Jahon | 20:46 / 02.11.2021
31515
4 daqiqa o‘qiladi

Sallivanlar voqeasi: Nega AQSh dengiz armiyasida aka-ukalarning birga xizmat qilishiga ruxsat berilmaydi?

Sallivanlar voqeasi nomi bilan AQSh tarixida qolgan 5 aka-uka 1942 yilning 13 noyabrida bitta kemada cho‘kib ketadi. O‘shanda kema yaponlar tomonidan portlatilgan va jami 683 kishi halok bo‘lgandi.

Foto: pinterest.com

II Jahon urushida AQSh katta talafot ko‘rgan to‘qnashuvlardan biri 1942 yilda Tinch okeani janubi-g‘arbida joylashgan Guadalkanal orolida bo‘lib o‘tgan va bu – tarixga Guadalkanal jangi nomi bilan kirgan.

Guadalkanal – Solomon orollari tarkibidagi eng katta orol. 1942 yilning may oyidan beri Solomon orollarini Yaponiya nazorat qilardi. Yaponlarni taslim qilishga urinayotgan Amerika orol hududida 1942 yilda yirik janglarni boshlaydi.

Foto: britannica.com

Shunday janglardan biri 1942 yilning 13 noyabr tongida AQShning Juneau CL-52 kemasi va yaponlar o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Ikki tomon ham yetarlicha qurbonlar berganidan so‘ng Juneau Solomon orollaridagi bazaga qaytishga qaror qiladi. Kema bazaga qaytayotgan paytda Yaponiyaning qayta hujumi boshlanadi. Yaponlarning portlovchi quroli Juneau’ga uriladi va kema portlab ketadi.

 

Foto: ctfassets.net

Omon qolganlarning ko‘pi ochlik yoki akulalar hujumidan halok bo‘lgan

Ma'lumotlarga qaraganda, kema portlatilgandan keyin taxminan 100 kishi omon qolgan. Biroq AQSh qutqaruv ekipajining kech jo‘natilishi qurbonlar sonini oshirib yuboradi. Qutqaruvchilar yetib kelguniga qadar omon qolganlarning ko‘pi ochlikdan yoki akulalar hujumidan halok bo‘ladi. Kema cho‘kkandan keyin 7 kun o‘tib, 8 askarning tirikligi ma'lum bo‘ladi.

Portlash tufayli jami 683 kishi halok bo‘lgan. Ular orasida 5 aka-uka Sallivanlar ham bor edi.

Umuman, 1942-1943 yillarda Guadalkanal orolida 2 davlat o‘rtasidagi ilk katta janglar bo‘lib o‘tadi. Bu muddat ichida AQSh va Yaponiya 3 marta quruqlikda, 7 marta dengizda to‘qnashadi. 1943 yilning 7 fevralida yaponlar chekinishga majbur bo‘ladi.

To‘ng‘ich farzand aqldan ozib vafot etadi

5 dengizchi aka-uka Jorj, Frank, Jozef, Madison va Albert Sallivanlar Ayova shtatida tug‘ilgan. Ularning ota-onasi Tomas va Alleta Sallivan asli irlandiyalik edi. Aka-ukalar yoshi o‘rtasida farq katta bo‘lmagani sabab ular dengiz armiyasida birga xizmat qilishgan. Qutqaruvchilarning aytishicha, 1942 yil 13 noyabrda AQSh harbiy kemasiga hujum qilinganda 26 yoshli Frank, 24 yoshli Jozef, 23 yoshli Madison o‘sha joyning o‘zida portlab ketgan. 20 yoshli Albert esa halokatdan 1 kun o‘tib cho‘kib ketgan.

 

Foto: bloximages

To‘ng‘ich farzand Jorj ukalarining halok bo‘lganini bilib, 4-5 kundan keyin aqldan ozib vafot etadi. O‘shanda u 27 yoshda edi.

5 o‘g‘ildan bir kunda kelgan qoraxat

Bu yo‘qotishdan yaponlar xabar topishini istamagan Amerika halok bo‘lgan askarlarining oilasiga xabar bermay turishga qaror qiladi. O‘g‘illaridan xat kelmayotgan oilalar sarosimaga tusha boshlaydi. Aletta Sallivan 1943 yil yanvar oyida AQSh harbiy dengiz kuchlari byurosiga farzandlari daragini so‘rab xat yozadi. Oradan bir necha kun o‘tib, Tomas Sallivan ishga jo‘nayotganda eshik taqillab qoladi. Tomas eshikni ochib, shifokor va leytenantni ko‘radi. Tomasning so‘ragan birinchi savoli shu bo‘ldi: “Qaysi biri?” Leytenant javob beradi: “Juda ham afsusdaman, beshalasi ham”.

Foto: modelshipmaster

Voqeadan keyin aka-ukalarning AQSh dengiz xizmatida bitta kemada ishlashiga qat'iy ravishda ruxsat berilmaydigan bo‘lgan.

Aka-uka Sallivanlar esa milliy qahramonga aylanadi. Prezident Franklin Ruzvelt ularning ota-onasiga hamdardlik maktubi yo‘llaydi. Sallivanlar nomiga atab harbiy kemaga The Sullivans nomi beriladi. Junaea kemasi qoldiqlari esa 2018 yilning 17 martida Solomon orollari qirg‘og‘idan 4200 metr chuqurlikdan topiladi.

Zuhra Abduhalimova tayyorladi.

Зуҳра Абдуҳалимова
Muallif Зуҳра Абдуҳалимова

Mavzuga oid