O‘zbekiston | 08:47 / 23.11.2021
5526
2 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash tizimidagi qurilishlar turkiyalik mutaxassis rahbarligida loyihalashtiriladi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Vazirlikning sog‘liqni saqlash muassasalarini loyihalash bo‘yicha bosh tashkiloti bo‘lgan “O‘ztibloyiha” MChJga turkiyalik tajribali mutaxassis Guray Kaymak direktor etib tayinlandi. 

48 yoshli  me'mor sanoat arxitekturasi mutaxassisligi bo‘yicha Turkiyada bakalavr, Makedoniyada magistratura darajasini olgan. 

U 1993 yilda ish faoliyatini "MNG HOLDING" kompaniyasida boshlagan. Mazkur nufuzli shirkat mashhur Istanbul xalqaro aeroportini qurishda qatnashgan. 

Mutaxassis keyinchalik Ruminiyada qator bank binolari, Turkiyada “Bayindir tib merkezi” tomonidan quriladigan tibbiyot muassasalarini loyihalashtirishda ishtirok etgan.

U Toshkentdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasi binosini loyihalashtirishda qatnashgan.

Uning so‘nggi yillardagi loyihalaridan biri 2020 yilda foydalanishga topshirilgan Namangandagi zamonaviy kutubxona binosi bo‘ldi.

“O‘ztibloyiha” boshqaruviga kelgan yangi rahbar zimmasiga tibbiyot yo‘nalishiga oid qurilish obektlarini eng ilg‘or andazalardan foydalanib loyihalashtirish yuklatildi.

Shuningdek, u ilmiy-texnik konstruktorlik loyihalarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish hamda bu borada texnik yordam ko‘rsatish, innovatsion texnologiyalar, ilmiy-texnik yangiliklar va nou-haularni ishlab chiqish kabi vazifalarni bajarishga ham boshchilik qiladi.

Bundan tashqari, endilikda hududlarda mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlanayotgan har bir tibbiyot muassasasi loyihasi G. Kaymak boshchiligidagi “O‘ztibloyiha” tomonidan tasdiqlanishi belgilandi”, deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid