O‘zbekiston | 07:34 / 23.12.2021
27452
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston xalq artisti Shermat Yormatov vafot etdi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekiston xalq artisti, taniqli kompozitor va dirijyor Shermat Yormatov 82 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar bermoqda.

Shermat Yormatov 1939 yil Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. Toshkent davlat konservatoriyasini xor dirijyorligi mutaxassisligi bo‘yicha tugatgan (1967). Toshkent shahridagi 99-o‘rta maktabda musiqa o‘qituvchisi va “Boychechak” xor studiyasining rahbari (1962-82) bo‘lgan.

Shuningdek, u O‘zteleradioda xor jamoasi dirijyori (1967-70), “Bulbulcha” bolalar xorining badiiy rahbari va bosh dirijyori (1971) sifatida ishlagan.

1970 yillar o‘rtasidan boshlab Shermat Yormatov o‘zbek bolalar qo‘shig‘i hamda xor san’atiga bag‘ishlangan doimiy “Qo‘shig‘im - jon qo‘shig‘im” teleko‘rsatuvlarini olib borgan. “Sog‘lom avlod uchun”ordeni bilan mukofotlangan (1994), O‘zbekiston xalq artisti (1997).

“Shermat Yormatov o‘zbek bolalar xorining eng faol targ‘ibotchisi, kuyinchak rahbar, “Qo‘shig‘im, jon qo‘shig‘im”, “Birgalikda kuylaymiz”, “Do, re, mi, fa, sol”, “San’at g‘unchalari” kabi qator ko‘rsatuvlar orqali butun respublika bolalariga musiqadan tahsil bergan muallim sifatida yodimizda qoladi”, deyiladi vazirlik xabarida. 

Kun.uz san’atkorning vafoti munosabati bilan uning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya izhor etadi.