Prezidentning “Davlat muassasalarini isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat mulkining zarur darajada hisobga olinishini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasiga asosan:

  • iqtisodiy o‘sish uchun barqaror shart-sharoitlarni ta'minlash manfaatlarini ko‘zlagan holda davlat ishtirokidagi korxonalar tarkibi va tuzilmasini optimallashtirish;
  • davlat ishtirokidagi korxonalarga nisbatan maqsadlarni belgilash bo‘yicha talablarni o‘rnatish;
  • iqtisodiyotning xususiy sektor muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatayotgan va raqobat rivojlangan sohalarida davlat sektorining ishtirokini cheklash;
  • mulkdor (aksiyador, ishtirokchi, muassis) funksiyalari va tartibga soluvchi funksiyalarni ajratish, jumladan, davlat ishtirokidagi korxonalarga nisbatan bir vaqtning o‘zida ham mulkdor, ham tartibga soluvchi funksiyalarni bajarish davlatning bitta organi tomonidan amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining:

  • davlat muassasalarini tashkil etish mezonlari va faoliyat ko‘rsatish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish zaruriyati mavjudligi;
  • xususiy sektor muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatayotgan va raqobat rivojlangan sohalarda ham davlat muassasalari faoliyat ko‘rsatayotganligi;
  • tugatilgan davlat muassasalariga tegishli 21 ta aksiyadorlik jamiyatlarining 2 milliard so‘mlik aksiya paketlari bo‘yicha ularning muassislari tomonidan mazkur aksiya paketlarini qayta rasmiylashtirish amalga oshirilmaganligi;
  • davlat tomonidan aksiyador (ishtirokchi) huquqini amalga oshirish Agentlikka berilgan bo‘lsa-da, bugungi kunda 50 dan ortiq muassasalar tomonidan ushbu funksiyalar amalga oshirilayotganligi to‘g‘risidagi axboroti ma'lumot uchun qabul qilinadi.

Belgilanishicha:

a) iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor rivojlangan sohalarda davlat muassasalari ishtirokini cheklash yo‘nalishida:

  • xususiy sektor muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatayotgan va raqobat rivojlangan sohalarda hamda yetarli darajada asoslantirilmasdan davlat muassasalarning tashkil etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;