Jahon | 11:39 / 16.12.2021
33239
7 daqiqa o‘qiladi

«Ular vatandoshlarimni o‘ldirishmoqda» – Navalniyning qizi Saxarov mukofotini topshirish marosimida nimalar dedi?

Darya Navalnaya otasining o‘rniga Andrey Saxarov nomidagi mukofotni qabul qilib oldi hamda Putin va Lukashenko bilan kelishishga harakat qiladigan YeIdagi «pragmatiklar» haqida nutq so‘zladi.

Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning qizi Darya Navalnaya Yevropa Ittifoqining otasi munosib ko‘rilgan Andrey Saxarov nomidagi «Erkin fikr uchun» mukofotini qabul qilib oldi. Bu ittifoqning inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha asosiy mukofoti hisoblanadi.

Jean-Francois Badias / AP / Scanpix / LETA

Yevropa Ittifoqi bu mukofot Aleksey Navalniyga topshirilishi bo‘yicha 20 oktyabr kuni e’lon qilgandi. Siyosatchining o‘zi qamoqda bo‘lib turgani uchun uning o‘rniga taqdimotda qizi qatnashdi. Strasburgdagi Yevroparlament minbariga mukofotni olgani chiqqan Dasha otasining suratini ushlab turgan holda nutq qildi.

Mukofot topshirilishidan avval Darya inglizcha gapirdi: «Otam uchun bu mukofotni olayotganimdan xursandman. O‘z navbatida qo‘rqyapman ham. Men 20 yoshli talabaman, siyosatni chuqur tushunmayman. Shu sabab nimanidir xato aytib qo‘yishdan qo‘rqyapman». Ammo siyosatchining qizi nutqini yakunlagach, Yevroparlamentdagilar uni tik turib olqishlashdi.

Otasi va Saxarov mukofotining boshqa laureatlari haqida

«Otam Aleksey Navalniy hamon qamoqda va bu faqat unga aloqador narsa emas. Saxarov mukofotining oldingi laureatlari qayerda? Aksari qamoqda. 2010 yilgi tinchlik yo‘nalishida Nobel mukofoti laureati Lyu Syaobo qayerda? Qamoqda o‘ldi. Bir narsaga hayronman, inson huquqlari uchun kurashganlarni ozod qilish shunchalik qiyinmi? Nega XXI asrda ularni butun dunyoda qamoqqa tiqishmoqda? Hatto Yevropada ham.

Ha, Yevropa buyuk va qudratli. Yevroparlament rezolyutsiyasi aniq, to‘g‘ri va adolatli, uni Buyuk Britaniya, AQSh, Isroil, Yangi Zelandiya va butun erkin dunyo davlatlari qo‘llaydi. Ammo otam kabilar hamon qamalishga va maslakdoshlari birma-bir panjara ortiga ravona bo‘lishini jim kuzatishga mahkum», dedi Darya Navalnaya.

Murosa siyosati

«Menga «Dasha, sen nega bunday o‘ylayotganingni tushunaman, chunki bu sening oilangga aloqador, real hayotda pragmatik bo‘lish kerak», deyishadi. Ammo men hozir mana shu murosasozlikka qarshiligimni bildirmoqchiman.

Bu Saxarov mukofoti. Andrey Saxarov esa aynan murosasiz odam bo‘lgan. Uning nomidan diktatorlar bilan murosa qilayotganlar tarix kitobini varaqlab ko‘rmaydilarmi? Bu juda pragmatik qadam bo‘lardi. Shunda ular diktatorlar, zolimlarni tiyib turish imkonsiz ekanini tushungan bo‘lardilar.

Ko‘plab odamlar hukmronlikka butun kuchi bilan tarmashib olgan aqlsiz ularning sabri evaziga o‘zini munosib tutishiga ishonmoqda. Ammo bunday bo‘lmaydi.

Avtoritar hukumatlarning butun muddaosi agressiya va yangi dushmanlar qidirishdan iborat.

Keling, Lukashenkoga bosim qilmaylik, deb u bilan muloqotni davom ettirganlar u odamlarni qamashini va birgina odamni ichidan tushirish uchun samolyotlarni qo‘ndirishiga tomoshabin bo‘lishdi, xolos.

Pragmatiklar «Bosim qilmang, ularning jahlini chiqarmaslik uchun ehtiyotkor bo‘lishimiz kerak», deyishadi. Ammo diktator ertaga Yevropa Ittifoqi bilan chegarada minglab migrantlarni to‘plab, ayollar, bolalarni chegarani buzib kirishga undaydi va kimdir o‘t otishi yoki olomonni oyoqqa turg‘azishiga umid qiladi», dedi Navalniyning qizi otasi uchun mukofotni qabul qilib olar ekan.

Getty Images

Putin haqida

«Putin bilan murosa shungacha olib keldiki, u o‘z reytingini oshirish uchun urush boshlashga ham tayyor. Ukrainadagi urush Yevropaga qanchaga tushadi? Hech bir murosali kelishuv Ukrainaga urush beradigan zararning va yevropalik siyosatchilar bu muammoni hal qilish uchun sarflagan vaqtning o‘rnini to‘ldira olmaydi.

Rus muxolifati yetakchilaridan biri Boris Nemsov Kreml yaqinida orqadan otib o‘ldirildi. Mana shu vaqtda pragmatik murosachilar kelishadi-da: bu holat bo‘yicha aniq nimadir qila olmaymiz, keling, tanqidiy chiqish qilaylik-da, muloqotni davom ettiraylik deydi. Ammo ular to‘xtashmaydi va Berlinda, Britaniyada keyingi muxolifatchilarni o‘ldirishda davom etishadi. Keyin esa Yevropadagi omborlardan birini portlatishadi, keyin kimyoviy qurol bilan o‘ldirishadi.

Hozir biz muxolifatchilarni o‘ldirishga bo‘lgan muvaffaqiyatsiz urinishlar haqida bilamiz, xolos. Amalga oshirilgan suiqasdlar qancha bo‘lgan ekan? Ular mening vatandoshlarimni sud va tergovsiz o‘ldirishmoqda. Mening onamni o‘ldirmoqchi bo‘lishdi, otam ham ularning dastidan o‘lishiga sal qoldi.

Va ertaga yevropalik politsiyachilar eshik dastagini ushlab o‘lib ketmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Siz allaqachon politsiya va xavfsizlik xizmatlari uchun xarajatlarni oshirdingiz, bu og‘udan himoyalanish uchun harakat qilmoqdasiz. Bu hammasi pragmatizmning oqibati», dedi Darya Navalnaya.

Mukofot topshirish marosimida Navalniyning safdoshi Leonid Volkov Daryaga hamrohlik qildi / Getty Images

Aleksey Navalniy nimani yetkazishni so‘ragani haqida

«Buni ochiq aytish vaqt keldi. Pragmatizm tamg‘asi ostida ikkiyuzlamachilik, korrupsiya va bema’nilik yashirilmoqda.

Otamdan uning nomidan nima deb aytishimni so‘raganimda shunday dedi:

Rossiya bu Putinning rejimi degani emas, ularni aslo bir narsa deb o‘ylamang. Rossiya Yevropaning bir qismi va biz uning chinakam bo‘lagi bo‘lish uchun harakat qilamiz. Ammo Yevropa ham o‘zligini eslab, o‘ziga, o‘z prinsiplariga intilsa yaxshi bo‘lardi.

Biz Yevropaga g‘oyalarimiz, inson huquqlarini ta’minlash va demokratiya orqali yaqinlashamiz. Biz kanslerlari va vazirlari Putin tizimi kompaniyalarining direktorlar kengashiga kirishni orzu qiladigan va oligarxlarning yaxtalarida sayr qiladigan Yevropaga intilmaymiz», deya otasining so‘zlarini keltirgan Darya Navalnaya.

Mavzuga oid