07:46 / 27.10.2021
9993

Xitoyda 3,5 mln aholiga ega shahar karantinga yopildi

Xitoyning Gansu provinsiyasi ma'muriy markazi hisoblangan Lanchjou shahrida koronavirus tarqalishi sababli qat'iy karantin e'lon qilindi.

Foto: Xinhua/Pan Yulong

3,5 mlnlik shahar aholisiga uylarini zaruratsiz tark etish taqiqlab qo‘yildi. Mutasaddi idoralar aholi yashaydigan hududlarga kirish-chiqishni qat'iy nazorat ostiga oldi. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarini faqat kontaksiz yetkazishga ruxsat berilgan.

Shaharda taksi va jamoat transport faoliyati to‘xtatiladi. Temir yo‘l vokzalida 70ga yaqin reys, jumladan Pekinga reyslar bekor qilingan.

China Southern Airlines aviakompaniyasi vakilining ma'lum qilishicha, Pekin va Lanchjou o‘rtasidagi barcha reyslar ham qoldirilgan. Ayni vaqtda parvozlar qachon tiklanishi noma'lum.

25 oktyabrda Gansu provinsiyasida 51 ta, jumladan Lanchjouda 6 ta kasallanish holati qayd etilgan. 18 oktyabrdan beri shaharda 39 ta kasallanish holati aniqlangan.

17 oktyabrdan beri Xitoyning 11 ta provinsiyasida yuzdan ko‘proq kasallanish holati qayd etilgan. Virusning jadal tarqalishi uning “delta-shtammi” bilan bog‘lanmoqda. Xitoy hukumati virusning mamlakatga kirishi oldini olishga harakat qilmoqda va kasallanish o‘chog‘i paydo bo‘lishi bilan kasallanganlarni tezda yakkalashga intilmoqda. Mamlakatda hukumat ko‘rsatmalariga amal qilmaydigan odamlar o‘z lavozimidan bo‘shatilmoqda yoki axloq-tuzatish ishlari bilan jazolanmoqda. 

Top