Tohir Malikning “Shaytanat” asari bejiz yaralmagan. Yaqin tariximizning shunday yillari borki, jinoyatchilik keskin oshib ketgan, ko‘chalarda bemalol yurib bo‘lmagan, qurollangan to‘dalar o‘rtasidagi urushlar shaharlar markazlarida ochiqdan ochiq bo‘lib turgan. Gap qonli to‘qsoninchi yillar haqida.

Foto: Kun.uz

“Mafiya” atamasining vatani Italiyaning Sitsiliya oroli hisoblanadi. Umuman, mafiya u yoki bu shaklda doim bo‘lgan va katta ehtimol bilan doim bo‘ladi. AQShda mafiyaning gullab yashnashi o‘tgan asrning 30–70-yillari oralig‘iga to‘g‘ri kelgan va o‘shanda Don Maransano, Al Kapone singari bosslar nafaqat jinoyat olami, balki butun siyosat, iqtisodiyotga o‘z ta'sirlarini o‘tkazgan.

Yaponiyaning “Yakudza”si, Xitoyning “Triada”si, Rossiyaning rus mafiyasi o‘z hududidan chiqib, dunyoning turli nuqtalarini titratgan.

O‘zbekistonga qaytamiz. Mamlakatimiz hududidagi kriminogen vaziyatning izdan chiqishi ko‘p jihatdan ittifoqning so‘nggi o‘n yilliklaridagi depressiv holat, huquqni muhofaza qiluvchi organlar sustligi va davlatda korrupsiya keskin kuchayib ketgani bilan bog‘liq.

Bu jarayonning og‘ir asorati, ya'ni sobiq ittifoq hududida mafiyaning gullab yashnashi har xil davlatlarda deyarli bir xil paytda boshlangan bo‘lsa-da, turli davrlarda yakuniga yetdi. O‘zbekistonda to‘dalarning faol harakatiga 1993-94 yillardan boshlab chek qo‘yila boshlangan bo‘lsa, Rossiyada bu jarayon 2000 yillarga qadar ham davom etdi.

 

Foto: TNT

Buni bir fakt bilan asoslash mumkin – 1995 yilning 1 martida juda taniqli va boy teleboshlovchi, ORT telekanali direktori Vlad Listev otib ketildi. Voqea yuzasidan shaxsan bayonot bergan Rossiya prezidenti Boris Yelsin: “Mafiyani jilovlashimiz shart. Yaqinda O‘zbekistonda bir jinoiy to‘da hech qanday sud va surishtiruvlarsiz yo‘q qilingan. Biz ham shunday yo‘l tutishga majbur bo‘lamiz”, degan mazmunda gapirdi. Yelsinning bu bayonoti ancha shov-shuvlarga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, O‘zbekistondagi qaysi to‘da nazarda tutilgani, kimlar otib tashlanganiga oid birorta ma'lumot oshkor qilinmagandi. Shu bilan birga, Vladislav Listevning qotilligi ham ochilmay qolib ketdi.

Lekin chindan ham bu paytda O‘zbekistonda jinoiy guruhlarga qarshi o‘ta qattiq kurash ketayotgandi. Buning jiddiy sabablari bor edi. Jinoiy guruhlar shu qadar boshvoqsiz bo‘lib ketganiga bir misol keltirish mumkin: poytaxtdagi Dendroparkda ikki to‘da miltiqlar, pichoqlar va boshqa qo‘lbola qurollar bilan ochiqdan-ochiq jang qilishgan. Ko‘pchilik vafot etgan, yaralangan. Hatto IIV muzeyida o‘sha to‘qnashuvda ishlatilgan qurollardan iborat maxsus burchak ham tashkil etilgan.