Sharqiy Himolay tog‘lari va Osiyoning janubi-sharqida tabiati yangi tug‘ilgan chaqaloqdek saqlangan bir davlat bor, u Butan nomi bilan xaritaga kirgan. Butanning 1 millionga ham yetmaydigan aholisi tog‘lar orasidagi 38 ming kvadrat kilometrni o‘zlariga vatan qilgan. Aksar yo‘llari o‘nqir-cho‘nqir va past-balandlikdan iborat bo‘lgan butanlik haydovchilar yo‘llarda juda sekin harakatlanishadi.

Shuning uchun ham aholi svetofordan butunlay voz kechgan. Mashina va piyodalar harakatini maxsus xodim nazorat qilib turadi. Thimphu Osiyodagi svetofori bo‘lmagan 2 poytaxtdan biridir. Bunga Shimoliy Koreya poytaxti Pxenyanda ham guvoh bo‘lish mumkin.

Rasmiy idoraga milliy libosda borish shart

Butan yaqin-yaqinlargacha butun dunyo uchun yopiq hudud edi. Mamlakat 1971 yilda BMTga qo‘shilganidan keyin, hududga sayyohlar oqimi boshlandi. Tabiiy savol tug‘iladi: nega Butan uzoq yillar o‘zini dunyo uchun yopib yashagan?

Mamlakat aholisi buddizmga e'tiqod qiladi. Ular dinlari, qadriyat va an'analarining buzilishidan qo‘rqqani uchun dunyo bilan aloqa qilishni istashmagan. Shu sabab ham dunyo tarixida televizor eng oxirida kirib borgan davlat ham Butandir. Ular televizor butanliklar hayotini o‘zgartirib yuborishidan hadiksiragan.

Televizorda ko‘rsatilgan ilk tasvir 1998 yilda Fransiyada o‘tkazilgan futbol bo‘yicha Jahon chempionati bo‘lgan.

Nima bo‘lganda ham butanliklar milliy qadriyatlarini asrashga jon-jahdi bilan tirishadi. Shu sabab butanliklar hukumat yoki biror rasmiy idoraga borganda milliy libosini kiyishi shart. Bunda erkaklardan gho, ayollardan kira deb nomlangan milliy libos talab etiladi.

Birinchi taklif qilingandayoq ovqatlanish odobsizlik sanaladi

Bu xalq odatiga ko‘ra, birinchi marta ovqat taklif qilinganda, mehmon rozi bo‘lmasligi kerak. U «meshu-meshu» deya qo‘llari bilan og‘zini berkitib oladi. Mezbon 2-3 marta mehmonni qayta ovqat yeyishga taklif qilgandan keyin ovqat uchun rozilik bildirish odob sanaladi.

Yana bir qiziq tomoni, Butanda hamon matriarxat davr hukmron. Ayollar biznes va qishloq xo‘jaligini boshqaradi. Mulkni meros qoldirish huquqi ham ularda. Kuyovlar oila qurgandan keyin ayoli uyiga ko‘chib o‘tadi.