Sport | 15:05 / 17.11.2021
18309
12 daqiqa o‘qiladi

Yevropada saralash yakunlandi: Niderlandiya mundialga qaytadi, Benzema va Mbappe Ukrainaga yordam berdi

Yevropada JCh-2022 saralashi doirasidagi so‘nggi uchta guruhda ham o‘yinlar yakunlandi. Van Gaal Niderlandiyaga sakkiz yil ichidagi ilk jahon chempionati yo‘llanmasini taqdim etdi. Holand va Edegor esa o‘zlarining ilk yirik turnirini yana kutadi.

Foto: Reuters

Yevropaning eng yetakchi jamoalaridan biri nihoyat mundialga qaytadi.

JCh-2022. Saralash turniri. Yevropa. G guruhi
Niderlandiya — Norvegiya 2:0
Gollar: Bergveyn, 84 (1:0). Depay, 90 (2:0)
Niderlandiya – Sillessen, de Ligt, van Deyk, Blind, Dumfris, Veynaldum, Klassen (de Ron, 73), de Yong, Bergveyn, Gruneveld (Ake, 89), Depay.
Norvegiya – Nyulann, Strandberg, Meling, Xanshe-Olson, Pedersen (Olsen, 87), Torsbi (Eursnes, 46), Normann (Gregersen, 75), Edegor, El-Yunussi, Serlot, Solbakken (King, 74)
Ogohlantirishlar: Dumfris 79, de Ligt 80 - Torsbi 39, Serlot 43
Hakam: Kleman Tyurpen

Yakshanba kuni Portugaliya bahorda qayta imtihondan o‘tish uchun pley-offga yuborilgandi. Yangi hafta esa Yevropaning amaldagi chempionlari — Italiyaning fiaskosi bilan boshlandi. Shunday ekan niderlandiyalik muxlislarda xavotirlanish uchun sabablar yetarli edi, bir hafta oldin ular jamoa Qatarga borishiga shubha qilmayotgandi, ammo futbolda bir lahzada barchasi o‘zgarib ketishi mumkin.

Chernogoriyaliklarga qarshi o‘yinning 82-daqiqasiga qadar «to‘qsariqranglilar» bayramga tayyorlanayotgan, ekspertlar o‘yinda ikki gol urgan Depay yana qaysi rekordlarni o‘rnatganini hisoblayotgandi, keyin barchasi boshdan oyoq o‘zgarib ketdi. Hatto maydon tashqarisida ham, ikki gol ustunligi boy berilgan safar o‘yinidan qaytgandan keyin Lui van Gaal velosipeddagi sayrni tugatib, uyga kirayotganida toyib ketdi va son suyagini sindirib oldi.

70 yoshli van Gaal kechani shifoxonada o‘tkazdi, mashg‘ulotga esa golf-karda keldi, mashinani yordamchisi Henk Freyzer boshqardi. O‘yindan oldingi matbuot anjumanida murabbiy videoaloqa orqali ishtirok etdi, u nogironlar aravachasida matbuot markazi eshigidan sig‘masdi, ammo u hazillashdi va faylasuflarcha qayd etdi: «Jismonan o‘zimni eng yaxshi formada his qilmayapman, ammo mening miyam ishlashda davom etmoqda. Murabbiylik ishi esa bosh bilan amalga oshiriladi».

Norvegiyaliklarga qarshi o‘yinda maydon chetida turib futbolchilarni Danni Blind boshqarib turdi, Freyzer esa quloqchin taqqan holda zaxira o‘rindig‘ida o‘tirdi. Ammo, aftidan, stadiondagi lojalardan birida o‘tirgan van Gaal aloqa vositasiz ham ko‘rsatmalarini yetkaza olardi. Shu kuni «De Kayp» tribunalari bo‘m-bo‘sh edi - Niderlandiyada koronavirusga chalinish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha rekordlar qayd etilayotgani tufayli hukumat uch haftaga muxlislarning sport tadbirlarida ishtirok etishini taqiqlagan.

Zerikarli, ammo ideal reja
Ehtimol, tribunalar muxlislar bilan to‘la bo‘lganida bu futbolchilarni sergaklantirardi, ammo maydonda shu kuni juda zerikarli o‘yin kechdi. Mezbonlar ilk 45 daqiqalikda Depayning bir necha noaniq zarbalari bilan kifoyalanishdi, bu o‘yinda g‘alaba uchun borini berishi kutilgan norvegiyaliklar ham jiddiy vaziyatlar yarata olishmadi. Bu vaqtda eng qiziqarlisi Twitter lentasini kuzatish edi, u yerda qo‘lida smartfon tutgan van Gaalning surati turlicha memlarga aylanib tarqalayotgandi. Jumladan, terma jamoa bosh murabbiyligida 50-o‘yinini o‘tkazayotgan ushbu mutaxassis telefon orqali Turkiyaning Chernogoriyaga qarshi o‘yinini kuzatayotgani haqida hazil ham bor edi. Parallel uchrashuvda Bechiray 3-daqiqadayoq hisobni ochgandi, bo‘lim o‘rtalariga borib Okturko‘g‘li javob qaytardi.

Tanaffusdan keyin Rotterdamdagi o‘yin qiziy boshladi, mehmonlar ustozi Stol Solbakken vaziyatni o‘zgartirish uchun futbolchilarni almashtira boshladi. Hauge va Torstvedt o‘yinga qo‘shilgach, norvegiyalik futbolchilar tezroq harakatlana boshlashdi. Ularga bu o‘yinda g‘alaba suv va havodek zarur edi, Turkiya esa bu vaqtga kelib Podgoritsadagi o‘yinda hisobda oldinga chiqib oldi. Niderlandlar esa bunga javoban o‘yin tempini tushirishdi, hujumkor yarimhimoyachi Klassen o‘rniga qora mehnatdan qochmaydigan de Ron tushirilishi mezbonlar durang hisobga rozi ekanini anglatardi.

Ammo bu illyuziya aldamchi bo‘lib chiqdi. Depay navbatdagi qulay imkoniyatini yo‘qqa chiqargan bo‘lsa, Bergveyn Danjumaning pasidan keyin to‘pni yaqin «to‘qqizlik»ka yo‘naltirdi. Endi oqshomdagi zerikarlilik yo‘qotib, haqiqiy bayram boshlanib ketdi. Ko‘p o‘tmay Bergveyn Depay bilan kombinatsiya uyushtirib, ikkinchi golni uyushtirishdi. Xuddi Niderlandiya 80 daqiqa pragmatik usulda o‘ynab, raqibning xatolarini o‘rganishni rejalashtirgandek edi. O‘yinning so‘nggi o‘n daqiqaligida mezbonlar 2014 yili bronza medallarga sazovor bo‘lib, o‘z postini tark etgan murabbiy bilan yana jahon chempionatiga qaytishdi.

Chernogoriya — Turkiya — 1:2 (Bechiray, 3 — Karim Oqturko‘g‘li, 22. O‘rxun Kekju, 60).
Gibraltar — Latviya — 1:3 (Uoker, 7 — Gutkovskiy, 25. Uldrikis, 55. Krollis, 75).

Zinchenko, Dovbik, Benzema va Mbappe Ukrainani o‘tish o‘yinlariga olib o‘tdi. Finlandiya esa qatorasiga ikkinchi yirik turnirda qatnashish imkonini boy berdi.

Foto: Reuters

Bosniya va Gersegovina — Ukraina 0:2
Gollar: Zinchenko (59), Dovbik (79).
Bosniya va Gersegovina – Vasil, Ahmedhojich, Kovachevich, Hajikadunich, Sushich, Stevanovich, Hajiaxmetovich (Nalich, 71), Prsich (Krunich, 64), Goyak (Tsimirot, 64), Demirovich (Kodro, 80), Menalo (Prevlyak, 71). 
Ukraina – Bushchan, Timchik, Matviyenko, Zabarniy, Sobol (Shaparenko, 64), Stepanenko, Malinovskiy (Sidorchuk, 81), Zinchenko, Tsigankov (Zubkov, 75), Yarmolenko (Karavayev, 82), Yaremchuk (Dovbik, 75).
Ogohlantirishlar: Demirovich 66, Hajikadunich 90 - Zabarniy 66
Hakam: Antonio Migel Mateu Laos

JCh-2022 saralash bosqichi boshlangandan buyon yutqazmagan ukrainlar guruhda qolib ketishi mumkin edi - chunki jamoa faqat durang hisoblar qayd etib kelgan va so‘nggi tur arafasida uchinchi o‘ringa tushib ketgandi. Bosniya va Gersegovinaga Aleksandr Petrakov jamoasi finnlardan 2 ochko ortda qolayotgan holda yetib kelishdi. O‘tish o‘yinlariga o‘tish uchun ukrainlar safarda g‘alaba qozonishi va mundial yo‘llanmasini hal qilib bo‘lib, motivatsiyaga ega bo‘lmagan Fransiya Finlandiyada yutqazmasligiga umid qilishi talab etilardi — lekin amaldagi jahon chempionlari natijasi o‘zi uchun ahamiyatsiz bo‘lgan o‘yinga ikkinchi tarkibni tashlamadi va Finlandiyaga birorta ochko bermadi.

Ukraina fransuzlarga mag‘lub bo‘lmagan bo‘lsa-da (ikki o‘yinda ham 1:1), ikki marta Qozog‘istonga qarshi o‘yinlarda g‘alabani boy berdi (uyda 1:1 va safarda 2:2). Finnlar bunday xatolarga yo‘l qo‘yishmagandi va shuning uchun so‘nggi tur arafasida yaxshi imkoniyat hosil qilishdi.

Barchasi birinchi navbatda ukrainalik futbolchilarning o‘ziga bog‘liq bo‘lmaganiga qaramay, Petrakov Fransiya va Finlandiya o‘yini natijasiga e'tibor qaratmasligini aytib o‘tdi. «Men raqiblarning o‘yinini kuzatmayman va maydondagi yigitlarga bu o‘yindagi hisob haqida hech kim hech narsa aytmaydi», — dedi u.

Ukrainaliklar birinchi bo‘lim davomida to‘pga egalik qilishdi, ammo hujumda xavfli vaziyatlar yaratilmadi. Andrey Yarmolenko va Roman Yaremchuk bosniyaliklar darvozasi tomon bir necha bor zarbalar yo‘llashdi, ammo barchasi besamar ketdi. Dennis Hajikadunich esa sariq-ko‘klarning o‘tish o‘yinlari haqidagi orzusini ko‘mib qo‘yishiga bir baxya qoldi. Burchakdan to‘p uzatilgan mahalda u to‘p uchun yakkakurashda ustun kelib, darvozaning o‘ng burchagini nishonga oldi, ammo Georgiy Bushchan barmoqlari uchi bilan to‘pga yetishga ulgurib, uni darvoza ustuni tomon yo‘naltirib, jamoasini qutqardi.

Tanaffus arafasida goldan qutulib qolgan ukrainlar ikkinchi bo‘limda yanada hujumkorroq o‘ynashdi. Bu vaqtga kelib fransuzlar alohida g‘ayrat ko‘rsatishmayotgan va finnlarga birinchi bo‘limda gol urishmagandi. Ammo ukrainlarning o‘zi kerakli ishlarni qilishdi. 59-daqiqada Aleksandr Zinchenko hisobni ochdi. Bosniyaliklar himoyachisi Yarmolenkoga Viktor Tsigankovning uzatmasidan keyin zarba berishga yo‘l qo‘yishmagandi, ammo bu vaqtda jarima maydoni ichida «Manchester Siti» futbolchisini hech kim qo‘riqlamayotgandi.

Mezbonlar hech narsaga da'vogar emasdi, ammo ular so‘nggi turda o‘z uylarida mag‘lub bo‘lishni ham istashmasdi. Bushchan yana bir marta jamoasini goldan qutqarishiga to‘g‘ri keldi: bu safar u Smail Prevlyakning burchak tomon yo‘llagan zarbasini to‘sdi. Bosniya standart vaziyatdan foydalana olmadi, qarshi hujumda Nikolay Shaparenko Artyom Dovbikni Nikoloy Vasil bilan yakkama-yakka holatga chiqardi. Qariyb maydon markazida tezlik olgan forvard ofsayddan saqlanishga ulgurdi va sovuqqonlik bilan darvozabonni dog‘da qoldirdi.

Dovbik ikkinchi imkoniyatidan foydalana olmadi, ammo bu jamoaning ishonchli g‘alabaga erishishiga xalal berolmadi — 2:0. Parallel uchrashuvda fransuzlar o‘z vaqtida kerakli ishlarni qilishdi. Karim Benzema va Kilian Mbappe bittadan gol urishdi va ukrainlar guruh jadvalida Finlandiyadan o‘zib ketib, ikkinchi o‘ringa ko‘tarilishini ta'minladi. Endi Petrakov va uning shogirdlari mart oyida o‘tish o‘yinlarida qatnashadi. Ukrainlar saralanmaganlar guruhida bo‘lishsa-da, saralanganlar guruhidagi Rossiyaga to‘qnash kelmasligi kafolatlangan — FIFA, xuddi UYeFA kabi, qur'ada siyosiy sabablarga ko‘ra bu ikki jamoa bir-biriga raqib bo‘lmasligini ta'minlaydi.

Finlyandiya — Fransiya 0:2
Gollar: Benzema (66), Mbappe (76).
Finlyandiya – Gradetski, Uronen (Teylor, 73), O`Shonessi (Poxyanpalo, 82), Vyaysyanen, Ivanov, Hyamyalyaynen, Shyuller (Forss, 64), Kamara, Nissilya (Valakari, 82), Lud, Pukki. 
Fransiya – Loris, Dyubua (Pavar, 46), Zuma, Upamekano, Kunde (Koman, 57), Din, Rabo (Veretu, 86), Tchuameni, Grizmann (Genduzi, 67), Mbappe, Diabi (Benzema, 56).
Ogohlantirish: Shyuller

Ye guruhi
Uels — Belgiya — 1:1 (Mur, 32 — De Bryuyne, 12).
Chexiya — Estoniya — 2:0 (Brabets, 59. Sikora, 85).

Shu tariqa, Yevropa qit'asida JChga borishi kerak bo‘lgan 13 jamoadan 10tasi ma'lum bo‘ldi — Germaniya, Daniya, Belgiya, Fransiya, Ispaniya, Serbiya, Xorvatiya, Shveytsariya, Angliya, Niderlandiya.

Qolgan 3 yo‘llanma egasi ikki bosqichdan iborat pley-offda aniqlanadi. Unda saralashda o‘z guruhida 2-o‘rinni olgan 10ta jamoa va 2-o‘rinni egallay olmaganlar orasida Millatlar Ligasida yaxshi natijaga erishgan — Avstriya va Chexiya qatnashadi. 

Jamoalar to‘plagan ochkolariga qarab ikki savatchaga bo‘lindi. 6 jamoa qatnashgan guruhdan chiqqanlarning so‘nggi o‘rindagilar bilan o‘yinlarda to‘plagan ochkolari olib tashlandi.

1-savatcha: Portugaliya (guruhda 17 ochko to‘plagan, to‘plar nisbati +11), Shotlandiya (17, +7), Italiya (16, +11), Rossiya (16, +9), Shvetsiya (15, +6) va Uels (15, +5);

2-savatcha: Turkiya (15, +2), Polsha (14, +8), Shimoliy Makedoniya (12, +3), Ukraina (12, +3), Avstriya va Chexiya (Millatlar Ligasi orqali).

Pley-off yarimfinal va finaldan iborat bo‘ladi. Yarimfinalga 26 noyabr kuni qur'a tashlanadi. Faqat bir o‘yindan iborat bahsni 1-savatchadagi jamoalar o‘z maydonlarida o‘tkazishadi. 

Finalga qur'a tashlashda esa savatchalar bo‘lmaydi. Hal qiluvchi bellashuvlar ham bir o‘yindan iborat bo‘ladi.

Yarimfinallar 2022 yil 24 mart, finallar 29 mart kuni bo‘lib o‘tadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid