O‘zbekiston | 08:30 / 06.10.2021
3228
3 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish tartibini tasdiqladi 

Markaziy bank qarori bilan mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Foto: Kun.uz

Nizom banklar, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar va to‘lov tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarni raqamli identifikatsiya qilish tartibi va shartlarini belgilaydi.

Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

  • ichki nazorat qoidalari – kredit va to‘lov tashkilotlarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalari;
  • raqamli identifikatsiya – axborot tizimlaridan foydalangan holda mazkur nizomda belgilangan talablar asosida mijozning shaxsini tekshirish va tasdiqlash jarayoni;
  • raqamli autentifikatsiya – avval identifikatsiya qilingan mijozdan real vaqt rejimida olingan fotosurat yoki videotasvirni dastlabki identifikatsiya ma'lumotlari bilan avtomatlashtirilgan holda (inson omilisiz) solishtirish orqali mijozning shaxsini tekshirish va tasdiqlash jarayoni.

Kredit va to‘lov tashkilotlari quyidagilarni amalga oshirishi lozim:

  • mijozning identifikatsiya ma'lumotlarini himoya qilish bo‘yicha zarur bo‘lgan huquqiy, tashkiliy va texnik choralarni ko‘rishi;
  • identifikatsiya ma'lumotlarining ishonchliligi va to‘g‘riligini ta'minlashi;
  • identifikatsiya ma'lumotlarining soxtalashtirilishiga, ruxsatsiz o‘zgartirilishiga va oshkor qilinishiga qarshi choralarni ko‘rishi;
  • identifikatsiya ma'lumotlarini saqlash va ulardan foydalanish ustidan nazoratni ta'minlashi;
  • to‘lov xizmatlarini ko‘rsatishda axborot xavfsizligi bilan bog‘liq operatsion xatarlarni kamaytirish va ularni nazorat qilish bo‘yicha chora-tadbirlar tizimini, shu jumladan mijozni raqamli identifikatsiya qilish paytida xavfsizlikni ta'minlashi va boshqalar.

Raqamli identifikatsiya O‘zbekiston fuqarolariga, O‘zbekiston hududida doimiy yoki vaqtincha yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.

Mijozlarni raqamli identifikatsiya qilishda kredit va to‘lov tashkiloti tomonidan quyidagi usullardan foydalaniladi:

  • mijoz tomonidan taqdim qilingan ma'lumotlarga tayangan holda kredit va to‘lov tashkilotining xodimi tomonidan mijoz shaxsini tekshirish va identifikatsiya qilish;
  • kredit va to‘lov tashkilotining axborot tizimlari tomonidan real vaqt rejimida inson omilisiz mijozning shaxsini tekshirish va identifikatsiya qilish.

Raqamli identifikatsiya qilish quyidagi xizmatlarni ko‘rsatishda qo‘llanilishi mumkin:

  • elektron hamyonlarni, bank hisobvarag‘ini, shuningdek bank kartasini ochish va ularni boshqarish;
  • bank kartalari yoki elektron pullar tizimlaridan foydalanilgan holda transchegaraviy pul o‘tkazmalarini amalga oshirish;
  • onlayn-mikroqarz olish.

Mavzuga oid