O‘zbekiston | 11:55 / 09.09.2022
37246
2 daqiqa o‘qiladi

110-maktabda kiyinish xonasiga kameralar o‘rnatilishi bilan bog‘liq mojaro kelib chiqdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Mirobod tumanidagi 110-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi kiyinish xonasiga video kuzatuv kameralari o‘rnatilgani va bundan ota-onalar norozi ekani haqida xabarlar tarqaldi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent shahar XTBB matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar xalq ta’limi ishchi guruhi o‘rganish olib bordi. 

Unga ko‘ra, haqiqatan maktab ma’muriyati o‘quvchilar kiyinish xonasiga video kuzatuv kamerasi o‘rnatgan. Bildirilishicha, bu etika va axloq qoidalariga zid bo‘lsa-da, ushbu holatni maktab direktori keyingi paytlarda o‘quvchilar o‘rtasida o‘g‘irlik va shunga o‘xshash holatlar oldini olish, ular o‘rtasida tartib-intizom o‘rnatish, nazoratni kuchaytirish hamda o‘quvchilar hushyorligini oshirish maqsadida ota-onalar kuzatuv kengashi taklifiga ko‘ra, kamera o‘rnatishga majbur bo‘lgani bilan izohlagan. 

Ma’lum qilinishicha, o‘quvchilar jismoniy tarbiya darsi mashg‘ulotlariga chiqqan paytda bir necha marotaba mobil telefon, taqinchoqlar, pullar yo‘qolgan. Bu kabi noxush holatlar bo‘yicha bir necha marotaba ichki ishlar idoralari vakillari, ota-onalar ishtirokida bayonnomalar tuzilgan. 

“Bu kamera orqali faqat yuqoridagi kabi ko‘ngilsiz holat sababchilarini aniqlash ko‘zda tutilgan, xolos. Unda kamera tasvirga olgan lavhalar jamoatchilikka taqdim etilmagan, video kuzatuv faqat direktor xonasida o‘rnatilgan “pult” orqali amalga oshirilgan. Nafaqat, kiyinish xonasidagi, balki ta’lim muassasasidagi mavjud 250 ta video kuzatuv kameralari faqatgina maktab direktori nazoratida bo‘lishi qat’iy belgilab qo‘yilgan”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, kecha maktab ma’muriyati tomonidan kiyinish xonasidagi kamera olib tashlangan.

Mavzuga oid