Sport | 20:24 / 11.11.2021
10083
9 daqiqa o‘qiladi

Qatar-2022. Bugun Yevropada navbatdagi tur boshlanadi

Foto: Getty Images

2022 yilning noyabr-dekabr oylarida Qatarda futbol tarixida ilk bor jahon chempionati qish faslida bo‘lib o‘tadi. O‘ziga xos qiziqarli lahzalarni taqdim etishi kutilayotgan 4 yillikning eng yorqin futbol musobaqasi saralash bahslarining navbatdagi turi bugundan start oladi. Quyida JCh-2022 Yevropa saralash bosqichi so‘nggi turlari prevyusi.

Reglament bo‘yicha dunyoning FIFAga a'zo 211ta davlatidan atigi 32tasi ushbu nufuzli turnirga yo‘l oladi. Shu yo‘llanmalardan eng ko‘pi ko‘hna qit'a – Yevropa hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu qit'adan 13 terma jamoa Qatar mundialiga yo‘llanma oladi (Osiyodan 4-5ta, Afrikadan 5ta, Shimoliy Amerikadan 3-4ta, Janubiy Amerikadan 4-5ta, Okeaniyadan 0-1ta va bitta mezbon jamoa). 11-16 noyabr kunlari FIFA kunlari doirasida milliy jamoalar saralashning so‘nggi bahslarini o‘tkazishadi.

Ayni damda guruhlarda vaziyat qanday? 

JCh yo‘llanmasini muddatidan avval qo‘lga kiritganlar: Germaniya, Daniya;

Guruhni birinchi o‘rinda yakunlash imkoniyati saqlanib qolmoqda: Albaniya, Angliya, Bosniya va Gersegovina, Ispaniya, Niderlandiya, Norvegiya, Polsha, Turkiya, Ukraina, Uels, Finlandiya, Fransiya, Shvetsiya;

Ikkinchi o‘rin uchun kurash olib boradi: Armaniston, Gretsiya, Isroil, Islandiya, Ruminiya, Shimoliy Makedoniya, Chernogoriya, Chexiya, Shotlandiya.

Saralash yakuni haqida

Saralashning 10ta guruhida g‘olib bo‘lgan jamoalar kelasi yilning 21 noyabridan 18 dekabriga qadar Qatar mezbonlik qiladigan JCh-2022 final bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga ega bo‘ladi. 2022 yilning 24-29 mart kunlarida esa 10ta guruhning 2-o‘rin sohiblari va Millatlar Ligasidagi qoniqarli natijalari uchun JChning so‘nggi saralash bosqichiga yo‘llanma olgan 2 milliy jamoa pley-offda ishtirok etadi. Unda 12 davlat milliy jamoalari bitta o‘yindan iborat yarimfinal va finalda ishtirok etadi. 3ta g‘olib jamoa Qatarga yo‘llanma oladi.

Turnir jadvallari 

A guruhidagi vaziyat: Portugaliya Serbiyaga qarshi

A guruhi

Foto: Telegram / FIFAWorldCup

 

Navbatdagi o‘yinlar:

11 noyabr: Ozarboyjon – Lyuksemburg, Irlandiya – Portugaliya;

14 noyabr: Portugaliya – Serbiya, Lyuksemburg – Irlandiya.

V guruhidagi vaziyat: Ispaniya esa ikki o‘t orasida

B guruhi

Foto: Telegram / FIFAWorldCup

Navbatdagi o‘yinlar:

11 noyabr: Gretsiya – Ispaniya, Gruziya – Shvetsiya;

14 noyabr: Ispaniya – Shvetsiya, Gretsiya – Kosovo.

Guruhda vaziyat ancha keskin. Hatto 3-o‘rindagi Gretsiyada ham JChga yo‘llanma olish uchun imkoniyat mavjud. Buning uchun ular Ispaniya va Kosovo ustidan faqat g‘alaba qozonishi zarur. Shvetsiya Gruziya va Ispaniya bilan o‘yinlarda ochko yo‘qotgan taqdirda birinchi o‘rinni boy berishi mumkin. Ispaniya esa ikki o‘t orasida: biryo‘la 1-o‘ringa kurash va shu vaqtning o‘zida 2-o‘rinni saqlab qolish. Bu bizga qiziqarli qarama-qarshiliklarni yuzaga keltirishi aniq.

S guruhidagi vaziyat: Italiya Shveytsariyaga qarshi 

C guruhi

Foto: Telegram / FIFAWorldCup

Navbatdagi o‘yinlar:

12 noyabr: Italiya – Shveytsariya, Shimoliy Irlandiya – Litva;

15 noyabr: Shveytsariya – Bolgariya, Shimoliy Irlandiya – Italiya.

Guruh peshqadamlari nomi ma'lum, faqat birinchi o‘rin masalasi ochiq turibdi. Bu o‘rin g‘olibi nomiga Italiya va Shveytsariya o‘zaro o‘yinda oydinlik kiritadi.

D guruhidagi vaziyat: Fransiya peshqadamlikni kafolatlaydimi?

D guruhi

Foto: Telegram / FIFAWorldCup

Navbatdagi o‘yinlar:

13 noyabr: Fransiya – Qozog‘iston, Bosniya va Gersegovina – Finlandiya;

16 noyabr: Finlandiya – Fransiya, Bosniya va Gersegovina – Ukraina.

Bu guruhda Fransiya Qozog‘istonni mag‘lub etsa, 1-o‘rin kafolatlanadi. Umuman olganda, fransuzlar kamida 2-o‘rinni naqd qilib ulgurgan. Shuningdek, Finlandiya va Ukraina ham yo‘llanma uchun kurash olib boradi. Buning uchun ular faqat g‘alaba qozonishi, Fransiya esa faqat yutqazishi lozim.

E guruhidagi vaziyat: Belgiya deyarli JChda

E guruhi

Foto: Telegram / FIFAWorldCup

Navbatdagi o‘yinlar:

13 noyabr: Belgiya – Estoniya, Uels – Belarus;

16 noyabr: Uels – Belgiya, Chexiya – Estoniya.

Belgiya ham eng kamida 2-o‘rinni naqd qilgan. Agar ular Estoniyani mag‘lub etsa yoki Uels Belarusni mag‘lub eta olmasa, Martines shogirdlari JCh uchun yo‘llanmaga ega bo‘ladi. Estoniya va Belarusda esa hech qanday imkoniyat mavjud emas. 

F guruhidagi vaziyat: Daniyada yo‘llanma naqd 

F guruhi

Foto: Telegram / FIFAWorldCup

Navbatdagi o‘yinlar:

12 noyabr: Daniya – Farer orollari, Avstriya – Isroil, Moldova – Shotlandiya;

15 noyabr: Shotlandiya – Daniya, Isroil – Farer orollari, Avstriya – Moldova.

Bu guruhda 1-o‘rin sohibi aniq. Kurash 2-o‘rin uchun kechadi. Agar Isroil Avstriya va Farer orollarini yengsa, Shotlandiya esa ochko yo‘qotsa, ular 2-o‘ringa ega chiqishi mumkin. Aks holda shotlandlar 2-o‘rinni saqlab qoladi.

G guruhidagi vaziyat: Niderlandiya, Norvegiya va Turkiya o‘rtasida kurash

G guruhi

Foto: Telegram / FIFAWorldCup

Navbatdagi o‘yinlar:

13 noyabr: Turkiya – Gibraltar, Norvegiya – Latviya, Chernogoriya – Niderlandiya;

16 noyabr: Niderlandiya – Norvegiya, Chernogoriya – Turkiya, Gibraltar – Latviya.

Bu guruhda yo‘llanmalar uchun Niderlandiya, Norvegiya va Turkiya kurash olib boradi. Asosiy o‘yin esa niderlandlar va norveglar o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.

H guruhidagi vaziyat: Xorvatiya - Rossiya – hal qiluvchi bahs

H guruhi

Foto: Telegram / FIFAWorldCup

Navbatdagi o‘yinlar:

 

11 noyabr: Rossiya – Kipr, Slovakiya – Sloveniya, Malta – Xorvatiya;

14 noyabr: Xorvatiya – Rossiya, Sloveniya – Kipr, Malta – Slovakiya.

Guruh peshqadamlari nomi allaqachon ma'lum: Rossiya va Xorvatiya bu o‘rinlarni egallaydi. Faqatgina birinchi o‘rin nomiga ular o‘zaro uchrashuvda oydinlik kiritishadi.

I guruhidagi vaziyat: Angliya peshqadamlikni rasmiylashtirish arafasida

I guruhi

Foto: Telegram / FIFAWorldCup

Navbatdagi o‘yinlar:

12 noyabr: Angliya – Albaniya, Vengriya – San-Marino, Andorra – Polsha;

15 noyabr: Albaniya – Andorra, San-Marino – Angliya, Polsha – Vengriya.

Bu guruhda intriga saqlanib qolgan, 3-o‘rindagi Albaniya ham 1-o‘ringa da'vogarlik qilmoqda. Lekin imkoniyatlar inglizlarda ko‘proq, sababi ular 8 o‘yinning barchasida mag‘lub bo‘lgan San-Marinoga qarshi o‘yin o‘tkazadi va katta ehtimol bilan bu bahsni o‘z foydasiga hal qiladi. Polsha esa 1-o‘ringa chiqishi uchun Andorra va Vengriyani taslim etib, «uch sherlar»ning ochko yo‘qotishini kutishga majbur.

J guruhidagi vaziyat: 2-o‘rin uchun 4 jamoada imkoniyat bor 

J guruhi

Foto: Telegram / FIFAWorldCup

Navbatdagi o‘yinlar:

11 noyabr: Armaniston – Shimoliy Makedoniya, Germaniya – Lixtenshteyn, Ruminiya – Islandiya;

14 noyabr: Shimoliy Makedoniya – Islandiya, Armaniston – Germaniya, Lixtenshteyn Ruminiya.

Guruh peshqadami Germaniya JCh yo‘llanmasini birinchilardan bo‘lib naqd qilgan. Lixtenshteyndan tashqari qolgan 4 jamoada esa 2-o‘rin uchun kurashish imkoniyati mavjud.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid