Jahon | 21:56 / 24.10.2021
22816
6 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus: Rossiyada olti kundan buyon kuniga mingdan ortiq o‘lim qayd etilmoqda, Peterburgda ham lokdaun e'lon qilindi

Rossiyada bir sutkada 1072 kishi koronavirusdan vafot etdi. Covid-19 tufayli qayd etilgan o‘lim holatlari soni ketma-ket oltinchi kun mingdan yuqori bo‘ldi.

Foto: TASS

Rossiyada yana 35 660 kishida Covid-19 aniqlangani xabar qilindi, so‘nggi bir kunda 1072 kishi koronavirusdan vafot etgan.

Rossiyada bundan oldingi uch kunda kunlik holatlar soni 37 mingdan yuqori bo‘lgan, 23 oktabr kuni koronavirusga chalinish holatlari bo‘yicha navbatdagi maksimum qayd etilgandi - 37 678ta yangi holat, shu kuni 1075 o‘lim holati ro‘yxatga olingan - ikki ko‘rsatkich ham pandemiya boshidan yangi rekord bo‘lgandi.

So‘nggi bir kunda Rossiyada 1072 kishi koronavirusdan vafot etdi. Mamlakatda 19 oktyabrdan beri har kuni ushbu kasallik tufayli mingdan ortiq o‘lim qayd etilgan, tezkor shtab ma'lumotlariga ko‘ra, pandemiya boshidan buyon jami 230 600 kishi kasallik qurboni bo‘lgan.

Eng ko‘p kasallanish holatlari Moskvada - 5279, bundan oldingi kunlarda bu ko‘rsatkich 7-8 mingga yetgandi.

Avvalroq Moskva meri Sergey Sobyanin kasallanish holatlari va o‘lim holatlari bo‘yicha raqamlar o‘sishda davom etishi mumkinligini istisno qilmagandi.

«Bu dinamikada biz keyingi hafta boshida kasallanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha pikka chiqishimiz va pandemiya tarixidagi yangi rekordlar qayd etilishi kutilmoqda. Bu esa sog‘liqni va odamlar hayotini saqlash uchun chora ko‘rish zarurligini anglatadi», degandi u «Rossiya 1» uchun bergan intervyusida.

16 oktyabrda mamlakatda koronavirusdan kunlik o‘lim holatlari birinchi marta mingdan oshgani ma'lum qilingandi.

Kommunarkadagi shifoxona bosh shifokori Denis Protsenko Rossiyada koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat kritik nuqtaga yetganini, aholi orasida emlash darajasi esa pastligini ma'lum qilgan.

Vaziyat og‘irlashgani munosabati bilan Rossiyada 30 oktyabrdan 7 noyabrgacha bo‘lgan muddat ishlanmaydigan kunlar sifatida belgilangan.

Moskvada bir necha kun oldin e'lon qilingan lokdaun 28 oktyabrda boshlanib, 7 noyabrgacha davom etadi. Bu davr mobaynida Rossiya poytaxtida faqat dorixonalar hamda birinchi navbatda zarur bo‘lgan mahsulotlar sotiladigan do‘konlar ochiq bo‘ladi. Xuddi shu kabi cheklov choralari Moskva oblastida ham joriy etilgan.

Peterburgdagi kovid bemorlarini qabul qiluvchi shifoxona oldidagi tez yordam mashinasi
Aleksandr Demyanchuk / TASS

Peterburgda ham lokdaun. «Fontanka» ma'lumotiga ko‘ra, rasmiylar shaharga moskvaliklar kelmasligi uchun shunday qarorga kelishgan

22 oktabr kuniyoq — lokdaun e'lon qilinishidan bir kun oldin — «Fontanka» Peterburg hukumati «moskvacha ssenariy»ga tayyorlanayotgani, ya'ni 30 oktyabrdan 7 noyabrga qadar qat'iy karantin joriy etish rejalashtirilgani haqida xabar tarqatgandi. Nashr o‘z manbasiga asoslanib shahar aholisi antikovid choralari haqida qachon xabardor qilinishi haqida ham yozgandi merax — 23 oktabr kuni kechqurun.

Shunday bo‘ldi ham. Shanba kuni Peterburg shahri ma'muriyati saytida gubernator Aleksandr Beglov tomonidan imzolangan hujjat matni paydo bo‘ldi. Unga ko‘ra 30 oktyabrdan 7 noyabrga qadar muddatda shaharda quyidagilar yopiq bo‘ladi:

  • kafe, bar va restoranlar (faqat olib ketish va yetkazib berish mumkin);
  • oziq-ovqat mahsulotlari sotilmaydigan do‘konlar, dorixonalar va eng birinchi zaruriyat ashyolari sotiladigan do‘konlar bundan mustasno;
  • go‘zallik salonlari (ammo sartaroshxonalar emas), fitnes-markazlar, katoklar va akvaparklar;
  • bolalarning ko‘ngilochar o‘yinlar markazlari;
  • Ko‘p funksiyali markazlar;
  • kutubxonalar, galereyalar, kinoteatrlar, konsert zallari va sirklar.

Shuningdek, deyarli barcha tadbirlar o‘tkazilishi bekor qilingan. Qarorga ko‘ra, tadbirlarni teatrlar va muzeylardagina o‘tkazish mumkin. Bunday joylarga faqat QR-kod (to‘liq emlangani yoki kasallikni boshdan kechirgani haqidagi ma'lumotnoma) bilan kirishga ruxsat etiladi. Vitse-gubernator Boris Piotrovskiy bu «haqiqiy peterburgliklar va go‘zallikni qadrlovchilar uchun xushxabar» ekani haqida yozdi. «Uzoq davom etadigan dam olish kunlarini unumli o‘tkazing va o‘zingizni asrang», deya qo‘shimcha qiladi amaldor.

«Fontanka»ning aniqlik kiritishicha, rasmiylar ikki asosiy sababga ko‘ra shunday cheklovlar joriy etishga qaror qilishgan. Birinchisi — shaharda kasallanish darajasini pasaytirish (16 oktyabrdan Peterburgda har kuni 3000dan ortiq yangi kasallanish holatlari qayd etilmoqda). «Agar hozir lokdaun joriy etilmasa, bir haftadan keyin kovid statsionarlarida bo‘sh joylar qolmaydi», deya izoh bergan nashr manbasi.

Lokdaun kiritilishining ikkinchi sababi — noyabrdagi bayramlar munosabati bilan Moskva va boshqa shaharlardan keluvchilarning katta oqimining oldini olish. «Fontanka» xabariga ko‘ra, Moskvada lokdaun joriy etilgach, Peterburgga qatnovchi «Sapsan» tezyurar poyezdlariga talab keskin oshgan, Peterburg va Leningrad oblastidagi mehmonxonalarda bo‘sh joylar deyarli qolmagan. Yangi cheklovlarga ko‘ra, mehmonxona va sanatoriyalarga faqat QR-kodlar yoki PsR-testlar (kelishdan uch kun oldin topshirilgan) bilan kirish mumkin.

Bundan tashqari, lokdaun haqida e'lon qilinishidan avvalroq Peterburg hukumati noyabr oyi boshidan QR-kodlar nafaqat sayyohlar, balki barcha uchun talab qilinishini ma'lum qilgandi. 1 noyabrdan 40dan ortiq kishi ishtirok etadigan tadbirlar to‘xtatiladi. 15 noyabrdan basseynlar, fitnes-markazlar, teatrlar, sirklar, konsert zallari, kinoteatrlar, muzeylar va ko‘rgazmalarga kirish uchun QR-kod bo‘lishi kerak. 1 dekabrdan kod barlar va kafelar, shuningdek savdo markazlariga kirishda so‘raladi.

Shahar rasmiylari shunday cheklovlar orqali yangi yil bayramlari arafasida lokdaun joriy etishga zarurat qolmasligidan umid qilishmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid