Jahon | 23:41 / 22.12.2022
9434
3 daqiqa o‘qiladi

Navalniy jamoasi darknetda «maxfiy shtab-kvartira» ishini muvofiqlashtiruvchi sayt ochdi 

Bu davlatdan himoyalangan tizim va unda hamma narsa shifrlangani aytilmoqda. 

Foto: Reuters

Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning sheriklari «darknet» deb nomlanuvchi yashirin tarmoqda o‘z shtabi ishini muvofiqlashtiruvchi sayt ochdi. 

Bu haqda Navalniy tomonidan asos solingan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi (FBK) sobiq direktori Ivan Jdanov xabar berdi. «Davlatdan himoyalangan tizim, unda hamma narsa shifrlangan», dedi u. 

Mualliflarning ta’kidlashicha, yangi platforma Navalniy tarafdorlariga «maxfiy shtablarga» birlashish va o‘z faoliyatini muvofiqlashtirish, ya’ni siyosiy tadbirlar, varaqalar va «bundan ham xatarli harakatlarni» amalga oshirishga yordam beradi. 

«Putinning va urushning nihoyasini yaqinlashtiruvchi har qanday narsani amalga oshirish uchun», dedi Jdanov. 

Saytning o‘zi Tor brauzeri orqali ishlaydigan onion domenida ro‘yxatdan o‘tgan - u foydalanuvchi trafigini anonimlashtiradi va tarmoqdagi maxfiylikni kafolatlaydi. 

«Hatto bizda ham siz haqingizda ma’lumot olish imkoni yo‘q», dedi Jdanov. 

Onion domenidagi saytga kirish uchun Navalniy sheriklarining oddiy (.som) saytida anketa to‘ldirish lozim. Shundan keyin foydalanuvchi shaxsiy pochtasiga «maxfiy shtab»ga kirish uchun login va maxfiy so‘z keladi. Login va maxfiy so‘z bir martalik bo‘lib, saytga kirgandan so‘ng o‘zgartirilishi kerak. Navalniyning shtab-kvartirasi esa foydalanuvchining pochta ma’lumotlarini o‘chirib tashlaydi. 

Ma’lumot o‘rnida, 2021 yil 9 iyun kuni Moskva shahar sudi Korrupsiyaga qarshi kurash fondi (FBK), Aleksey Navalniyning bosh qarorgohi va Fuqarolar huquqlarini himoya qilish jamg‘armasini «ekstremistik tashkilotlar» deb tan olgan edi. Rossiyada ularning faoliyati rasman taqiqlangan. Bungacha FBK «xorijiy agent» maqomini ham olgan edi. 

Navalniy shtab-kvartirasi «ekstremistik tashkilot» deb tan olinganidan keyin uning filiallari sobiq rahbarlariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi, ularning uylarida tintuvlar o‘tkazildi. Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng esa ularga nisbatan Rossiya armiyasini «obro‘sizlantirish» moddasi bo‘yicha yangi jinoiy ishlar qo‘zg‘atildi. 

Aleksey Navalniy hozirda «firibgarlik» va «sudga hurmatsizlik» moddalari bo‘yicha 9 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda. 

Mavzuga oid