Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyadagi klinikalar rahbari koronavirusning yangi shtammi nomlanishi yuzasidan JSSTni sudga berdi
Rossiyaning Novosibirsk shahrida joylashgan oftalmologiya klinikalari tarmog‘i “Omikron” rahbari Aleksandr Padar JSSTning Rossiyadagi vakolatxonasini sudga berdi. Bunga da'vochi kompaniyasi nomi JSST koronavirusning yangi shtammiga bergan nomlanish bilan bir xilligi sabab hisoblanadi.
Xalqaro tashkilot koronavirusning shtammlarini grek alifbosi harflari bilan belgilash qoidasiga amal qilib, yangi shtammni alifboning 15-harfi – “O” (omikron) bilan belgilagan. Biroq JSST bunda grek alifbosining 13- va 14-harflari – “nyu” va “ksi”ni ular mos ravishda inglizchadagi “new” (yangi) so‘zi va Xitoyda keng tarqalgan familiyalardan biri “ksi”ga o‘xshashligi sababli o‘tkazib yuborgan.
“Novosibirsk onlayn” nashri ma'lumotlariga ko‘ra, tadbirkor da'vo arizasini 30 noyabrda Moskva hakamlik sudiga topshirgan. Padar “omikron” so‘zini koronavirusning yangi shtammi yoki boshqa bir infeksiyani nomlashda qo‘llashni taqiqlashni talab qilmoqda. U, shuningdek, JSST barcha hujjatlaridan ushbu atamani o‘chirib tashlashini va unga 6 ming rubl miqdoridagi davlat bojini qaytarishini talab qilmoqda.
“Bizning nom – bu ro‘yxatga olingan tovar belgisidir. Shu sababli koronavirusning qandaydir shtammi bilan o‘xshashlik nufuzimizga ziyon yetkazadi”, deb aytgan Padar.
Da'vo arizasida ta'kidlanishicha, tadbirkor o‘z klinikalari brendini reklama qilish uchun ozmuncha pul sarflamagan. Uning aytishicha, uzoq vaqt davomida internet-brauzerlar “omikron” so‘zi bo‘yicha ma'lumot izlashda aynan uning klinikasi saytini chiqargan, endilikda esa “vahimali va tadbirkorning faoliyatiga umuman aloqador bo‘lmagan” ma'lumotni chiqarmoqda. Padarning fikricha, u bundan “katta miqdorda ziyon ko‘rmoqda”.
“Omikron” shtammi JARda 11 noyabrda ilk bor qayd qilingan. Britaniyalik olimlar u rekord sonda mutatsiyalarga egaligini aniqlashgan. Ularning fikricha, bu virusni hozirda mavjud vaksinalarga bardoshli qilishi mumkin. Janubiy afrikalik shifokorlar yangi shtamm alomatlari yengil shaklda namoyon bo‘lishini va gripp simptomlariga o‘xshashligini aytishmoqda.
Mavzuga oid
05:49
Putin Trampni mustaqillik bilan tabriklab, Rossiyaga taklif etdi
10:35 / 04.07.2026
Rossiyada safarbar etilganlar uchun tibbiy ko‘rik tartibi o‘zgarishi mumkin
09:50 / 04.07.2026
Sumidagi hujumda besh yoshli qizaloq va onasi halok bo‘ldi
21:48 / 03.07.2026