09:08 / 27.10.2021
32564

“Tolibon” 42 yil ichida ilk bor Afg‘oniston aholisi sonini hisoblab chiqmoqchi

Afg‘onistonda aholini ro‘yxatga olish oxirgi marta 1979 yilda o‘tkazilgan. O‘shanda mamlakatda 15,5 mln kishi yashashi ma'lum bo‘lgan.

Foto: Iason Athanasiadis

“Tolibon” harakati Afg‘onistonda 42 yil ichida ilk bor mamlakat aholisi sonini hisoblab chiqishni rejalashtirmoqda. Bu haqda respublikaning toliblar tashkil etgan muvaqqat hukumati vakili Zabihulla Mujohid ma'lum qildi.

Uning ta'kidlashicha, bu haqdagi qaror hukumat yig‘ilishida qabul qilingan.

“Yig‘ilishda mamlakatdagi iqtisodiyot va turli infratuzilmaviy loyihalar muhokama qilindi. Mamlakatning demografik xizmati faoliyati bilan bog‘liq masalalar ko‘rilgan va Afg‘oniston aholisini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga qaror qilingan”, deb ma'lum qilingan xabarda.

Ushbu jarayon qachon amalga oshirilishi hozircha noma'lum.

Yig‘ilishda, shuningdek, mamlakatda giyohvandfurushlikka qarshi ko‘rilayotgan choralar, diniy arboblar malakasini oshirish zarurligi, sog‘liqni saqlash tizimidagi vaziyat va Turkmanistondan Afg‘oniston, Pokiston va Hindistongacha cho‘ziluvchi TAPH gaz quvuri loyihasini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilingan.

Afg‘onistonda aholini ro‘yxatga olish oxirgi marta 1979 yilda o‘tkazilgan. O‘shanda mamlakat aholisi 15,5 mln kishini tashkil qilishi ma'lum bo‘lgan.

2013 yildan 2018 yilgacha Afg‘onistonda BMT ko‘magida sun'iy yo‘ldoshdan suratga olish va masofadan zondlash texnologiyasi yordamida aholi sonini hisoblash bo‘yicha dastur amalga oshirilgan. Biroq uning natijalari jamoatchilik tomonidan tanqid qilingan, shundan keyin bir necha marta qayta ko‘rib chiqilgan va oxir-oqibat tasdiqlanmagan.

Afg‘onistonning milliy statistika va axborot boshqarmasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yil oxirida mamlakatda 32,9 mln kishi yashagan. Ulardan 16,8 mln nafarini erkaklar, 16,1 mln nafarini ayollar tashkil qiladi. Shuningdek, shahar aholisi 8 mln kishidan, qishloq aholisi 23,4 mln kishidan, ko‘chmanchi aholi esa 1,5 mln kishidan iborat.

Top