15:10 / 27.11.2021
8556

Maktablar yetishmovchiligi muammosini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tuzildi

O‘zbekistondagi umumta'lim maktablari jami 5 mln.dan ortiq o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan, biroq ularda 6,2 mln.dan ortiq bola o‘qiyapti. XTV prognoziga ko‘ra, kelgusi 5 yilda maktab o‘quvchilari soni 7,5 mln.ga yetadi.

Maktablarda o‘quvchi o‘rinlari yetishmasligi bo‘yicha tuzilgan ishchi guruh respublikaning barcha hududlarida o‘rganish olib bormoqda. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Xabar berilishicha, bugungi kunda respublikada 5 mln.dan ortiq o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan 10 130 ta maktabda 6 mln 246 mingdan ortiq o‘quvchi ta'lim olmoqda. Vazirlik prognozlari kelgusi 5 yillikda maktab o‘quvchilarining kutilayotgan soni 7,5 mln.ga yetishini ko‘rsatdi.

“Maktablarda o‘quvchi quvvati yetishmasligi oqibatida yuzaga kelayotgan muammolarning oldini olish maqsadida kelgusi besh yillikda hududlarda yangi barpo etiladigan uy-joy massivlarida yangi maktablar qurilishini, quvvatiga nisbatan o‘quvchilar soni ko‘payib ketgan va o‘quvchilar soni keskin o‘sishi kutilayotgan maktablarga qo‘shimcha o‘quv binolarini qurishni (hududdagi maktab yoshidagi bolalar sonining demografik o‘sishini hisobga olgan holda), shuningdek, maktab filiallarini to‘laqonli maktablarga aylantirish ishlarini jadallashtirishni talab etadi.

2022 yilda yurtimizda jami 306 ta umumta'lim maktabini: 15 176 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan 37 ta maktab qurish, 71 819 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan 180 ta maktabni rekonstruksiya qilish va mavjud 89 tasini mukammal ta'mirlash rejalashtirilgan.

Hukumat topshirig‘iga binoan holatni o‘rganish maqsadida tuzilgan ishchi guruh bugungi kunda respublikaning barcha hududlarida maktablar va o‘quvchilar soni yuzasidan ma'lumotlarni o‘rganmoqda”, deyiladi xabarda.

Xalq ta'limi vaziri tomonidan ham yangi barpo etilayotgan uy-joy massivlari hududida yangi maktab binolarini barpo etish, quvvatiga nisbatan o‘quvchilar soni keskin oshib ketishi kutilayotgan maktablarga qo‘shimcha o‘quv binolarini qurish hamda ta'mirtalab maktablarni ta'mirlash bo‘yicha 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan manzilli dasturni shakllantirilyapti.

Ta'kidlanishicha, ishchi guruh hamda vazirlik tomonidan o‘rganishlar yuzasidan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan umumta'lim maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish rejasi ishlab chiqiladi. Bunda o‘quv binosi qurishda zarur bo‘lgan 1,2 mln o‘quvchi o‘rni ham inobatga olinadi va mavjud maktablarni mukammal ta'mirlash bo‘yicha manzilli reja-dasturlar Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.

Top