07:49 / 24.12.2021
2979

Xorijiy sarmoyalarni jalb qilgan holda loyihalarni amalga oshirish tartibiga o‘zgarishlar kiritildi

Prezidentning «O‘zbekiston prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Foto: Paul Yeung / Bloomberg

Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Nizom 1-1-«Loyiha konsepsiyasi» ilovasi hamda 1-2-«Davlat tashqi qarzi hisobiga loyihalarni amalga oshirish tartibi sxemasi» ilovasi bilan to‘ldirildi.

Hukumat komissiyasi tushunchasi kiritildi. Hukumat komissiyasi prezidentning PF-6042-son farmoni bilan tashkil etilgan Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasi hisoblanadi.

Quyidagilarga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi: xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari (XMI/XHMT) bilan hamkorlik qilish strategiyalarini (dasturlarini) tayyorlash hamda yangi loyihalarni ishlab chiqish tartibiga; loyihaoldi hujjatlarini tayyorlash va ko‘rib chiqish tartibiga; loyihani amalga oshirish (muvofiqlashtirish) guruhini (LAOG) tashkil etish tartibiga; XMI/XHMT ishtirokida loyihalar amalga oshirilishini monitoring qilish tartibiga.

Loyiha tashabbuskori har yili 1 fevralga qadar Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligiga keyingi 3 yilda amalga oshirish uchun taklif etilayotgan istiqbolli loyihalar ro‘yxatini hamda ularning konsepsiyalari va maqsadli matritsalarini belgilangan shaklda davlat va ingliz tillarida taqdim etadi.

Davlat tashqi qarzlari hisobidan moliyalashtiriladigan har bir loyihaning loyihaoldi baholanishi o‘tkazilgandan so‘ng agentlik ularning ustuvorlik jihatini inobatga olib, zarurat bo‘lganda: malakali konsultant va ekspertlarni jalb qilgan holda loyihaoldi baholashni o‘tkazadi va ularni amalga oshirish ketma-ketligini shakllantiradi; har yili 1 martga qadar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga loyihalarning yakuniy ro‘yxatini kelishish uchun taqdim etadi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga har yili 1 aprelga qadar davlat tashqi qarzi hisobiga amalga oshirish taklif etilayotgan va istiqbolli loyihalarning jamlanma ro‘yxatini shakllantiradi hamda uni loyihalar tashabbuskorlariga, Moliya vazirligiga hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga kelishish uchun kiritadi.

Ro‘yxat hamda unga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar komissiya tomonidan tasdiqlanadi. XMI/XHMT bilan hamkorlik qilish strategiyalariga (dasturlariga) kiritilmagan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qarorlar prezident bilan kelishgan holda komissiya tomonidan qabul qilinadi.

Agentlik XMI/XHMTning investitsiya loyihasini tayyorlash va baholash missiyalarida qatnashadi, dastlabki baholash hujjatini XMI/XHMT uslubiyotiga muvofiq (XMI/XHMTning shunday uslubiyoti mavjud bo‘lganda) tayyorlashda loyiha tashabbuskoriga o‘zining xulosa va takliflarini taqdim etadi.

Loyihani dastlabki baholash hujjati asosida loyiha tashabbuskori XMI/XHMTning qoida va tartib-taomillariga muvofiq hamda XMI/XHMT bilan birgalikda XMI/XHMT tomonidan qabul qilingan uslubiyotga hamda agentlik bilan kelishilgan texnik topshiriqlarga muvofiq loyihaning TIAsini ishlab chiqadi. Agentlik loyihani oqilona joylashtirish va amalga oshirishning eng samarali texnik, tashkiliy va iqtisodiy yechimini tanlashni belgilashda loyiha tashabbuskoriga o‘zining xulosasi va takliflarini taqdim etadi.

LAOGni loyiha rahbari boshqaradi, u loyiha tashabbuskori tomonidan Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, zarurat bo‘lganda, XMI/XHMT bilan kelishib lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.

Agentlik Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda LAOG ish samaradorligini loyihaning tasdiqlangan texnik-iqtisodiy parametrlari bajarilishi va kredit mablag‘lari maqsadli ishlatilishi yuzasidan yil yakunlariga ko‘ra baholaydi va uning natijalari asosida mas’ul xodimlarni rag‘batlantirish, intizomiy javobgarlikka tortish yoki egallab turgan lavozimdan ozod etish bo‘yicha loyiha tashabbuskoriga xulosa kiritadi.

Agentlik loyihani amalga oshirish davrida har yil yakuni bo‘yicha loyihaning maqsadli ko‘rsatkichlari matritsasi monitoringini yuritadi va natijadorligini baholab boradi. Agentlik Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda belgilangan tadbirlarni asossiz ravishda o‘z vaqtida bajarmagan qarz oluvchi tashkilotlarning birinchi rahbarlari ish haqining 30 foizigacha miqdorda ushlab qolinishi yoki ularga nisbatan intizomiy choralar ko‘rish yuzasidan prezident administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.

Top