Rianna milliy qahramon, Yelizaveta II endi hukmdor emas – Barbados respublikaga aylandi
Dushanbadan seshanbaga o‘tar kechasi Karib dengizidagi Barbados orol-davlati respublikaga aylandi. Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II bu davlatning rahbari hisoblanardi. Endi mamlakatning yangi prezidenti Britaniya shahzodasi Charlz va xonanda Rianna ishtirokida o‘tgan marosimda rasman o‘z lavozimiga kirishdi.
Yangi respublika mamlakat poytaxti Brijtaunda, mustaqillikning 55 yilligi nishonlanayotgan kunda e'lon qilindi. Barbados 1966 yilda Londondan to‘liq siyosiy mustaqillikka ega bo‘lgan, ammo konstitutsion monarxiya shaklida qolgan, shu bois shu kunga qadar Britaniya qirolichasi davlat rahbari hisoblanardi.

"Bu respublikaning tashkil topishi yangi hayot boshlanishini bildiradi. O‘tmishning eng qora kunlari va tariximizga bir umrga dog‘ tushirgan quldorlikning dahshatli jinoyatlaridan so‘ng Barbados xalqi g‘ayrioddiy iroda bilan o‘z yo‘lini qurmoqda", - dedi shahzoda Charlz marosim vaqtida.
Britaniyaning Barbadosdagi birinchi koloniyasi 1627 yilda paydo bo‘lgan. Orolga 200 yil davomida Afrikadan 600 ming nafar qul keltirilgan, ular shakarqamish plantatsiyalarida mehnat qilib, ingliz xo‘jayinlariga katta daromad keltirgan. Bundan tashqari, Barbados transatlantikaviy qul savdosi uchun yirik transport bog‘lamasi bo‘lib qolgan. 1834 yilga kelibgina orolda quldorlik taqiqlangan.
Marosim nihoyasida Britaniya monarxiyasi mushakbozlik bilan kuzatib qo‘yildi, qirollik shtandarti tushirildi. Respublika e'lon qilinishini qirolicha Yelizaveta II’ning o‘zi ham qutladi - u o‘z tabrigida orol xalqiga "o‘zining iliq va eng yaxshi" tilaklarini bildirdi va farovonlik tiladi.
2018 yildan buyon Barbados general-gubernatori bo‘lgan, oktyabrda parlament deputatlari tomonidan prezident etib saylangan 72 yoshli yangi davlat rahbari Sandra Meyson qasamyod qabul qildi.
"Barbados kemasi ilk safariga otlandi. U barcha noxushliklarni chetlab o‘tsin hamda mamlakatimiz va fuqarolarimizni oldimizda turgan yangi ufqlarga eson-omon olib borsin", dedi Meyson xonim.

Bundan tashqari, marosimda shu orolda tug‘ilgan xonanda Rianna ishtirok etdi. U 2018 yilda Barbadosning favqulodda va muxtor elchisi bo‘lgan, seshanbaga o‘tar kechasi esa bosh vazir Mia Mottli uni milliy qahramon deb atadi.
Chalkash tuyg‘ular
Daniela Relf, qirollik oilasi bo‘yicha muxbir
Qaynoq Barbados tunida respublikani e'lon qilish marosimida tantanavorlik va bayram muhiti mujassam bo‘ldi. Bu Barbados uchun milliy g‘urur onlari edi, mamlakatning eng mashhur insonlari: kriket o‘yinchisi ser Garfild Sobers va xonanda Rianna shu yerda edi.

Uels shahzodasi ularning o‘rtasidan joy oldi. Balki u bu marosimda chalkash tuyg‘ularni his qilgandir: onasining davlat rahbarligidan chetlatilishini ifodalovchi qirollik shtandartining tushirilishi uning ko‘z o‘ngida ro‘y berdi.
U o‘z chiqishida quldorlik dahshatlari va ikki davlat o‘rtasidagi uzilmas do‘stlik haqida gapirdi.
Britaniya monarxiyasi bu vaziyatga ijobiy va pragmatik qaraydi. U Barbadosning davlat tuzilishi o‘zgarishiga xalal bermaydi, ammo yaxshi munosabatlar saqlanib qolishiga yordamlashadi.

Barbados Yelizaveta II davlat rahbari hisoblanuvchi mamlakatlardan biri edi. Hozirda bu ro‘yxatda 15 mamlakat, jumladan, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Yamayka qoldi.
Xayrlashuv vaqti
Aslida bu hattoki Buyuk Britaniya uchun ham shunchaki ramziy ahamiyatga ega, ammo ramzlar ham ko‘p narsani anglatadi. Barbados bilan bog‘liq holatda bu barcha davlat muassasalarida qirollik oilasi portretlari, harbiylar, politsiyachilar va hatto pochta xodimlari libosidagi qirollik ramzlari hamda qirolicha Yelizaveta shifoxonasi kabi turli muassasalarning monarx nomi bilan atalishini bildirardi.
Ushbu tartib Barbadosda 400 yildan ortiq, ya'ni bu hududni qirol Yakov I’ga tegishli deb e'lon qilgan birinchi ingliz kemasi o‘z langarini tashlaganidan buyon hukm surib keldi, biroq endi ko‘p narsa o‘zgaradi.

Marosimda shahzoda Charlzning ishtirok etishi shart emasdi, ammo u ikki mamlakatni birlashtirib turgan rishtalar uzilmasligini ko‘rsatish uchun kelishga qaror qildi. U shuningdek, 1997 yilda Hongkongning Xitoyga qaytarilishi marosimida ham ishtirok etgan va 1980 yilda Zimbabve mustaqillikni qo‘lga kiritgan chog‘ida qirolicha nomidan qatnashgan.
Charlz o‘z nutqida Barbadosning Britaniyaga qaramlikdan rasman voz kechganiga qaramasdan ikki xalq o‘rtasidagi aloqalar saqlanib qolgani haqida gapirdi.
Shuningdek, Charlz Barbados Ozodlik ordenini oldi. Ahamiyati jihatidan ikkinchi hisoblanuvchi bu mukofot mamlakatga, Barbados diasporasi va umuman insoniyatga qilgan fidokorona xizmatlari uchun beriladi.

Marosim oldidan barbadosliklar mustamlakachilik davri va quldorlik amaliyoti uchun uzr so‘ralishi va reparatsiya berilishini talab qilib namoyishlar o‘tkazdi.
Bundan tashqari, ayrimlar nazdida dastlabki referendumsiz respublika shakliga o‘tish qarori bahsli tuyulmoqda. Ammo mamlakat konstitutsiyasiga ko‘ra, siyosiy yetakchilar ovoz berishlarsiz ham mustaqillikka erishish huquqiga ega.
Yana kimlar qirolichadan voz kechgan?
Qirolicha oxirgi marta davlat rahbarligidan chetlatilishi 1992 yilda, Afrikadagi Mavrikiy orol-davlati o‘z mustaqilligini e'lon qilganida yuz bergandi.

1970 yilda Gayana, yana bir orol-davlat Trinidad va Tobago esa 1976 yilda monarxdan voz kechgan. Ikki yildan so‘ng Dominika oroli ularning izidan bordi.
So‘nggi vaqtlarda Yamayka ham davlat rahbarini mustaqil saylashni o‘ylamoqda, har holda bosh vazir Endryu Holness aynan mana shuni o‘z hukumatining ustuvor vazifasi sifatida ko‘rmoqda.
1999 yilda Avstraliyada respublika e'lon qilish to‘g‘risida referendum o‘tkazilgan, ammo monarxiyaga qarshi bo‘lganlar bu referendumda yutqazgan.
Barbados qanday qilib respublikaga aylandi?
Boshqaruvning respublika shakliga o‘tish imkoniyatini baholash maqsadida 1979 yilda Barbadosda Koks komissiyasi deb nomlangan komissiya tuzilgan, ammo u xalq monarxiyadan voz kechishni istamayapti degan xulosaga kelgandi.
Ammo 1998 yilga kelib Barbados konstitutsiyasini qayta ko‘rib chiqish komissiyasi orolga respublika maqomi berilishini tavsiya qildi, mamlakatning o‘sha paytdagi bosh vaziri Freyndel Styuart esa monarxiyadan respublikaga o‘tish vaqti kelganini ochiqchasiga aytdi.

Va nihoyat, o‘tgan yili qirolichaning rasmiy vakili, general-gubernator Sandra Meyson an'anaga ko‘ra parlament ishini boshlab beruvchi “taxt nutqi”da boshqaruvning respublika shakliga o‘tish rejasi haqida ma'lum qildi.
Ushbu nutq muallifi Barbados bosh vaziri Mia Mottli bo‘lib, uning so‘zlariga ko‘ra, "mustamlaka o‘tmishni uzil-kesil ortda qoldiradigan vaqt keldi".
U BBC’ga bergan intervyusida mustamlakachilik merosidan voz kechish dushmanlikni anglatmasligi, qirolichani qattiq hurmat qilishi, ammo Buyuk Britaniya bilan uzviy hamkorlik asosida yangi munosabatlar o‘rnatish vaqti kelganini ta'kidladi.
Tavsiya etamiz
Modrich «Real»ni tark etadi
Sport | 20:38 / 22.05.2025
Suriya Isroil bilan murosa qiladimi?
Jahon | 15:40 / 22.05.2025
Sun’iy intellekt dunyodagi har to‘rtinchi ish o‘rniga ta’sir ko‘rsatmoqda - BMT
Jahon | 21:49 / 21.05.2025
Hindistonda firibgar kelin yetti oyda 25 nafar kuyovni aldadi
Jahon | 21:32 / 21.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Yer qarida ulkan oltin zaxiralari borligi aniqlandi
Jahon | 00:12
-
Malta iyun oyida Falastin mustaqilligini tan oladi
Jahon | 23:20 / 25.05.2025
-
SpaceX kompaniyasi Starship kemasi portlashiga nima sabab bo‘lganini e’lon qildi
Jahon | 22:35 / 25.05.2025
-
AQSh Federal zaxira tizimi sobiq xodimi Xitoy foydasiga josuslik qilganlikda ayblanmoqda
Jahon | 21:46 / 25.05.2025
Mavzuga oid

18:08 / 22.05.2025
Britaniya Rossiya maxsus xizmatlarini 10 mingga yaqin kamerani buzib kirganlikda aybladi

09:04 / 21.05.2025
Britaniya Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yana kuchaytirdi

17:04 / 20.05.2025
BBC sionizm haqidagi posti uchun Gari Linekerni ishdan bo‘shatdi

14:34 / 20.05.2025