O‘zbekiston | 08:35 / 11.10.2021
7802
2 daqiqa o‘qiladi

Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlaridan iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga majburiy tarzda a'zolik badali undirilayotgani aytildi

Foto: KUN.UZ

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida obodonlashtirish boshqarmasi xodimlaridan iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga majburiy tarzda a'zolik badali undirilayotgani aytildi. Mazkur xabar yuzasidan tuman hokimligi axborot xizmati munosabat bildirdi.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar mutlaqo asossiz. Tuman obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari va rahbariyati mazkur xabarni tarqatishda ishtirok etmagan va ushbu xabardan mutlaqo bexabar.

Qayd etilishicha, bugungi kunda tuman obodonlashtirish boshqarmasining mavjud 362 nafar xodimidan 139 nafari yozma roziligiga asosan iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga a'zolikka qabul qilingan. A'zolik badallarini to‘lash bo‘yicha ularga hech kanday talablar qo‘yilmagan. A'zolik badallari xodimlarning xohishiga binoan to‘lab borilgan.

Ta'kidlanishicha, joriy yil 30 avgust kuni boshqarmada tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati rahbariyati tomonidan targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilgan. Targ‘ibot-tashviqot ishlarida ishchilarning iste'molchi sifatidagi barcha huquqlarini himoya qilish kafolatlanishi, buning uchun ixtiyoriy ravishda jamiyatga a'zo bo‘lish va a'zolik badalini, ya'ni oyiga 6 ming so‘mdan to‘lash kerakligi tushuntirib o‘tilgan.

Targ‘ibot-tashviqot ishlaridan so‘ng tuman obodonlashtirish boshqarmasining 139 nafar xodimi o‘z xohishiga ko‘ra yozma ariza bilan iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga a'zo bo‘lish to‘g‘risida murojaat qilgan.

«Ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan murojaatda aytib o‘tilgan «Tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish tashkiloti boshlig‘i kelib, o‘zaro boshliqlarimiz bilan majlis o‘tkazib, ishchilar maoshidan har oyda 16 500 so‘mdan o‘tkazish haqida qaror qabul qilishdi» qabilidagi gaplari asossizdir. Bu borada hech qanday ichki qaror qabul qilinmaganini ma'lum qilamiz», deyiladi munosabatda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid