O‘zbekiston | 14:03 / 11.10.2021
3730
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryo viloyatida 27 ming gektar ekin maydoni tanlov asosida 60 mingga yaqin aholiga ajratib beriladi

Qashqadaryoda aholini tadbirkorlikka jalb qilishda eng katta rezerv – bu 56 ming gektar tomorqalardan samarali foydalanish hisoblanadi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

Foto: Milliy mass-media fondi

“Hozirgi kunda viloyatda har bir xonadonga o‘rtacha 10 sotix tomorqa to‘g‘ri kelib, uning bor yo‘g‘i 20-25 foizidan foydalanilmoqda. Agar ushbu tomorqalardan yiliga 3-4 marta hosil olish yo‘lga qo‘yilsa, qo‘shimcha 100 ming gektar yerning o‘rnini bosadi. 

Misol uchun, Qarshi tumani Talli-kuron mahallasida ko‘kat yetishtirilib, 5 martagacha hosil olib, har bir xonadon yiliga 40-50 million so‘m daromad ko‘rmoqda. Shu kabi, Shahrisabzdagi Sinabog‘ mahallasida esa limon va qator orasiga qo‘shimcha ekinlar ekish orqali bitta xonadonning yillik daromadi 80 million so‘mgacha yetmoqda.

Shu bois, alohida dastur doirasida viloyatda 27 ming gektar ekin maydonlari tanlov asosida 60 mingga yaqin aholiga 50 sotixdan ajratib beriladi. Xabarim bor, Shahrisabz tumanining tog‘oldi Hisorak, Sayyod, Suvtushar, Boshqoq, Beshbek, Sarchashma va Ommag‘on qishloqlari aholisi dehqonchilik qilish uchun ushbu yerlarning ajratilishiga katta umid bog‘lamoqdalar.

Shuningdek, 15 mingta xonadonda kichik hajmdagi issiqxonalar qurish uchun imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratiladi. Suv ta'minoti og‘ir bo‘lgan 771 ta mahalladagi tomorqalar uchun 4 mingta quduq qazib beriladi. Mana sizlarga bandlik va aholi daromadi bo‘yicha aniq hisob-kitob”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid