«Everton»ning muammolari kattaroq. Jamoaning oldingi chiziqdagi eng asosiy futbolchilari Dominik Kalvert-Levin va Risharlison o‘yinda qatnasha olmaydilar. Shuningdek, Andre Gomesh va Seymus Koulmanlar ham bu uchrashuvni o‘tkazib yuboradilar.

A Seriya. 7-tur. 2 oktabr (shanba)
TORINO – YuVeNTUS
O‘yin boshlanish vaqti: 21:00

TV-translatsiya: Sport

«Yuventus» nihoyat o‘ziga qaytmoqda. A Seriyadagi g‘alabasiz 4 o‘yindan so‘ng, turinliklar qatorasiga ikki o‘yinni g‘alaba bilan yakunlashdi. Shuningdek, Chempionlar Ligasida «Chelsi» ustidan qozonilgan g‘alaba ham Allegri shogirdlariga qo‘shimcha ishonch berishi shubhasiz.

Lekin endi vaziyat o‘nglana boshlandi hamki, tarkibda muammolar paydo bo‘ldi. Alvaro Morata va Paulo Dibala «Sampdoriya»ga qarshi o‘yinda jarohat olib, bir necha haftaga safdan chiqdilar. To‘g‘ri, «Chelsi» bilan o‘yinda ham bu futbolchilar yo‘q edi, ammo bu o‘yinda «Yuventus» asosan himoyaga tayanib o‘ynadi va o‘z imkoniyatidan foydalangandi. «Torino» kabi jamoalar bilan esa hujumchilarning o‘rni ko‘proq bilinsa kerak. Umuman «Yuventus»ni ham, xuddi «MYu» kabi qiyin taqvim kutib turibdi. Tanaffusdan so‘ng turinliklar «Roma», «Inter» va Chempionlar Ligasida «Zenit»ga qarshi safar o‘yinida ishtirok etadilar.

«Torino» mavsumni ikki g‘alaba bilan boshlab, so‘ng, ikki mag‘lubiyatga uchradi va ortidan ikki bor durangga rozi bo‘ldi. Jamoaning o‘tgan mavsumda «Yuventus»ga qarshi o‘yinlari juda murosasiz kechganini e'tiborga olsak, bugungi derbida mehmonlarga oson bo‘lmasligi shubhasiz. «Torino» mezbonlik qilgan so‘nggi o‘yinda faqat Ronalduning 79-daqiqada urgan goli «Yuve»ni mag‘lubiyatdan qutqarib qolgandi. Javob o‘yinida esa «Yuventus» o‘yin oxirlarigacha hisobda ortda borgan va faqat oxirgi 10 daqiqadagi Makkenni va Bonuchchining gollari irodali g‘alabaga sabab bo‘lgandi.

«Torino» tarkibida ham muammolar yetarli. Yetakchi hujumchi Andrea Belottining jamoaga yordam bera olmasligining o‘zi ham katta gap. Shuningdek, Itsso, Ansaldi, Prat, Pyatssa, Edera va Zaza kabi futbolchilar ham jarohatdan tiklanib ulgurmagan. Ammo «Yuventus» hafta o‘rtasida «Chelsi»ga qarshi qiyin o‘yinda maydonga tushgani «Torino»ning imkoniyatini oshiradi. Chunki mezbonlar tiklanish va o‘yinga tayyorlanish uchun ikki barobar ko‘p vaqtga ega bo‘ldilar.

APL. 7-tur. 2 oktabr (shanba)
BRAYTON – ARSeNAL
O‘yin boshlanish vaqti: 21:30

TV-translatsiya: Futbol TV

Arteta – daho. Yaqin kunlargacha murabbiyning iste'fosini talab qilgan tillar, ayniqsa, Shimoliy London derbisidagi g‘alabadan so‘ng, murabbiyni ko‘klarga ko‘tara boshladi. Qatorasiga uch mag‘lubiyatdan so‘ng turnir jadvalining tubiga tushib ketgan «Arsenal» keyingi uch o‘yinni g‘alaba bilan yakunladi va yevrokuboklar zonasiga yaqinlashishga bir qadam qoldi.

«Brayton» esa yangi mavsum kashfiyotlaridan biridir. Aslida «Brayton» o‘tgan mavsumda ham yomon o‘ynamagan, ko‘pchilikning e'tirofiga sabab bo‘lgan, ammo aql bovar qilmas omadsizlik jamoaning yuqori o‘rinlar uchun kurashishiga xalaqit qilgandi. Taqdir o‘tgan yilgi omadsizliklar uchun qarzini qaytarayotgandek. «Brayton» peshqadamdan atigi 1 ochko kam to‘plagan holda turnir jadvali yuqorisidan joy olgan va hatto agar oxirgi o‘yinda «Kristal Pelas»ni mag‘lub etganida, yakka peshqadamga aylanishi mumkin edi. Balki mana shu bosim Garri Poter shogirdlariga xalaqit bergandir.

«Brayton» va «Arsenal»ning so‘nggi mavsumlardagi o‘zaro o‘yinlari ham o‘ziga yarasha qiziq. O‘tgan yili har ikki o‘yinda ham londonliklar g‘alaba qozongan bo‘lsa, 2019/2020 mavsumida «Brayton» ham o‘z maydonida, ham safarda g‘alaba qozongan.

Arteta uchun yomon xabar, jamoa yetakchisi va sardori Granit Jakaning jarohati bo‘ldi. Shveytsariyalik futbolchi kamida uch oy sheriklariga yordam bera olmaydi. Mezbonlar safida Alsate, Uyebster va «Lester»ga qarshi o‘yinda g‘alaba goli muallifi, bir paytlar «Arsenal» safida ham o‘ynagan Denni Uelbek ham maydonga tusha olmaydi.

La Liga. 8-tur. 2 oktabr (shanba)
ATLeTIKO – BARSeLONA
O‘yin boshlanish vaqti: 23:55

TV-translatsiya: Futbol TV

Bir tomondan qaraganda, La Liga turnir jadvalida «Barselona» «Atletiko»dan kam emas, hatto yo‘qotilgan ochkolar borasida ustunroq. Lekin madridliklar chempionlik uchun asosiy da'vogar hisoblanishsa, «Barselona» murabbiyi iste'fo yoqasida turibdi. Albatta, bu paradoksda asos bor. Kataloniyaliklar 6 o‘yinning yarmida g‘alaba qozongan va hali mag‘lubiyatga uchramagan bo‘lishsa-da, o‘yinlarda ishonchsizlik ufurib turibdi, ayniqsa, kuchliroq jamoalarga qarshi Kuman shogirdlari hech narsa qila olishmayapti. Chempionlar Ligasidagi yirik mag‘lubiyatlar esa jamoadan bu mavsumda katta natijalar kutishning iloji yo‘qligini namoyish qilyapti.

Tarkibda yosh futbolchilarning paydo bo‘lishi va qaysidir ma'noda, ishonchli o‘yinlari muxlislarga kelajak uchun umid uyg‘otishi mumkin, lekin bu ham aldamchi hissiyot bo‘lishi ehtimoli katta. Zero mana shu yosh futbolchilar aslida «Barselona» darajasiga ko‘tarilmadilar, aksincha, «Barselona» ularning darajasiga tushib qolgani haqiqatga yaqinroq. Bu tarkib va o‘yinda Yevropa darajasidagi istalgan o‘rtamiyona o‘yinchi ham «Barselona» tarkibida yo‘qolib qolmasligini taxmin qilsa bo‘ladi. Agar «Barsa» avvalgidek, Yevropa miqyosidagi katta kuchga aylansa, bugun maydonga tushayotgan yoshlarning aksariyati tarkibdan tushib qolishi ham aniq. Xullas jamoa istalgan paytda muvaffaqiyatsizliklar girdobiga tushib qoladigandek, natijalar ham shunga yarasha yomonlashib ketishi arafasida turgandek, shu bilan birga bu vaziyatda jamoani qutqarishi mumkin bo‘lgan tirgak ham ko‘rinmayapti.

«Atletiko» esa aksincha, Milandagi g‘alabadan so‘ng, bu o‘yinga tayyorroqdek tasavvur uyg‘otadi. Antuan Grizmann nihoyat yangi-eski jamoasi safida gol urishni boshladi, Suares esa so‘nggi daqiqalarda g‘alaba goli muallifiga aylandi. Umuman ikki sobiq «barsachi»ning sobiq jamoasiga qarshi muhim o‘yinda birgalikda maydonga tushishi uchrashuvning asosiy intrigalaridan biridir. O‘tgan mavsumda «Atletiko» «Barselona» ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozongan va bu madridliklarning La Liga doirasida so‘nggi 11 yilda kataloniyaliklarni ilk bor mag‘lub etishlari edi. Ya'ni bu ko‘rinmas to‘siq ham bir yil oldin bartaraf etilgan.

Mezbonlar tarkibida jarohatlanganlar yo‘q. «Barselona» esa Breytgueyt, Dembele, Aguero va Pedri yordamidan foydalana olmaydi. Ammo nihoyat Ansu Fati asosiy tarkibga qaytishi mumkin. Yosh futbolchi «Levante» bilan o‘yinda zaxiradan tushib, gol muallifiga aylangandi.

APL. 7-tur. 3 oktabr (yakshanba)
LIVeRPUL – MANCheSTeR SITI
O‘yin boshlanish vaqti: 20:30

TV-translatsiya: Futbol TV/UzReportTV

«Chelsi» maydonidagi g‘alabadan so‘ng, Pep Gvardiola shogirdlari endi chempionlik kurashidagi yana bir asosiy raqib «Liverpul» maydoniga safar qilmoqdalar. O‘tgan mavsumdagi «Enfild» to‘qnashuvi Alisonning xatolari bilan yodda qolgan va mehmonlar 4:1 hisobida g‘alaba qozonganini eslasangiz kerak. Ammo u paytlarda «Liverpul» muammolar girdobiga tushib qolgan va o‘z maydonidagi o‘yinlarda ayniqsa, juda muvaffaqiyatsiz to‘p surayotgandi. Yetakchi futbolchilarning tiklanishi bizga yana eski «Liverpul»ni qaytardi va Klopp shogirdlari hozirda APLda mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa bo‘lib turibdilar. Ochkolar hisobida ham «Liverpul» yakka peshqadamga aylangan.

«Manchester Siti» o‘tgan hafta «Stemford Brij»da ajoyib performans namoyish etgan bo‘lsa-da, Klopp raqibining asosiy kamchiligini o‘rganib olgan bo‘lishi kerak. Zero bugungi «PSJ» ko‘proq «Liverpul» uslubiga yaqin to‘p suradi – ko‘pchilik bo‘lib himoyalanish va sharoit paydo bo‘lganda oldindagi tezkor Neymar va Mbappe kabi futbolchilarga to‘p yetkazish. Bu uslub Chempionlar Ligasida «Manchester Siti»ni mag‘lub etdi. «Liverpul» ham boshqa ijrochilar bilan xuddi uslubga tayanishga o‘rgangan. Aytish mumkinki, yuqori pressing va tezkor qarshi hujumlarga bugungi «Manchester Siti» u qadar tayyor emasdek. «Sauthempton» ham qaysidir ma'noda buni isbotlagandi. Buning ustiga, foydalanilmayotgan imkoniyatlar Pepga rostdan ham haqiqiy hujumchi kerak ekanini isbotlayapti. Agueroni sotib yuborgan «shaharliklar» Keyn yoki Ronalduning transferini amalga oshira olmadilar va kamida qishgacha yarimhimoyachilarga tayanishga majbur bo‘lib qoldilar.

Uchrashuvda «Liverpul»ning asosiy muammosi o‘ng qanot himoyasi hisoblanadi. Trent jarohat olgan. Ammo bu muammo aslida jamoaga qo‘l kelishi ham mumkin. Ma'lumki, Trent asosan hujumga qo‘shilishi va assistlari bilan nom chiqargan. Asosan Kanselu-Grilish juftligi va kerak bo‘lganda Sterling ham qo‘shiladigan xavfli qanotda ko‘proq hujumga e'tibor beradigan Trent emas, biror tartibli himoyachi, masalan Milnerning to‘p surishi foydaliroq bo‘lishi mumkin.

Mehmonlar safida Ilkay Gundo‘g‘an sheriklariga yordam bera olmaydi. Shuningdek, Aleksandr Zinchenko ham hali to‘liq tiklanib ulgurmagan.

A Seriya. 3 oktabr (yakshanba)
ATALANTA – MILAN
O‘yin boshlanish vaqti: 23:45

TV-translatsiya: Sport

«Milan» 6 o‘yindan 16 ochko to‘plagan holda «Napoli»dan keyin 2-o‘rinda bormoqda. «Atalanta» hisobida esa shuncha o‘yindan 11 ochko bor.

«Atalanta» Chempionlar Ligasi guruh o‘yinida «Yang Boyz»ni mag‘lubiyatga uchratdi va guruh peshqadamiga aylanib oldi. «Milan» esa qatorasiga ikkinchi YeChL o‘yinida hisobda oldinda borganiga qaramasdan, yakunda mag‘lubiyatga uchrab, qiyin ahvolda qolib ketdi. Mana shunday teskari kayfiyatda A Seriya yetakchilari muhim o‘yinga kirib kelmoqdalar.

O‘tgan mavsumda jamoalar oxirgi turlarda, Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini hal qiluvchi o‘yinda to‘qnash kelishgan va milanliklar mehmonda penaltidan kiritilgan ikki gol hisobiga uch ochko egasiga aylangandilar. Ammo yanvarda Milanda o‘tgan o‘yinda «Atalanta» yirik hisobda g‘alaba qozongani va ikki yil oldin Bergamoda mezbonlar «Milan» darvozasiga javobsiz besh gol urganini ham unutmaslik kerak. Ya'ni bu raqiblar o‘rtasidagi o‘yinda har narsa bo‘lishi, tomonlardan biri osonlik bilan g‘alaba qozonishi ham mumkin.

Mezbonlar safida ayniqsa, Robin Gosensning o‘rni juda bilinsa kerak. Shuningdek, Xans Xatebur tiklanish jarayonini boshlab yuborgan bo‘lsa-da, ushbu o‘yinga to‘liq tayyor emas. «Milan» tarkibida esa jamoaga yordam bera olmaydigan futbolchilar yanada ko‘proq. Florensi, Krunich, Bakoyoko hamda Zlatan Ibrahimovichlar milliy jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan so‘ng safga qaytishlari kutilmoqda.

BOShQA O‘YINLAR

2 oktabr. CheLSI – Sauthempton (19:00), Sassuolo – INTeR (23:45)

3 oktabr. Renn – PSJ (16:00), Kristal Pelas – LeSTeR (18:00), TOTTeNHEM – Aston Villa (18:00), BAVARIYa – Ayntraxt (20:30), Espanol – ReAL (21:30), ROMA – Empoli (21:00), Fiorentina – NAPOLI (21:00). 

Усмон Ибодов
Tayyorlagan Усмон Ибодов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid