141 mamlakatdan 24 ming nafardan ortiq odam, jumladan, 350 nafar o‘zbekistonlik “Turli millat vakillari uchun immigratsiyaviy viza dasturi” (Diversity Immigrant Visa Program – AQSh rezidenti maqomini olish huquqini beruvchi vizalar olish dasturi) g‘oliblarining arizalarini ko‘rib chiqishdan bosh tortayotgani sababli AQSh hukumati bilan sudlashayotgani haqida avvalroq xabar berilgandi.

Sudda da'vogarlar manfaatlarini himoya qilayotgan amerikalik advokat Kyortis Morrison va o‘zbekistonliklar o‘rtasida vositachilik qilayotgan O‘tkir Rahmatullayevning aytishicha, Kolumbiya okrug sudining 9 sentyabrdagi qarorida javobgar [AQSh Davlat departamenti] zimmasiga 2021 yil 30 sentyabrga qadar DV-2021 dasturi g‘oliblarining arizalarini ekspress rejimida ko‘rib chiqishi, buning uchun o‘z vakillari orqali vijdonan harakat qilishi kerakligi ta'kidlangandi.

Shuningdek, sud qarorida boshqa turdagi, ya'ni DV bo‘lmagan vizalar bo‘yicha arizalarini ko‘rib chiqishda 2020 yilning noyabr oyida Davlat departamenti tomonidan AQShning xorijdagi elchixonalari faoliyatiga tatbiq etilgan ustuvorlik siyosatiga tayanmaslik haqida so‘z boradi. Ya'ni yuqoridagi ustuvorlik prinsipi bo‘yicha grin-karta lotereyalari bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqish eng oxirgi o‘ringa qo‘yilgan bo‘lib, sud AQShning xorijdagi elchixonalari tomonidan bu tamoyilga amal qilmaslikni, balki bu bo‘yicha arizalar tezkorlik bilan ko‘rib chiqilishi kerakligini o‘z qarorida belgilab qo‘ygan.

Biroq Kun.uz’ga murojaat qilgan vatandoshlar AQShning Toshkentdagi elchixonasi sudning ushbu qarorini ijro etmayotgani, garchi sayt savollariga javoban elchixona “O‘zbekistondagi “Turli millat vakillari uchun immigratsiyaviy viza dasturi”ga bo‘lgan qiziqishni e'tirof etishi, qadrlashi hamda konsullik bo‘limi ayni paytdagi va kelgusi viza arizalarini ko‘rib chiqish uchun vijdonan harakat qilishi”ni ta'kidlagan bo‘lsa-da, amalda bu so‘zlarga teskari harakat qilayotganini aytishmoqda.

“Sud o‘z qarori bilan bir viza talabnomasidan ikkinchisining ustun qo‘yilishini vaqtincha bekor qilgan bo‘lsa-da, amalda bu sezilayotgani yo‘q. To‘g‘ri, AQShning Toshkentdagi elchixonasi 16 sentabr kuni o‘zbekistonlik DV-2021 dasturi g‘oliblarini viza suhbatlariga chaqirishni boshlagandi. Bizdagi ma'lumotlarga ko‘ra, shu kuni 20ta ariza bo‘yicha jami 41 kishi 28 sentabr kungi suhbatga chaqirilgan.

Biroq negadir keyingi kunlarda bu jarayon to‘xtab qolgan. Ya'ni 17 sentyabrdan beri 41 kishidan boshqa hech kim suhbatga chaqirilmadi. Elchixona bu harakati bo‘yicha hech qanday izoh bermayapti.