Jahon | 15:37 / 16.10.2021
18396
12 daqiqa o‘qiladi

AQSh sudi DV-2020 g‘oliblariga 9095ta viza berish haqida qaror chiqardi. Bu vizalar qanday taqsimlanadi?

AQSh Davlat departamenti grin-karta g‘oliblariga qarshi yana bir sudda yutqazdi. Sud departamentga 1 yil ichida DV-2020 g‘oliblariga 9095ta viza berish majburiyatini yukladi.

Foto: Getty Images

Kolumbiya okrug sudi 13 oktyabrda “Mr. Gomez v. Biden” (“Janob Gomez Baydenga qarshi”) deb nomlangan ish bo‘yicha qarorini e'lon qildi. Qarorga ko‘ra, 2022 yilning 30 sentyabrigacha DV-2020 dasturining g‘oliblariga zaxiralangan 9095ta viza berilishi kerak.

Sud Davlat departamentining so‘rovini qanoatlantirmadi

Sud qarorida keltirilishicha, da'vogarlar sud ishi davomida javobgar – AQSh Davlat departamenti bilan kelisha olmagan. Sudda taraflarning pozitsiyasi bir-birinikidan keskin farq qilgan.

DV-2020 dasturi g‘oliblari zaxiralangan vizalarni berishni 2022 yilning 31 yanvarigacha tugatishni talab qilishgan bo‘lsa, Davlat departamenti manfaatlarini himoya qilgan advokatlar DV-2020 dasturi g‘oliblarining arizalarini ko‘rib chiqishni zudlik bilan boshlash imkoniyati yo‘qligini bayon qilishib, jarayonni 2023 moliyaviy yilgacha kechiktirishni so‘ragan.

Javobgar tomon grin-kartachilarga viza berish kechikishi mumkinligini quyidagi sabablar bilan asoslagan:

  • Davlat departamentining viza bo‘limi 2022 yil davomida Afg‘onistonni tark etishga qaror qilgan shaxslarga shoshilinch shoshilinch viza yordami ko‘rsatish, xususan, ularga maxsus immigratsion vizalarni tayyorlab berishni o‘z ichiga oluvchi evakuatsiya ishlari bilan to‘liq band bo‘ladi;
  • Ayni paytda ushbu bo‘limda muayyan moliyaviy yil tugaganidan so‘ng DV-dasturlarini ko‘rib chiqish uchun axborot tizimlari infratuzilmasi yo‘q;
  • Departament hozir yoki yaqin kelajakda DV-2020 dasturi vizalari uchun arizalarni qayta ko‘rib chiqish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarga ega emas.

Tomonlarning iddaolarini ko‘rib chiqqach, sud Afg‘onistondan evakuatsiya qilinayotganlarga viza berish jarayoni davom etayotganiga ishongan, biroq Davlat departamenti sud qarorini bajarish uchun axborot tizimlari infratuzilmasini o‘zgartirish zarurligini bila turib, nima uchun bu ishni 2022 yil 1 oktyabrdan oldin amalga oshirilmasligi bo‘yicha yetarlicha tushuntirish berilmagan deb topgan.

Shu bois Kolumbiya okrug sudi sudyasi Amit Mehta javobgar zimmasiga DV-2020 dasturi g‘oliblariga 9095ta vizani iloji boricha tezroq berishni boshlash va 2022 yil 30 sentyabridan kechiktirmay DV-2020 dasturi g‘oliblariga zaxiralangan vizalarni berib tugatish majburiyatini yukladi.

Davlat departamenti sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berishi mumkin

Migratsiya masalalari bo‘yicha mutaxassis O‘tkir Rahmatullayevning so‘zlarig ko‘ra, AQSh Davlat departamenti Kolumbiya okrug sudining “Mr. Gomez v. Biden” ishiga oid 13 oktyabrdagi qarori bo‘yicha munosabat bildirilishini ma'lum qilgan. Bundan shuni taxmin qilish mumkinki, departament yo sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyati bermoqchi, yo masalaning yechimi bo‘yicha boshqa bir to‘xtamga keladi.

“Deylik, apellyatsiya berilsa, bu qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin? Avvalosi, Davlat departamentining sudga apellyatsiya shikoyati kiritish uchun 30 kun vaqti bor. 13 noyabrgacha bu imkoniyatdan foydalanishlari mumkin. Kolumbiya okrug sudining 13 oktyabrdagi qarori ustidan apellyatsiya shikoyati kiritilgan taqdirda bu jarayon kamida 6 oy, aksar hollarda esa bir yil va undan ko‘p vaqt davom etishi mumkin.

Bunday vaziyatda Davlat departamenti manfaatlarini himoya qiluvchi advokatlar suddan apellyatsiya instansiyasi qarori chiqarilmaguncha 2021 yil 13 oktabr kuni chiqarilgan sud qarorini “muzlatib” qo‘yishni, ya'ni ijrosini to‘xtatib turishni so‘rashlari ehtimoli yuqori.

Sud davlat advokatlarining bu iltimosini qanoatlantirsa, to apellyatsiya jarayoni yakuniga yetmaguncha DV-2020 dasturi bo‘yicha zaxiralangan vizalar hech kimga berilmaydi. Bordi-yu sudya avvalgi sud qarori ijrosini to‘xtatishni lozim deb topmasa, zaxiralangan 9095ta DV-vizani berish jarayoni boshlanadi”, deydi O‘tkir Rahmatullayev.

9095ta viza qanday taqsimlanadi?

DV Lottery dasturida co‘nggi 5 yilda AQShga 50 ming fuqarosini immigratsiya qilgan davlatlardan tashqari barcha davlatlar fuqarolari qatnasha oladi. O‘zbekistonliklar ham dasturda ishtirok eta oluvchilar jumlasidandir. Har yili lotereya o‘ynaganlar orasidan dunyo bo‘ylab 55 ming kishi tanlab olinadi. Grin-karta egalari tasodifiy tanlanadi. Beriladigan vizalar mamlakat va mintaqa bo‘yicha cheklangan. Hech qaysi mamlakatga umumiy “grin-karta”ning 7 foizidan (3,5 ming) ortig‘i berilmaydi.

DV-2020 dasturida qatnashish uchun dunyo bo‘yicha 14 722 798ta ariza kelib tushgan. Ariza beruvchilarning oila a'zolari bilan qo‘shib hisoblaganda bu ko‘rsatkich 23 182 554tani tashkil etadi. Shundan 83 884 kishi tanlab olingan.

G‘oliblarning 1743 nafari – o‘zbekistonlik. Biroq 28884 nafar shaxs grin-karta ololmasligini hamma oldindan bilgan, chunki har yili 55 ming kishi tanlab olinishini yuqorida ta'kidlab o‘tdik. Ko‘proq odam tanlab olinishi konsul bilan viza olishgacha bo‘lgan jarayonda ko‘plab ishtirokchilarga hujjatlaridagi kamchilik va boshqa sabablarga ko‘ra rad javobi berilishi ehtimoli bilan bog‘liq.

Belgilangan tartibga ko‘ra, DV-2020 dasturi g‘oliblari 2019 yilning 1 oktyabridan 2020 yilning 30 sentyabrigacha viza olishlari kerak edi. Biroq atigi 18 288 kishi grin-karta olishga muvaffaq bo‘ladi. Koronavirus pandemiyasi tufayli 2020 yilning 20 martida AQShning xorijiy davlatlardagi barcha konsullik idoralari, vakolatxona va elchixonalari viza berishni to‘xtatishi ortidan DV-2020 dasturi g‘oliblari okeanortiga keta olmay qolishdi.

2020 yilning aprelida AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Donald Tramp mamlakatga immigratsiyani vaqtincha to‘xtatish haqidagi farmonni imzolagan, hujjatda koronavirus sababli yuzaga kelgan inqiroz sharoitida amerikaliklarga ish o‘rinlarini kafolatlash uchun xorijliklarga kamida 60 kunga grin-kartalar berilishi to‘xtatilishi ko‘zda tutilgandi. Keyinchalik cheklov noma'lum muddatgacha uzaytirildi va DV-2020 dasturi g‘oliblari ham bundan aziyat chekishdi. Natijada butun dunyo bo‘ylab grin-karta lotereyasi minglab g‘oliblarining AQSh hukumatiga qarshi sudlashuvlari avj oldi.

Xo‘sh, Kolumbiya okrug sudining qarori bilan zaxiraga olingan 9095ta viza kimlarga beriladi? Bu borada javoblardan ko‘ra savollar ko‘proq. Ko‘pchilik ushbu savollarga AQSh Davlat departamenti tomonidan oydinlik kiritilishini kutmoqda.

Hozircha ma'lum bo‘lgani shuki, “Mr. Goodluck v. Biden” (“Janob Gudlak Baydenga qarshi”) deb nomlangan sud ishidan farqli o‘laroq 9095ta viza da'voda ishtirok etgan-etmaganidan qat'i nazar, DV-2020 dasturining barcha g‘oliblariga berilishi mumkin. “Mr. Goodluck v. Biden” ishi bo‘yicha sud qarorida faqat da'voda qatnashganlar zaxiralangan 6914ta viza sohibi bo‘lishi mumkinligi aytilgan edi.

Advokatlarning aytishicha, DV-2020 bo‘yicha birinchi navbatda viza olish uchun konsullik suhbatida bo‘lgan, biroq hujjatlarida qandaydir kamchiliklar aniqlangani uchun qayta tekshiruvga yuborilgan shaxslar suhbatga birinchi bo‘lib chaqirilishi kutilmoqda. Shuningdek, elchixona tomonidan suhbat kuni belgilangan, biroq pandemiya tufayli suhbatga chaqirilmagan shaxslar ham birinchi navbatda vizalarga da'vogar bo‘la olishadi. Qolgan g‘oliblarning arizalari esa navbat bo‘yicha ko‘rib chiqilishi taxmin qilinmoqda.

“Zaxiraga olingan 9095ta viza bo‘yicha arizalar qay tartibda ko‘rib chiqiladi? Sud qarorida bu savolga javob berilmagan. Hujjatda bu Davlat departamentining vakolatidagi masala ekani ta'kidlanib, faqatgina zaxiralangan vizalar “malakali immigrantlarga tasodifiy tartibda” berilishi kerakligi bayon etilgan. Javobgar sud qarori bo‘yicha qilingan ishlar haqida har 60 kunda hisobot berib borishi shart.

Garchi sud qarorida vizalar qay tarzda taqsimlanishi departamentga havola qilgan bo‘lsa-da, bu borada sud ishida qatnashgan advokatlar o‘z tajribalariga asoslanib ayrim taxminlarni bildirishmoqda. Konsul bilan suhbatda bo‘lgan, biroq hujjatlarida qandaydir kamchiliklari bo‘lgan, masalan, elchixonaga topshirgan sudlanmagani haqida ma'lumotnomasining amal qilish muddati o‘tib ketgan, qaysidir hujjati ingliz tiliga tarjima qilinmay qolib ketgan, yoki ajrim haqidagi hujjatni taqdim etmagan bo‘lsa, bunday shaxslarga kamchiliklarni bartaraf etish uchun vaqt berilgan va shundan keyingina viza berilishini ma'lum qilingan, biroq u to ko‘rsatilgan kamchiliklarni tuzatguniga qadar elchixona yopilib qolgan bo‘lsa, bunday shaxslarning hujjatlari birinchi navbatda ko‘rib chiqiladi.

Bu jarayon ma'muriy tekshirish deb ataladi va u ikki turga bo‘linadi. Yuqoridagi sanab o‘tilgan vaziyatlar oddiy ma'muriy tekshirishga misol bo‘lsa, ikkinchisi murakkabroq. U qaysidir arizachining o‘zi yoxud hujjatlari konsulda shubhaga tug‘dirganda tayinlanadi. To‘g‘risini aytish kerak, bunday holatda viza berilishiga hech qanday kafolat yo‘q. Sababi talabgorlar shundog‘am ko‘p bo‘lgan vaziyatda elchixonaning konsullik bo‘limi bu toifadagilarning arizalarini qayta ko‘rib chiqishga vaqt topa oladimi-yo‘qmi, bunisi qorong‘i. Yana ham nima bo‘lishi vaqt ko‘rsatadi.

AQShning ba'zi mamlakatlardagi elchixonalari yaxshi ishlaydi, ba'zilarining faoliyati sust. Xo‘sh, bunday vaziyatda 9095ta viza turli mamlakatlardagi DV-2020 g‘oliblari o‘rtasida qanday taqsimlanadi? AQSh qonunchiligiga ko‘ra bunday vaziyatda har bitta mamlakatga 7 foizdan ziyod viza berilmasligi kerak. Ko‘p narsa AQSh Davlat departamentining va'da qilingan rasmiy munosabati e'lon qilingach ma'lum bo‘ladi”, deydi O‘tkir Rahmatullayev.

Eslatib o‘tamiz, Kolumbiya okrug sudi da'voda ishtirok etgan DV-2021 g‘oliblari uchun 6914ta viza zaxiraga olinishi haqida qaror chiqargandi. Da'vogarlar orasida 350 nafar o‘zbekistonlik ham bor. Zaxiralangan vizalarni berish qachon boshlanishi hozircha noma'lum. Chunki 2022 yilda yana bir sud qarori chiqarilishi kutilmoqda, shu bois yakuniy sud qarorigacha voqealar rivojini tasavvur qilish mushkul.

Avvalroq bir guruh o‘zbekistonliklar AQShning Toshkentdagi elchixonasi DV-2021 dasturi g‘oliblariga viza berishda sustkashlik qilayotgani, 16 sentyabrdan buyon atigi 41 kishi suhbatga chaqirilganidan shikoyat qilishgan edi. Jarayondan xabardor vatandoshlarning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, 28 sentabr kuni o‘tkazilgan suhbatdan so‘ng 40 nafar o‘zbekistonlikka DV vizasi berilgan.

Mavzuga oid