11:27 / 01.11.2021
3261

Avstraliya 1,5 yil ichidagi birinchi muntazam reysni qabul qildi

Foto: threeedil / Unsplash

Avstraliyaning Sidney shahri aeroporti 1,5 yil ichidagi birinchi muntazam yo‘lovchi reysni qabul qildi. Samolyot Los-Anjyelesdan uchib kelgan. Bungacha mamlakatda tashqi dunyo bilan aloqa pandemiya sababli 590 kundan beri yo‘q edi.

Avstraliyaning Qantas aviakompaniyasi samolyotda kelgan yo‘lovchilar karantindan o‘tmasligi yoki biror cheklovlarga amal qilishi shartmasligini ma'lum qilgan, chunki reysga koronavirusga qarshi to‘liq emlanganlargina chiqarilgan.

“Aviakompaniya pandemiya vaqtida avstraliyaliklarni xorijdan qaytarish bo‘yicha yuzlab reyslarni amalga oshirdi, biroq bu reys deyarli 600 kun ichidagi birinchi muntazam reys bo‘ladi”, deb qo‘shimcha qilingan kompaniyada.

Qantas Group bosh direktori Alan Joysning aytishicha, parvozlar rejalashtirilgandan barvaqt boshlangan, chunki avstraliyaliklar emlash bo‘yicha milliy dasturda faol ishtirok etishgan.

Avstraliya chegaralari to‘liq emlangan sayyohlar uchun ochilib, ular barcha karantin cheklovlaridan ozod qilingan. 1 noyabrdan aviakompaniya London va Los-Anjyelesdan muntazam reyslarni amalga oshirishni boshlaydi. Shuningdek, bir qator boshqa yo‘nalishlarni ochish rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid
Top