O‘zbekiston | 12:46 / 13.10.2021
2482
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiy shahrida tibbiyot klasteri tashkil etiladi 

Navoiy viloyatida bugungi kunda 294 ming nafar yoki 30 foiz aholining surunkali kasalliklari bor. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev aytib o‘tdi.

“Tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini moddiy texnik bazasini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash va davolash imkoniyatlari kengaytiriladi.

Jumladan, keyingi yilda 20 ta yangi oilaviy poliklinika va shifokorlik punktlari tashkil etiladi. Oilaviy shifokor punktlarida diabet va qon-tomir kasalliklarni erta aniqlaydigan ekspress-diagnostika usullari joriy etilib, har yili 300 ming nafar aholi manzilli skriningdan o‘tkaziladi. Kasallik aniqlanganda esa zarur dorilar bepul beriladi.

Bundan tashqari, 40 yoshdan oshgan 148 ming nafar ayollar har yili onkologik skrining tekshiruvidan o‘tkaziladi. Viloyatning hududi kattaligini inobatga olib, Xatirchi, Navbahor tumanlari va Zarafshonda perinatal markazlar, shuningdek Zarafshonda o‘tkir qon-tomir kasalliklari va shikastlanish markazi tashkil qilinadi. 

Barcha ixtisoslashgan tibbiy xizmatlarni bir joyda ko‘rsatish va sifatini oshirish uchun Navoiy shahrida “tibbiyot klasteri” tashkil etiladi. Bunda, viloyat ko‘p tarmoqli markazi hamda endokrinologiya, onkologiya, oftalmologiya, urologiya va travmatologiya shifoxonalari birlashib, 600 o‘rinli markaz barpo etiladi. Viloyatda katta yoshli aholi uchun, 150 o‘rinli yuqumli kasalliklar shifoxonasi quriladi.

Nogironligi bo‘lgan va tibbiy reabilitatsiyaga muhtoj bemorlar uchun, mintaqaviy reabilitatsiya markazi barpo etilib, barcha zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid