09:50 / 03.11.2021
7502

O‘zbekistonda paxtani terib olish ishlarini moliyalashtirish uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratildi

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “2021 yil paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarini moliyalashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, tijorat banklari hamda paxta-to‘qimachilik klasterlari taklifiga asosan 2021 yil paxta xomashyosi hosilini qo‘lda va paxta terish mashinalari yordamida yig‘ib-terib olish uchun talab etiladigan mablag‘lar va ularning manbalari ma'qullandi.

Klasterlarga 1,6 trln so‘mgacha resurslar ajratiladi, ayrim hududlarda paxta teruvchilarga amaldagi stavkaga qo‘shimcha ravishda har bir kilogramm paxta uchun 230 so‘m ustama haq to‘lanadi. Mashinada paxta yig‘ib olish xizmati xarajatlarining 30 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Moliya vazirligi paxta-to‘qimachilik klasterlariga paxta xomashyosini terib olish uchun yillik 14 foiz stavkada (shundan 1 foiz bank marjasi) kredit ajratish maqsadida olti oy muddatda qaytarish sharti bilan “Agrobank” ATB depozitiga 1,6 trillion so‘mgacha mablag‘lar joylashtirilishini ta'minlaydi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va paxta-to‘qimachilik klasterlarining:

  • paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari bilan ishsiz hamda vaqtinchalik band bo‘lmagan aholidan iborat terim otryadlari rahbarlari o‘rtasida mavsumiy ishga qabul qilish bo‘yicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda fuqarolik-huquqiy shartnomalarini tuzish; 
  • terim otryadlari rahbarlariga paxta yig‘im-terimi yakuniga qadar 2 million so‘m miqdorida mehnat haqini to‘lash uchun qilingan xarajatlarni paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan joriy yil 1 dekabrga qadar taqdim etilgan aniq hisob-kitoblar va buyurtmalarga asosan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va  viloyatlar hokimliklarining paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklariga imtiyoz va preferensiyalar berish orqali paxta terish mashinalari bilan ta'minlanganlik darajasini oshirish hamda paxta yig‘im-terimini mexanizatsiyalashni rag‘batlantirish to‘g‘risidagi takliflariga muvofiq quyidagilar belgilandi:

  • 2021-2023 yillarda Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida tavsiya etilgan xizmat tariflaridan kelib chiqqan holda paxta terish mashinalari tomonidan terilgan har bir tonna paxta xomashyosini yig‘ib-terib olish xizmat bahosining 30 foizi respublika budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;
  • paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda fermer xo‘jaliklari tomonidan o‘rnatilgan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan qishloq xo‘jaligi texnikalari, ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari, istisno tariqasida, 3 yil muddatga bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi hamda “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini 270 kungacha bo‘lgan muddatga kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi;
  • Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlarida, Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Mirishkor, Nishon, Kasbi, Qarshi tumanlarida, shuningdek, Surxondaryo viloyatining Qiziriq, Bandixon, Muzrabot va Sherobod tumanlarida paxta xomashyosi yig‘im-terimiga terimchilarni qo‘shimcha jalb qilish maqsadida qo‘lda terilgan har bir kilogramm paxta xomashyosi uchun tavsiya etilgan tarif stavkasiga respublika budjeti mablag‘lari hisobidan 230 so‘mdan ustama haq to‘lanadi.

Qaror bilan belgilangan qo‘shimcha xarajatlar “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun bilan tasdiqlangan davlat budjetining 2021 yil parametrlarida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasiga transfertlar uchun nazarda tutilgan mablag‘larni 60 mlrd so‘mga va Qishloq xo‘jaligi vazirligiga zararkunandalarga qarshi kurashish hamda favqulodda vaziyatlarda hosilni saqlab qolishni ta'minlash bilan bog‘liq xarajatlar uchun ajratilgan mablag‘larni 35 mlrd so‘mga kamaytirish evaziga va qolgan qismi respublika budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplanishi nazarda tutiladi.

Mavzuga oid
Top