O‘zbekiston | 19:42 / 11.10.2021
5054
2 daqiqa o‘qiladi

Alisher Qodirov o‘zbek tilini keng qo‘llaniladigan, zamonaviy taraqqiyotga uyg‘un tilga aylantirishga va'da berdi

O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Alisher Qodirov o‘z saylovoldi dasturida o‘zbek tilini keng qo‘llaniladigan, zamonaviy taraqqiyotga uyg‘un tilga aylanishi uchun huquqiy asoslar kuchaytirilishini ma'lum qildi.

Foto: "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi

«O‘zbek tili keng qo‘llaniladigan, zamonaviy taraqqiyotga uyg‘un tilga aylanishi uchun huquqiy asoslar kuchaytiriladi.

 Bunda:

  • O‘zbek tilida ish yuritadigan boshqa millatli fuqarolar maoshiga 25 foizgacha ustama to‘lanadi;
  • Sohaga aloqador ilmiy adabiyotlardan birini o‘zbek tiliga tarjima qilish ilmiy unvon olishning sharti sifatida kiritiladi;

O‘zbek tilini bepul o‘rgatish kurslari uchun subsidiyalar ajratiladi», – deyiladi nomzod saylovoldi dasturidagi «Ijtimoiy adolat, qadriyatlarga hurmat va fuqaro erkinliklarini ta'minlash sohasida» nomli bandda.

Alisher Qodirov saylovoldi dasturidagi ushbu bandda milliy urf-odat, an'analar, shakllangan qadriyatlarga hurmatsizlik uchun javobgarlik joriy qilishini ham ma'lum qilgan.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Konstitutsiyasi milliy urf-odatlar, an'ana va xalqimizda shakllangan qadriyatlarga nisbatan hurmatsizlik uchun ma'muriy javobgarlikka doir normalar bilan to‘ldiriladi.

Nomzodga ko‘ra, u prezidentlikka kelgan taqdirda «Islom dini — ma'rifat manbai» davlat dasturi qabul qilinadi, shuningdek, mamlakatda so‘z erkinligi va jamiyatni demokratlashtirish ham izchil davom ettiriladi.

  • «Islomiy ta'lim muassasalariga qabul kvotalari oshiriladi;
  • Qur'on kurslari ommalashtiriladi;
  • Dinshunoslik sohasidagi ilmiy ishlar rag‘batlantiriladi;
  • OAVlar qo‘shimcha qiymat solig‘idan to‘laligicha ozod qilinadi.

50 ming ovoz jamlagan murojaat bo‘yicha prezidentning OAVda shaxsan munosabat bildirishiga oid tizim yaratiladi», – deyiladi jumladan Qodirovning saylovoldi dasturida.

Илёс Сафаров
Tayyorlagan Илёс Сафаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid