O‘zbekiston | 20:31 / 03.12.2021
18058
12 daqiqa o‘qiladi

Mehnat migratsiyasi: yangi tizim qanday ishlayapti? Vazir bilan suhbat

Mehnat vaziri Nozim Husanov Kun.uz'ga bergan intervyusida vatandoshlarni chet ellarga ishga yuborish bo‘yicha vazifalar ijrosi va yangi rejalar haqida ma'lumot berdi.

Yangi davrda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga tashqi mehnat migratsiyasi bo‘yicha ko‘plab vazifalar yuklatilgan. Vazirlik xorijda ishlash istagidagi vatandoshlarni bunga tayyorlash va o‘qitish, ularni tashkillashtirilgan holda ishga jo‘natish hamda huquqiy himoya qilishga mas'ul.

Bundan tashqari, bu vazirlikka o‘z tuzilmasidagi agentlik orqali vatandoshlarning tashqi mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish vazifasi ham topshirilgan.

Kun.uz mazkur vazifalar ijrosi yuzasidan bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov bilan intervyu tashkil etdi.

Tashqi mehnat migratsiyasi yo‘nalishidagi “Yo‘l xaritalari” ijrosi haqida

— 2021 yil 10 oyida “Yo‘l xaritalari” asosida 50 ming fuqarodan 45,2 ming nafari o‘qitilib, shundan 43 mingi (25 turdan ortiq) kasb-hunarga va 2,2 ming kishi chet tillarini (rus, ingliz, koreys, yapon va boshqalar) o‘rganishga jalb qilindi. 115 ming kishidan 92,1 ming fuqaro xorijda tashkiliy tartibda ishga joylashtirildi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga (3383 ta) nisbatan 88,7 mingtaga yoki 27 baravarga o‘sgan.

Xorijga ishlash uchun ketayotgan 27 191 mehnat migrantining hayoti va sog‘lig‘i sug‘urta qilindi, 640 kishiga xorijga ketish va ishga joylashish uchun mikroqarzlar berildi hamda 2629 fuqaroga ishlash ruxsatnomasi rasmiylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatildi.

Xorijda ishlayotgan 314,1 ming mehnat migrantiga huquqiy, moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatilib, ularning 892,1 ming AQSh dollari miqdoridagi ish haqlari ish beruvchilardan undirib berildi. Boshpanasiz qolgan 308 mehnat migranti vaqtincha yashash joylari (xostel) bilan ta'minlandi, og‘ir vaziyatga tushib qolgan 302 kishi, shuningdek, turli sabablar bois vafot etgan 408 fuqaro jasadi Vatanga qaytarib olib kelindi.

Shuningdek, tashqi mehnat migratsiyasining geografiyasini kengaytirish maqsadida Germaniya, Yaponiya, Slovakiya, Shveytsariya, Niderlandiya, Bolgariya, Latviya, Litva kabi 25ta davlat ish beruvchilari bilan 382ta hamkorlik shartnomalari tuzildi.

Xalqaro Migratsiya Tashkiloti bilan hamkorlik haqida

— XMT bilan hamkorlik mehnat migratsiyasini tartibga solishda, mehnat migrantlariga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Hozirda “O‘zbekiston Respublikasi bilan Xalqaro migratsiya tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi” ishlab chiqilgan va tasdiqlangan. Unda belgilangan vazifalar doirasida COVID-19 pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari ta'sirini kamaytirish, potensial mehnat migrantlarini kasbiy tayyorlash bo‘yicha pilot markazini yaratish, “Migratsiya boshqaruvi indikatorlari”ni (“Migration Governance Indicators (MGI)”) O‘zbekistonda joriy etish, mehnat migrantlarini xorijga ketishdan avval tayyorlash kabi ishlar amalga oshirilmoqda.

XMTning moliyaviy ko‘magida COVID-19 pandemiyasi davrida Rossiya va Qozog‘iston hududida og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qolgan 167 fuqaro Vatanga qaytarildi. Namangan shahar “Ishga marhamat” monomarkazida “Qabul qiluvchi (Resepshionist) va xizmat ko‘rsatish (Houskeeping) uchun professional tayyorgarlik hamda potensial migrantlar uchun ketish oldi tayyorgarligini amalga oshirishga ixtisoslashgan o‘quv xonalari tashkil etildi va XMT tomonidan jihozlanib, joriy yil 30 sentyabrida foydalanishga topshirildi.

Kelgusida, XMT bilan hamkorlikda mehnat migratsiyasi sohasini diversifikatsiya qilish, xorijiy davlatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarimiz uchun viza rasmiylashtirish jarayonlarida ko‘maklashish uchun O‘zbekiston hududida viza markazlarini tashkil qilish rejalashtirilgan.

Yevropa va okeanorti davlatlariga yuqori ish haqi to‘lanadigan sohalarga migrantlarini jo‘natish xususida

— Fuqarolarimizning xorijda mehnat faoliyatini tashkil etishda ularning tanlov imkoniyatlarini oshirish, boruvchi davlatlar geografiyasini kengaytirish muhim ahamiyatga ega. Yevropa, okeanorti davlatlarida tajribali haydovchilarga va yuqori haq to‘lanadigan, shu bilan birga, ma'lum bir malakaga ega mutaxassislarga talab kuchayib bormoqda.

Shu sababli xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi doirasida Germaniya, Yaponiya, Slovakiya, Shveytsariya, Gollandiya, Bolgariya, Latviya, Litva kabi davlatlar ish beruvchilari bilan hamkorlik shartnomalari tuzildi.

Germaniya, Yaponiya va Slovakiya ish beruvchilar talablari asosida har yili 2000dan 4000gacha fuqarolarni ushbu davlatlarga ishga yuborish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, fuqarolarimizni Koreyaga ishga yuborish jarayoni qayta tiklandi. Koreyaning 5ta okrug va provinsiyasi bilan erishilgan kelishuvlarga asosan fuqarolarni tashkillashtirilgan tarzda Koreyaga mavsumiy ishlarga yuborish yo‘lga qo‘yildi. Bular har yili 3 mingdan ortiq fuqaroni Koreyaga ishga yuborish imkonini beradi.

Mehnat migrantlarini Rossiyaga tashkiliy yuborish borasida

— Rossiya bilan hamkorlikning rivojlanishi fuqarolarimizning qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirishiga, tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi ulushi ko‘payishiga ta'sir ko‘rsatmoqda. Xususan, 2017 yilda 922, 2018 yilda 992, 2019 yilda 1425 fuqaro Rossiyaga tashkiliy va manzilli tarzda ishga yuborilgan bo‘lsa, 2020 yilda 8128 va 2021 yilning 10 oyida 84598 fuqaro ishga joylashtirilgan.

“Ishga marhamat” monomarkazlarida 2 smenada o‘qish tashkil etilgan

— Hozirda mavjud 15 ta “Ishga marhamat” monomarkazlarining asosiy qismi, ya'ni 12 tasi 2021 yildan o‘z faoliyatini boshladi. Shu qisqa muddatda 12 243 fuqaro, ulardan xorijda ishlash istagida bo‘lgan 7530 kishi 30ga yaqin kasbga o‘qitish bo‘yicha qamrab olindi.

Monomarkazda o‘qitish sifatining boshqa ta'lim muassasalaridan farq qilishi, fuqarolarning kasbga qiziqtira olishi, chuqurlashtirilgan tartibda o‘quv mashg‘ulotlarni o‘tkazish imkoniyatining mavjudligi sababli ularda o‘qish istagini bildirgan fuqarolar soni har bir kurs davomida oshib bormoqda. Shu sababli bugungi kunda monomarkazlar to‘liq quvvatda faoliyat yuritmoqda. Bu borada kasbiy malakaga ega bo‘lish natijadorligi bo‘yicha erishilgan ijobiy natijalar keng aholi o‘rtasida targ‘ib etib borilyapti.

Rossiyada ishlash uchun patentni O‘zbekistondan turib olish mumkin

— Rossiya hududida ishlash huquqini beradigan ruxsatnoma (patent)ni O‘zbekistonda rasmiylashtirishni yo‘lga qo‘yish orqali fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida, Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida mart oyida Moskva shahridagi “Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi”ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ochildi.

Ushbu vakolatxona tomonidan joriy yilning 23 noyabr holatiga 1937 nafar fuqaroga Rossiyada ishlash uchun patentni rasmiylashtirish bo‘yicha turli xizmatlar ko‘rsatilishi ta'minlandi.

Hozirda “pilot loyiha” doirasida 10 ming nafar fuqaroni qurilish yo‘nalishida Rossiyaga ishga yuborish bo‘yicha tanlovlar o‘tkazilmoqda.

Tanlovdan o‘tgan fuqarolarning barchasiga mazkur “Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi” orqali patent uchun hujjatlarni rasmiylashtirish xizmatlari ko‘rsatiladi. Amalga oshirilayotgan ijobiy ko‘rsatkichlar natijasida kelgusida ushbu markaz xizmatiga murojaat qiluvchilar soni keskin oshishi kutilmoqda.

2022 yilda kamida ming kishi Yaponiyaga ishga yuboriladi

— “Yapon tili va kasbiy malaka” test markazining Namangan, Navoiy viloyatlaridagi “Ishga marhamat” monomarkazlarida filiallari ham tashkil etilgan. Ularda Yaponiyada ishlashni xohlovchi 400 fuqaro o‘qitildi. O‘qish jarayonini muvaffaqiyatli yakunlagan 255 talabaga yapon tili bo‘yicha imtihon jarayonlariga yo‘llanma taqdim etildi, shundan 93 kishi (68 nafari “N4” daraja va 25 nafari “N5” daraja) sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.

Joriy yilning ikkinchi yarmida Yaponiyadagi hamkorlar bilan amalga oshirilgan muzokaralar natijasida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi yuboruvchi tashkilot maqomini qayta tikladi va o‘tgan davr mobaynida Yaponiyaning KOBE International Trade Promotion Association of Japan, Techdas Kyodo Kumiai va BMA Cooperative tashkilotlari bilan tikuvchilik va qariyalarni parvarish qilish sohasida texnik stajyorlarni Yaponiyaga yuborish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Kelgusi yilda Yaponiya Sog‘liqni saqlash vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari O‘zbekistonga kelib, kamida 1000 fuqaroni ushbu sohalarda faoliyat yuritishga jalb qilishni rejalashtirishgan.

Umuman, kelgusi uch yil davomida 10 ming kishi yapon tili, qariyalarni parvarishlash, tikuvchilik kabi kasblarga o‘qitilib, mehnat faoliyati olib borishlari uchun Yaponiyaga yuborish belgilangan.

“Ye-8 viza bilan Koreyaga borganlarning 130 dan ortig‘i “qochib ketdi”

— Bandlik va mehnat vaziri sifatida Janubiy Koreyaga safar chog‘ida o‘zbekistonlik ishchilarni Koreya qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavsumiy ishlarga (Ye-8 vizasi asosida) jalb qilish ko‘lamini kengaytirish, pandemiya sababli to‘xtab qolgan jarayonlarni tiklash, o‘zbekistonlik mehnat migrantlariga qo‘shimcha kvotalar ajratish va O‘zbekiston fuqarolarini ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalariga (Ye-9 vizasi asosida) ishga jalb qilish, O‘zbekiston fuqarolarini Koreyaga Ye-9 vizasi bilan ishga yuborish jarayonini tiklash, ularning Koreyada noqonuniy qolish holatlari oldini olish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

2021 yilda 420 nafar fuqarolarimiz E-8 vizasi bo‘yicha mavsumiy ishlarga tashkiliy tarzda yuborildi. Fursatdan foydalanib, Koreyaga mehnat migranti bo‘lib bormoqchi bo‘lgan fuqarolarga murojaat qilmoqchi edim. Nega deganda, Ye-8 vizasi bilan borganlarning 130 dan ortig‘i ish joyini tashlab, boshqa yuqoriroq ish beruvchilarga ketib, noqonuniy migrant bo‘lishni tanlagan. Bu bilan ushbu dastur kelajagi barbod bo‘lmoqda. O‘zbekistonliklarga Koreya tomonidan ajratiladigan kvota soni kamaytirilishi bir yoqda tursin, umuman Ye-8 vizasi bilan ishga jalb qilish to‘xtatilishi mumkin.

2020 yil mart oyidan buyon karantin cheklovlari sababli Koreyada mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarni ishlab chiqarish sohasiga ishga yuborish vaqtincha to‘xtatilgan edi. Hozirda fuqarolarni Koreyaga yuborish jarayoni qayta tiklandi. 25 noyabr kuni E-9 vizasi bo‘yicha dastlabki 4 yil-u 10 oy Koreyada faoliyat olib borib, qayta shartnoma bilan kelgan, ilk 47 nafar fuqaromiz barcha karantin qoidalariga rioya qilingan holda tashkiliy tarzda Koreya respublikasiga yuborildi. Dekabr oyi yakuniga qadar 800-900 nafar fuqarolarni tashkiliy tartibda ishga yuborish rejalashtirilgan.

Norasmiy sektorda faoliyat yuritayotgan fuqarolar pensiya olishi uchun nima qilishi kerak?

— O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari pensiya yoshiga yetgandan so‘ng (ayollar 55 yoshda, erkaklar 60 yoshda) davlat ijtimoiy kafolatlaridan foydalanish uchun uning ish staji (ayollarga 20 yil, erkaklarga 25 yil) talab etiladi va ish staji hisobga olinishi uchun ijtimoiy soliq to‘lanishi lozim.

2020 yil 1 iyuldan mehnatga layoqatli yoshdagi, xususan, norasmiy tartibda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan har bir jismoniy shaxsga, yakka tartibdagi tadbirkorlardan tashqari, o‘zini o‘zi band qilish va o‘zini o‘zi band qiluvchilar yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratildi. Buning natijasida 541 ming nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Ularning umumiy soni 1 milliondan oshdi.

Bunda, o‘zini o‘zi band qilganlarning ish staji hisobga olinadi, daromad solig‘i yoki boshqa yig‘imlar yo‘q. Bir yilda BHMning 1 baravari miqdorida ijtimoiy soliq to‘lanadi xolos.

Tolib Rahmatov suhbatlashdi.

Mavzuga oid